www.ziyouz.com kutubxonasi
114
— To‘rtta xochni ko‘rdim, ser. Ular bus-butun turibdi. Xato qilmaslik uchun men ularni yozib oldim.
— U oppoq qog‘ozdagi nomlarni bittama-bitta o‘qiy boshladi: — Alisa, Margaret, Syuzen va Jon
Xeteuey. Noma’lum virusdan vafot topganlar. 2007, iyul.
— Rahmat, Uilyamson. — Uaylder ko‘zlarini yumdi.
— O’n to‘qqiz yil avval, ser. — Uilyamsonning qo‘li titrardi.
— Ha.
— Axir bular kimlar?
— Bilmayman.
— Siz o‘zi nima qilmoqchisiz?
— Buni ham bilmayman.
— Boshqalarga aytsak bo‘ladimi?
— Keyinroq. Hech narsa bo‘lmagandek ovqatingizni yeyavering.
— Ortiq bir luqma ham tomog‘imdan o‘tmayapti, ser.
Raketadan keltirilgan sharob bilan qilingan nonushta tugadi. Xeteuey o‘rnidan turdi.
— Sog‘ligingiz uchun. Do‘stlarim bilan yana birga bo‘lishdan xursandman. Xotinim va bolalarim
bilan birga bo‘lishdan ham. — Ularsiz bu yerda men tanholikda o‘lib ketgan bo‘lar edim. Ularning
astoydil qilgan g‘amxo‘rliklari tufayli men bu yerda jon saqlab qoldim va sizlarni kutib olishga
muyassar bo‘ldim.
U qadahni qo‘lida tutgancha o‘z oila a’zolari tomonga o‘girildi. — Ular xijolat ichida unga qarab
turar edilar, qadah ko‘tarilganda esa ular butunlay ko‘zlarini yerga tikib olishdi.
Xeteuey oxirigacha sipqordi. Hatto qichqirishga ham ulgurmay, u yuztuban stol ustiga yiqilib
tushdi-da, yerga ag‘darildi. Bir qancha odam yugurib keldi, uni to‘g‘rilab yotqizib qo‘yishdi. Vrach
egilib, yuragiga quloq soldi. Uaylder vrachning yelkasidan turtdi. U Uaylderga qarab boshini chayqadi.
Uaylder cho‘kkalab o‘tirdi-da, cholning qo‘lidan ushladi.
— Uaylder? — Xeteueyning ovozi bazo‘r eshitilardi. — Men nonushtangizni harom qildim-a?
— Qo‘yavering.
— Men uchun Alisa va bolalar bilan xayrlashib qo‘ying.
— Hozir ularni chaqiray.
— Yo‘q, yo‘q, kerak emas! — Nafasi bo‘g‘ilib shivirladi Xeteuey. — Bular tushunmaydilar. Men ham
ularni tushunishlarini istamayman! Kerak emas.
Uaylder itoat qildi.
Xeteuey jon berdi.
Uaylder anchagacha uning oldidan jilmadi. Nihoyat o‘rnidan turdi-da, Xeteueyni qurshab olgan
hayajonli odamlar oldidan nari ketdi. U Alisaning oldiga bordi, uning yuziga qarab dedi:
— Nima bo‘lganini bilasizmi?
— Erimga bir narsa bo‘ldimi?
— U hozir jon berdi: yurak. — Uaylder ayolning yuziga razm solib tikilib turardi.
— Juda chakki bo‘libdi, — dedi Alisa.
— Yuragingiz achimayaptimi? — so‘radi Uaylder.
— U bizning qayg‘uga botishimizni istamasdi. U qachondir shunday bo‘lishini bizga oldindan aytib
qo‘ygandi va yig‘lamaslikni buyurgandi. Bilasizmi, u hatto bizni yig‘lashga ham o‘rgatmagandi, yig‘lay
olishimizni istamasdi. Odam uchun eng yomon narsa yolg‘izlikni anglash, g‘am va ko‘z yoshi qilishni
bilish derdi. Shuning uchun biz ko‘z yosh to‘kish va qayg‘u degan narsalarni bilmasligimiz kerak.
Uaylder uning yumshoq, issiq qo‘llariga, chiroyli pardozlangan tirnoqlariga, nozik panjasiga razm
soldi. Ingichka, oppoq, uzun bo‘yniga va dono ko‘zlariga qaradi. Oxiri dedi:
— Mister Xeteuey siz va bolalarni ajoyib qilib dunyoga keltirgan.
— Bu so‘zlaringizdan u rosa suyungan bo‘lardi. U bizdan faxrlanardi. Keyin esa hatto bizni dunyoga
keltirganini ham unutib yuborgandi. Bizni sevib qolgan, haqiqiy xotini va bolalari deb bilardi. Ma’lum
ma’noda o‘zi shunday ham.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |