www.ziyouz.com kutubxonasi
36
Spender go‘yo o‘lik pahlavonga qurbonliq keltirayotgandek olov og‘ziga paydar-pay shoxlar tashlar
edi. Ular kelib qo‘ngan sayyora ulkan qabriston ekan. Bu yerda butun bir tamaddun halokatga
uchragan. Oddiygina izzat-ikrom u yerda loaqal birinchi kunda o‘zini odobli tutishni talab etar edi.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Kelib qo‘nganimizni nishonlamasak bo‘lmaydi! — Gibbs kapitan
Uaylderga yuzlandi. — Xo‘jayin, bir nechta jin bankasi va go‘sht konservasini ochib, ozgina tamaddi
qilib olsak yomon bo‘lmasdi.
Kapitan Uaylder ulardan bir milcha narida yastanib yotgan o‘lik shaharga qaradi.
— Hammamiz charchaganmiz, — dedi u parishonxotir, go‘yo shaharning o‘tmishi qa’riga cho‘mib,
o‘z odamlari haqida butunlay unutib yuborgandek. — Yaxshisi, ertaga kechqurun nishonlaymiz.
Buguncha mana bu la’nati kenglikdan bu yergacha yetib kelganimiz va hammamizning to‘rt
muchalimiz sog‘ligi, raketa badanida esa meteoritdan bitta ham teshik tushmaganligi o‘zi yetarli.
Fazogirlar gulxan atrofida depsinar edilar. Ular o‘n ikkita edilar, kim o‘rtog‘ining yelkasiga qo‘lini
qo‘yib turar, kim kamarini to‘g‘rilar edi. Spender ularni jim kuzatib turardi. Ular norozi edilar, ular
buyuk ishga hayotlarini garov qo‘ygan edilar. Endi ular bo‘kib ichishni, vadavang qo‘shiq aytishni,
o‘zlarining qanchalik abjir yigitlar ekanini — kosmosni teshib o‘tib, raketani Marsga haydab
kelganlarini bildirib qo‘yish uchun dunyoni boshlariga ko‘tarib shovqin solishni istar edilar. Marsga-ya!
Lekin hozircha hamma sukut saqlardi.
Kapitan past ovozda buyruq berdi. Fazogirlardan biri yugurib borib, raketadan konservalar olib
keldi va ularni ochib, ortiqcha shovqin-suronsiz tarqatishdi. Asta-sekin odamlar gapga kirisha
boshladi. Kapitan o‘tirdi va parvoz haqida qisqacha tushuntirish berdi. Ular hamma narsani bilar
edilar, ammo hammasi orqada qolganini, ish muvaffaqiyatli nihoyasiga yetganini eshitish va idrok
etish yoqimli edi. Qaytib ketish yo‘li haqida hech kim gapirishni istamasdi. Kimdir bu haqda og‘iz
ochmoqchi ham bo‘ldi, ammo o‘sha zahoti uning unini o‘chirishdi. Oydinda qoshiqlar yalt-yult qilardi;
taom g‘oyat mazali tuyulardi, musallas esa undan ham mazaliroq edi. Osmonda alanga yilt etdi va
zum o‘tmay ularning qo‘nalg‘asidan sal nariga yordamchi raketa kelib qo‘ndi. Spender kichikkina lyuk
ochilganini va undan Xeteuey, vrach va geolog tushganini ko‘rdi; — raketadagi joyni tejash
maqsadida ekspeditsiyaning har bir ishtirokchisi ikkitadan mutaxassislikka ega edi. Xeteuey
shoshmasdangina kapitanning oldiga keldi.
— Xo‘sh, u yerda nima gaplar? — so‘radi kapitan Uaylder.
Xeteuey yulduzlar yog‘dusida miltillayotgan uzoqdagi shaharlarga qaradi. So‘ng tomog‘iga kelib
tiqilgan narsani yutdi-da, Uaylderga nigohini oldi:
— Hov anovi shahar o‘lik, kapitan, necha ming yillardan beri o‘lik. Tog‘lardagi uchta shahar kabi.
Lekin bu yerdan ikki yuz mil naridagi beshinchi shahar...
— Xo‘sh?
— O’tgan haftada u yerda odamlar yashar edilar.
Spender o‘rnidan turdi.
— Marsliklar, — qo‘shib qo‘ydi Xeteuey.
— Hozir ular qaerda?
— O’lgan, — dedi Xeteuey. — Men bir uyga kirgan edim. Bu ham shahardagi boshqa uylar kabi
ko‘p asrlar muqaddam tashlab qo‘yilgan deb o‘yladim. Osmoniy kuchlar, u yerdagi murdalarning
ko‘pligi! Xuddi kuzgi yaproqlardek taxlanib yotibdi! Xuddi quruq poyalardek va yongan qog‘oz
bo‘laklaridek. Ulardan faqat shulargina qolgan, xolos. Ular yaqin-yaqindagina, uzog‘i bilan o‘n kun
avval o‘lganlar.
— Boshqa shaharlarda-chi? Bitta-yarimta tirik jonni ko‘rgandirsiz, axir?
— Bitta ham ko‘rganim yo‘q. Shundan keyin men yana bir nechtasini tekshirib ko‘rdim. Beshtadan
to‘rtta shahar ko‘p ming yillar avval tashlab qo‘yilgan. Ularning aholisi qaerga ketganini hech tasavvur
qilolmayman. Har besh shahardan bittasida ahvol shu. Jasadlar. Minglab jasadlar.
— Nimadan o‘lganlar bular? — Spender yaqinroq keldi.
— Aytsam, ishonmaysiz.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |