www.ziyouz.com kutubxonasi
34
— xayol surishda davom etdi kapitan Jon Blek, — aslida uyda hamma narsa boshqacha, marsliklar
didiga qarab tuzilgan, biroq mening orzularim va xohishlarimga qarab ish tutgan marsliklar shunday
nayrang ishlatishganki, go‘yo men o‘z jonajon shahrimni, o‘z uyimni ko‘rib turgandekman. Agar
odamning ko‘ngliga shubha urug‘ini sepib, uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lsang, uning o‘z otasi va
onasidan ham yaxshiroq ilmoqni topib bo‘lar ekanmi?
Hali mening ekipajimdan birontasi ham dunyoga kelmagan 1926 yildagi eski ko‘hna bir shaharcha!
Men 6 yoshda ekanligimda, darhaqiqat Garri Loder qo‘shiqlari yozilgan plastinkalar urf bo‘lgan edi,
uylarda Maksfil Parrish suratlari osilib turardi, munchoqli pardalar bo‘lardi, “Ajoyib Ogayo” qo‘shig‘i
aytilardi va XX asr boshlari me’morchilik binolari qad ko‘tarib turardi. Bordi-yu, marsliklar shahar
haqidagi barcha tasavvurlarni mening shuurimdan sug‘urib olgan bo‘lsalar-chi? Axir aytadilar-ku,
bolalik tasavvurlar hech qachon eskirmaydi, deb. Mening tasavvurlarim bilan shahar qurib, ular bu
shaharni raketa ekipajining barcha a’zolari xotirasida yashovchi qarindosh-urug‘lari va yaqinlari bilan
to‘ldirib qo‘yishgan!
Faraz qilaylik, qo‘shni xonada uxlab yotgan ikki odam hech ham mening otam va onam emaslar,
marsliklar esa shunchalik zehndor bo‘lishadiki, meni gipnoz ortida har doim tutib turishga ularning
tob-toqatlari chidamaydi, axir...
Mana bu duxovoy orkestr-chi! Qanday g‘aroyib, hayratomuz reja! Avval Lyustigning, orqasidan
Xinkstonning boshini qotirib, keyin xaloyiqni haydab kelish; fazogirlar o‘n, yigirma yil avval o‘lgan
otalarini, onalarini, xolalarini, qayliqlarini ko‘rganlarida ularning dunyodagi hamma narsani unutib
yuborishlari, buyruqni unutib yuborishlari, kemadan otilib chiqib, uni tashlab ketishlari ajablanarli
emasmi? Bu yerda nima tabiiyroq bo‘lishi mumkin? Bu yerda qanday shubhalar bo‘lishi mumkin?
Barchasi juda oddiy: kimki kavlashtira boshlasa, qarshisida tirilgan onasini ko‘rib, savollar bera
boshlasa, — axir baxtdan lol, karaxt bo‘lib qolishi hech gap emas-da. Mana sizga natijasi: hammamiz
turli uylarga tarqab ketdik, karavotlarda yotibmiz, qurollarimiz yo‘q, hech narsa bilan o‘zimizni himoya
qilolmaymiz, raketa ham oydinda tashlandiq holda turibdi. Agar bizlarni bir-birimizdan ajratib bitta
qo‘ymay qirib tashlashni o‘ylagan bo‘lsalar, marsliklarning bu riyokorona rejalarini tasavvurga
keltirishning o‘ziyoq odamni har narsa qilib qo‘ymasmikan? Balki qoq yarim tunda men bilan yonma-
yon yotgan mana bu akam birdan o‘zgarib qolsa, qiyofasi butun borlig‘i boshqacha shaklga kirsa va
adovatli, qo‘rqinchli yovvoyi bir maxluqqa aylanib qolsa, bu uning marslik bo‘lib qolganini bildiradimi,
axir bundan battarroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Yotgan joyida men tomon burilib, qoq yuragimga
pichoq sanchish uning uchun gap bo‘libdimi? Qolgan boshqa barcha uylardagi o‘n-o‘n beshta aka-uka
va otalar ham ana shunday o‘zgarib, qo‘llariga pichoq olib hech narsadan tap tortmay uxlab yotgan
yerliklarni ana shunday so‘yib tashlashsa...
Jon Blekning qo‘llari adyol ostida titrab ketdi. Uning eti junjikdi. To‘satdan bu haqiqatga aylandi-yu,
uning vujudini dahshatli qo‘rquv qamradi.
U turib o‘tirdi-da, quloq sola boshladi. Atrofda tiq etgan tovush yo‘q. musiqa tingan. Shamol tindi.
Yonida akasi dong qotib uxlab yotibdi.
U ohista adyolni ustidan oldi. Sirg‘alib pastga tushdi va tovush chiqarmaygina eshik tomon yurdi.
Shu payt akasining ovozi qulog‘iga chalindi:
— Qayoqqa?
— Nima?
Akasining ovozi badanni teshib o‘tgudek bo‘ldi.
— Biron uzoqroq yoqqa bormoqchimisan?
— Suvga.
— Suvsaganing yo‘q.
— Suvsadim, nega suvsamas ekanman.
— Yo‘q, suvsaganing yo‘q.
Katta Jon Blek shiddat bilan yugurib ketdi. U qichqirdi. U ikki marta qichqirdi.
U eshikkacha yetolmadi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |