www.ziyouz.com kutubxonasi
47
ularning qonun-qoidalari-yu, tuzumlari daxl qilmaydi deb ishongandim. Barchalaringizni asfalasofilinga
jo‘natib, o‘zim xon, ko‘lankam maydon bo‘lib yashasam bo‘laverardi.
— Lekin teskari bo‘lib chiqdi.
— Ha. Raketa yonida beshalasini yer tishlatganimda butunlay yangilana olmaganimni, haqiqiy
marslik bo‘lolmaganimni angladim. Yerda senga yopishgan balodan osonlikcha qutulib bo‘lmas ekan.
Lekin men endi ikkilanmay qo‘ydim. Men hammangizni bitta qo‘ymay o‘ldiraman. Bu navbatdagi
ekspeditsiyani jo‘natishni kam deganda besh yilga surib yuboradi. Bizning raketamiz yagona, boshqa
bunaqasidan yo‘q. Yerda bizdan bir yil, bo‘lmasa ikki yil yangiliklar kutishadi va biz haqimizda ular
hech narsa bilolmagach, ularga yangi ekspeditsiyani tayyorlash juda qimmatga tushadi. Raketani ikki
barobar katta qilib ishlaydilar, yangi omadsizliklardan saqlanish uchun yuzlab ortiqcha omilkor
konstruktsiyalar qiladilar.
— Hisob-kitobingiz chakki emas.
— Bordi-yu, siz yaxshi xabarlar bilan qaytib borsangiz, bu Marsga ommaviy bostirib kelishni
tezlashtiradi. Shunda, xudo xohlasa, oltmish yoshgacha yashayman-da, har bir yangi ekspeditsiyani
qarshi olaveraman. Har gal bittadan ortiq raketa yuborishmaydi — u ham yilda bir marta va ekipaj
yigirma kishidan ortiq bo‘lmaydi, men, albatta, ular bilan do‘stlashib olaman, raketamiz to‘satdan
portlab ketdi deyman, — men buni sizlarni biryoqlik qilib olgach, shu hafta ichidayoq portlataman,
keyin esa ularning o‘zlarini yo‘q qilib yuboraman. Shu bilan yarim asrcha Marsni omon saqlab
qolaman; yerliklar, ehtimol, ortiq urinmay qo‘yishadi. Tinmay yonadigan va tushib turadigan
tseppelpilar qurilishiga odamlar qanday sovuqqonlik bilan qaragani esingizdadir?
— Hammasini miridan-sirigacha o‘ylabsiz, — iqror bo‘ldi kapitan.
— Xuddi shunday.
— Bir narsadan tashqari: bizlar juda ko‘pmiz. Bir soatdan keyin halqa yopiladi. Bir soatdan keyin siz
murdaga aylanasiz.
— Men yerosti yo‘llarini ko‘rdim va shunday mustahkam bombapanalarni ko‘rdimki, siz ularni ikki
dunyoda ham topolmaysiz. O’sha yoqqa boraman, bir necha hafta o‘tiraman. Sizning sabr kosangiz
to‘ladi. Shunda men chiqaman-da, sizlarni yana bittama-bitta narigi dunyoga jo‘nataveraman.
Kapitan bosh irg‘adi.
— Menga o‘zingizning bu yerdagi tamadduningiz haqida so‘zlab bering, — dedi u qo‘li bilan tog‘
qishloqlari tomonni ko‘rsatib.
— Ular tabiat bilan hamjihatlikda, dorilomon yashashgan. Odam bilan inson o‘rtasida chegara
o‘rnatish uchun juda haddilaridan oshib ketmaganlar. Darvin paydo bo‘lganda biz shunday xatoga yo‘l
qo‘yganmiz. Bizda keyin nima bo‘lgan edi: avvaliga suyundik, uni ham, Gekslini ham, Freydni ham
quchog‘imizga mahkam bosib olmoqchi bo‘ldik. Keyin to‘satdan ma’lum bo‘ldiki, Darvin bizning
dinimiz bilan hech ham chiqisholmas ekan. Nima bo‘lganda ham bizga shunaqa tuyulgandi. Lekin bu
ahmoqlik-ku, axir! Darvin, Geksli, Freydning bir oz tanobini tortib qo‘ymoqchi bo‘ldik. Ular osonlikcha
bo‘y berishmadi. Shunda biz dinning dabdalasini chiqarishga kirishdik. Bu ishni do‘ndirdik ham.
Iymondan ayrildik va hayot mazmuni ustida bosh qotira boshladik. Agar san’at — bor-yo‘g‘i
qoniqmagan ehtiroslar ifodasi, agar din — o‘z-o‘zini aldashgina bo‘lsa, unda biz nega yashaymiz?
Iymon hamma narsaga javob topib bersin! Lekin Darvin va Freyd kelishi bilan u naychaga kirib ketdi.
Inson zoti shu adashganicha qolib ketdi.
— Marsliklar-chi, to‘g‘ri yo‘lni topib olishgandir, hoynahoy? — surishtirdi kapitan.
— Ha. Ular fan bilan dinni shunday uyg‘unlashtirib yubora oldilarki, ular bir-birini inkor etmadilar,
balki bir-birlariga yordam berib, boyitdilar.
— Hech aql bovar qilmas hol!
— Xuddi shunday bo‘ldi ham. Buning amalda qanday bo‘lganini sizga juda-juda ko‘rsatgim
kelayapti.
— Odamlarim meni kutib turishibdi.
— Yarim soatgina shoshmay turing. Ularga aytib qo‘ying, ser.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |