www.ziyouz.com kutubxonasi
44
badani qalt-qalt titray ketdi. Titragani shunchalik ediki, sal bo‘lmasa qulab tusha yozdi. Uning yuzi
gipnozdan keyingi yoki g‘alati tush ko‘rib uyg‘ongan odamning yuziga o‘xshab ketar edi. Titrog‘ini
bosish uchun u o‘tirib oldi.
— Bas qil! Hoziroq! — buyurdi o‘z vujudiga.
Har bir hujayrasi qaqshab titrar edi.
— Bas qil dedim!
Eng so‘nggi titroqni ham siqib chiqarib tashlash uchun u a’zoyi-badanini iroda iskanjasi bilan qattiq
qisdi. Endi qo‘llari itoatkor tizzalari uzra tinchgina yotar edi.
U o‘rnidan turdi va shoshmaygina ortmoqlangan oziq-ovqatli xaltachasini orqasiga qulayroq joylab
oldi. Bir lahzagina uning qo‘llari yana titrab ketdi, biroq Spender juda qat’iy ravishda: “Yo‘q!” deb
buyruq berdi va titroq o‘sha zahoti o‘tib ketdi. So‘ng bitta-bitta odimlab cho‘g‘dek qizil qoyalar orasida
bir o‘zi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Olov purkagan quyosh tobora yuqoriga o‘rlab borardi. Bir soatdan keyin kapitan nonushta qilgani
raketa ichidan chiqib keldi. U fazogirlar bilan salomlashish uchun og‘iz ochmoqchi ham bo‘lgan ediki,
havoda to‘pponcha tutunining yengil hidini payqab, to‘xtab qoldi. Qarasa, oshpaz gavdasi bilan
gulxanni qoplab yerda yotibdi. To‘rttala fazogir esa sovib qolgan nonushta oldida o‘tirardi.
Trapdan Parkxill va yana ikki odam tushib keldi. Kapitan ularning yo‘lini to‘sib turar ekan, ko‘zlarini
stolda unsiz o‘tirgan odamlardan, ularning gavdalarini g‘alati tutib turishlaridan ololmayotgan edi.
— Hamma odamlarni yig‘ing! — buyruq berdi kapitan.
Parkxill kanal yoqalab yugurib ketdi.
Kapitan qo‘li bilan Cherokini turtdi. Cheroki asta bukildi-da, stuldan yiqilib tushdi. Quyosh
nurlaridan uning qattiq sochlari va yuzi yorishib ketdi.
Ekipaj to‘plandi.
— Kim yo‘q?
— Yana o‘sha Spender yo‘q. Biggsni kanaldan topolmadik.
— Spender!
Kapitan uchlari quyoshli osmonga qadalgan tog‘larga qarab qo‘ydi. Quyoshda uning tirjaygan
tishlari charaqlab ketdi.
— Jin ursin uni, — horg‘in dedi kapitan. — Nega u mening oldimga kelmadi, u bilan o‘zim
gaplashib qo‘yardim.
— Yo‘q, u bilan men gaplashib qo‘yardim! — qichqirdi Parkxill ko‘zlari g‘azabdan chaqnab. —
Boshini yorib, miyasining qatig‘ini chiqarardim.
Kapitan Uaylder boshi bilan imlab ikkalasini chaqirdi.
— Belkuraklarni olinglar, — dedi u. Jaziramada yer kavlash o‘limdan qiyin edi. Qurib qolgan
dengizdan issiq shamol esar, yuzga changni keltirib urar edi, kapitan bo‘lsa, Injilni varaqlardi. Biroq u
kitobni yopdi va belkuraklardan matoga o‘ralgan badanlarga qum ohista shuvullab to‘kila boshladi.
Ular raketa oldiga qaytib borishdi, vintovkalarining zatvorlarini sharaqlatishdi, kamarlariga orqadan
granatalar bog‘lab olishdi, to‘pponchaning g‘ilofdan oson sug‘urib olinishini tekshirib ko‘rishdi. Har bir
kishiga tog‘ning ma’lum bir joyi ajratilgan edi. Kapitan kim qayoqqa borishini aytib turdi, u ovozini
ko‘tarmas, qo‘llari holsiz osilib turardi, qo‘llarini deyarli qimirlatmas edi.
— Ketdik, — dedi u.
Spender vohaning turli chekkalarida chang bulutlari ko‘tarilishini ko‘rib turardi va ta’qib barcha
qoidalarga binoan boshlanganini tushundi. U o‘qib turgan yassi kumush kitobini qo‘ydi-da, katta tosh
ustiga joylashib o‘tirib oldi. Kitob sahifalari papiros qog‘ozidek nafis, qo‘lda zarhal va qora chiziqlar
bilan ishlangan suratli kumush varaqlardan iborat edi. Bu o‘n ming yil ilgarigi, ular uncha katta
bo‘lmagan mars qishlog‘ining bir villasida topgan falsafiy risola edi. Spender kitobdan ajralgisi
kelmasdi.
U hatto avvaliga: “Arzirmikan? Nima bo‘lsa bo‘ldi, ular kelib meni o‘ldirmagunlaricha o‘tirib, Injil
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |