www.ziyouz.com kutubxonasi
155
— Mumkin bo‘lganda nima hodisa yuz beradi? — dedi Tengiz. — Yana o‘sha kun, yana
o‘sha tun.
— Ha, ana endi o‘zingizga keldingiz. Siz «olam kitobini yanglish o‘qiymiz», deb
turibsiz. Holbuki, aslida hammasi yanglish tuzilgan. Dunyo asli makr poydevoriga
qurilgan imorat.
— Sizdan bunday gap eshitish menga g‘alati tuyul-yapti, — dedi Tengiz. — Biz,
sharqliklarda makkor-lik — ojizlar ishi, deyiladi. Siz dunyoni ojiz qilib qo‘yyapsiz.
— Ha. Siz ana shu ojizlikdan foyda ko‘rmaysizmi?
— Men?
— Ha, aynan siz va sizning hamtovoqlaringiz.
— Bizga xos olam bilan, siz yashayotgan olam bir xil falsafaga, bir xil hayot qonuniga
bo‘ysunmaydi.
— Bilaman. Siz «insonlar taqdirini faqat biz hal etishga haqlimiz», deb da’vo qilasiz.
Hech mahal itbaliq osmonga ustun bo‘ladimi? Hatto nahangning qo‘lidan kelmaydi bu
ish. Fikrimga qo‘shilasizmi?
— Qo‘shilmasdan bo‘lak ilojim yo‘q. Qo‘li kishanlangan odam bilan ozod odam teng
emas-ku axir?
— Deylik, kishan mening qo‘limda, siz esa ozodsiz. Hayot uchun nima o‘zgaradi?
Xuddi kun bilan tun almashganday bo‘lmaydimi? Shunday ekan, olam kitobi ustida bosh
qotirib, bahslashmaylik. Nima deysiz?
— To‘g‘ri. Har holda bir o‘g‘ri bilan falsafa bobida bahslashaman, deb kelmagandirsiz.
Bu yerda gaplashayotganingizga qaraganda, jiddiy masala borga o‘xshaydi.
— Siz uchun jiddiy tuyulishi mumkin. Aslida esa unday emas. Biz sizga, yana yayrim
do‘stlaringizga, — yigitning bu safar «hamtovoqlaringiz» o‘rniga «do‘stlaringiz» deganiga
Tengiz ahamiyat berib, yanada sergak tortdi, — hamkorlikni taklif etmoqchimiz.
— O‘g‘rilarning qonuni hukumat bilan hamkorlikka yo‘l bermaydi, buni bilmaysizmi?
— Bu gaplarni qo‘ying, knyaz. Qonunni o‘zgartirish mumkin yoki umuman
bo‘ysunmaslik ham mumkin. Biz o‘rtaga juda ko‘p narsa tikkanmiz siz ozod bo‘lasiz,
boylikka erishasiz, istagan chet mamlakatga bemalol chiqib ketasiz.
— Ha, ko‘nga zo‘r narsalar tikdingiz. Yutib olish uchun nima qilishim kerak?
— Siz avval roziligingizni bering. Qolganini keyin gaplashamiz.
— Aytaylik, rozi bo‘ldim...
— Meni «aytaylik...» qanoatlantirmaydi. Menga mard o‘g‘rining gapi kerak.
— Mard o‘g‘rining... ko‘zlari ochiq bo‘ladi. Baland minoraga chiqib olib ko‘lmakka kalla
tashlamaydi. Daryogami, dengizgami boshlab bormasangiz ham, hech bo‘lmasa uzoqdan
ko‘rsating, ma’qul kelsa sho‘ng‘ishga tayyorlanaylik.
— Uzoqdanmi? Ha, uzoqdan ko‘rsatishimiz mumkin. Sizning tog‘liqlaringiz bir vaqtlar
yoppasiga ko‘chirilganlar. O‘ttiz besh yildan beri ezilib yashaydilar. Hozir ular
yashayotgan yerning egalari ularga qarshi zulm tayyorlayaptilar. Siz sheriklaringiz bilan
ularni himoya qilasiz.
Bu mavhum gapni eshitib Tengiz o‘ylanib qoldi, «Murik»ning aytganlarini esladi. Yigit
javob ber, deb shoshiltirmadi. Tengiz tog‘liqlar kim ekanini, qaerda zulm
tayyorlanayotganini fikran aniqladi. Zulm yerliklar tomonidan emas, boshqa tomondan
hozirlanayotganini ham fahmladi-da:
— Hukumat himoya qila olmaydimi? — deb so‘radi.
— Hukumat aralashgunicha sizlarning himoyangiz kerak bo‘ladi. Xalqaro vaziyat og‘ir
hozir. Birdaniga biz aralashsak, katta milliy shov-shuv bo‘ladi. Darrov chet el burnini
suqmoqchi bo‘ladi.
— Shov-shuv deng? Men esa inglizlarning maqolini esladim.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |