www.ziyouz.com kutubxonasi
33
— Hammasini birdaniga ko‘tara olarmikinman? — dedi kapitan. — Charchoqdan jonim chiqqudek
bo‘lib turibdi. Bir kunda shuncha voqea! Xuddi jala ostida soyabonsiz va yomg‘irpo‘shsiz ikki kecha-
kunduz turgandek sillam qurigan. Taassurotlarim suyak-suyagimgacha singib ketgan...
Edvard qo‘llarini har tomonga keng yoygancha katta va oppoq choyshabni to‘shadi va urib
shishirdi. So‘ng derazani ochdi. Xonaga yosumanning tungi xushbo‘y hidi oqib kirdi. Oy pirpirab
turardi, uzoq-uzoqlardan raqs musiqalari va bosiq ovozlar quloqqa chalinardi.
— Mana, ko‘rdingmi, Mars qanaqa! — dedi kapitan yechinar ekan.
— Ha, shunaqa. — Edvard sekin yechindi, qo‘ylagini boshidan shoshmaygina tortib oldi, oftobda
qizargan keng yelkalari, mushakdor bo‘yni ko‘rindi. Chiroq o‘chirildi. Ana, ular 30 yilmi, 40 yilmi
oldingidek yana karavotda yonma-yon yotishibdi. Kapitan yosuman hidi tutgan havoni huzur qilib
ichiga tortgancha, tirsagiga suyanib turib o‘tirdi. Daraxtlar orasidagi maysazorda kimdir patefon
qo‘ydi. Undan “Har doim” degan kuy yangray boshladi.
Blek Merlinni esladi.
— Merlin ham shu yerdami?
Akasi derazadan tushib turgan to‘rtburchak oy nurida chalqancha tushib yotar edi. U hadeganda
javob bermadi.
— Ha, — bir oz taraddudlanib qo‘shib qo‘ydi. — Hozir shaharda emas, u ertaga ertalab bo‘ladi.
Kapitan ko‘zlarini yumdi.
— Men Merlinni juda ham ko‘rgim kelayapti.
Jimjit xonada ularning nafaslarigina eshitilib turardi.
— Yaxshi yotib tur, Ed.
Jimlik.
— Yaxshi yotib tur, Jon.
Kapitan fikrlariga erk berib huzur qilib yastandi. Shundagina bugungi zo‘riqish uning vujudidan
sitilib chiqib ketdi va u nihoyat odamlardek mushohada qilish imkoniga ega bo‘ldi. Qayoqqa
qaramasin, asabiylashgan odamlar. Quloqni qomatga keltirgan orkestr ovozi. Qarindosh-urug‘larning
tanish basharalari... Ammo endi...
“Qanday qilib? — ajablanardi u. — Bularning bari qanday qilib bo‘ldi ekan? Nima uchun? Kim
uchun? Bu nima? — ilohiy ro‘yoning so‘z bilan ifodalab bo‘lmas farog‘atimi? Nahotki xudo rostdan
ham o‘z bandalari deb shunchalar kuyib-pishsa? Qanday qilib, nima uchun, kim uchun?”
Xinkston va Lyustig kunduzi, dastlabki taassurotlar ta’siri ostida unga taklif qilgan nazariyalarni
tarozuga solib ko‘rdi. So‘ng erinchoqlik bilan turli yangi taxminlarni o‘zining teran farosati qa’riga
toshchalar kabi bir-bir tashlagancha, obdon fikr elagidan o‘tkazdi, shunda uning shuurida allaqanday
yorqin tushunchalar miltillab ko‘zga chalina boshladi. Oyisi. Otasi. Edvard. Mars. Yer. Mars. Marsliklar.
Qiziq, ming yil oldin Marsda kim yashagan ekan? Marsliklarmi yoki har doim bugungidek
bo‘lganmi?
Marsliklar. U past ovozda o‘zicha shu so‘zni bir necha bor takrorladi.
To‘satdan u qah-qah urib kulib yuborayozdi. Kutilmaganda miyasiga o‘taketgan bema’ni fikr kelib
qoldi. Badanidan sovuq ter chiqib ketdi. He-yo‘q, bu bo‘lmag‘ur narsa, albatta. Hech ham bo‘lishi
mumkin emas. Puch gap. Miyangdan chiqarib tashla bu gaplarni, g‘irt kulgili.
Baribir ham... Agar taxmin qilsang! Ha, Marsda faqat marsliklar yashashini taxmin qilsagina.
Ularning kemamiz yaqinlashib kelayotganini, uning ichida bizning o‘tirganimizni ko‘rishganini tasavvur
qilsa... Yana deylik — shunchaki qiziq uchun — chaqirilgan mehmonlarni bosqinchilar sifatida yo‘q
qilib yuborishga ahd qilishganini, buni ham juda ustamonlik bilan, chaqqonlik bilan, bizning
xushyorligimizni bir pulga chiqarib, uddalashlarini tasavvur qilsa. Ko‘rdingizmi, atom quroli bilan
qurollangan yerliklarga qarshi marsliklar qanaqa vositalarni ishga solishmaydi.
Buning javobi savolidan ham qiziq edi. Telepatiya, gipnoz, esdaliklar, tasavvurlar.
Faraz qilaylik, bu uylar hech ham haqiqiy emas, karavot ham haqiqiy emas, bular barchasi mening
o‘z tasavvurlarim mahsullari, Mars telepatiyasi va gipnozi yordamida moddiylashtirilgan tasavvurlar,
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |