www.ziyouz.com kutubxonasi
112
— Spender esingizdami, kapitan?
— Uni esdan chiqarib bo‘larkanmi?..
— Yilda bir marta uning qabri yonidan o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Oxiri go‘yo u xohlagandek bo‘ldi. U
bizning bu yerga qo‘nishimizga qarshi edi. Endi hamma bu yerni tashlab ketganidan boshi osmonga
yetgan bo‘lsa, ajab emas.
— Anovi-chi... Oti nima edi? Parkxill, Sem Parkxill, unga nima bo‘ladi?
— Sosiskaxona ochib olgan.
— Anovinga o‘xshab-a...
— Bir haftadan keyin esa urush boshlanib qoldi va u Yerga qaytib ketdi. — Xeteuey birdan yuragini
changallagancha toshga o‘tirib qoldi. — Kechirasiz. Hayajonlanib ketdim. Shuncha yillar o‘tib, birdan
sizni uchratib qolganim. Biroz nafasimni rostlab olay.
Uning yuragi qinidan chiqib ketayotgandek his qilmoqda edi o‘zini. U tomirini ushlab ko‘rdi.
Rasvo...
— Bizda vrach bor, — dedi Uaylder. — Xafa bo‘lmang, Xeteuey, bilaman, siz o‘zingiz vrachsiz, lekin
baribir bizning vrach bilan maslahatlashib ko‘ramiz...
Doktorni chaqirishdi.
— Hozir o‘tib ketadi. — Ishonch bilan dedi Xeteuey. — Bu bari kutishdan, hayajondan.
U bo‘g‘ilib, lablari ko‘kardi.
— Bilasizmi, — dedi u vrach uning ko‘kragiga stetoskop qo‘yganida. — Shuncha yillar mobaynida
men go‘yo bugungi kun uchun yashagandekman. Endi esa, siz shu yerdaligingizda meni Yerga olib
ketgani kelishdi, go‘yo menga shundan boshqa narsa kerak emasdek. Endi men yotib, omonatni
topshirsam bo‘laveradi.
— Mang, — doktor unga sariq hapdori berdi. — Bu yerda siz ko‘proq dam olsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Keragi yo‘q. Yana bir oz o‘tiraman-da, tamom. Sizlarni ko‘rganimdan shunchalik xursandmanki!
Yangi ovozlarni eshitgandan o‘zimda yo‘qman.
— Dori foyda berayaptimi?
— Zo‘r. Ketdik!
Ular tepalikka ko‘tarilishdi.
— Alisa, qara, kimni olib keldim! — Xeteuey xo‘mraydi va boshini eshikka suqdi. — Alisa,
eshitayapsanmi?
Xotini paydo bo‘ldi. Izma-iz baland, xushqomat ikkala qizi chiqib keldi, ularning ortidan yanada
novcharoq barvasta o‘g‘li ko‘rindi.
— Alisa, kapitan Uaylder esingdami?
Ayol dudmallandi, xuddi ko‘rsatma kutayotgandek Xeteueyga qaradi, so‘ng jilmaydi.
— Ha, bo‘lmasa-chi, kapitan Uaylder!
— Kechagidek esimizda, missis Xeteuey, biz siz bilan — mening Yupiterga uchib ketishim
arafasida siz bilan birga tushlik qilgan edik.
Ayol uning qo‘lini qizg‘in qisib qo‘ydi.
— Qizlarim Margaret va Syuzen. O’g‘lim Jon. Bolalarim, sizlar, albatta, kapitanni unutmagandirsiz?
Qo‘l berib ko‘rishishlar, kulgi, jonli so‘zlashuvlar.
Kapitan Uaylder burnini cho‘zdi.
— Nahotki zanjabil kulchalari pishayotgan bo‘lsa?
— Yeysizmi?
Hamma harakatga tushdi. Ko‘z ochib-yumguncha yig‘ma stollar qo‘yildi. Pechlardan qaynoq
taomlar olib chiqildi, likopchalar, kumush idishchalar, kimxob sochiqchalar paydo bo‘ldi. Kapitan
Uaylder missis Xeteueyga uzoq qarab qoldi, so‘ng nigohini uning o‘g‘liga va jimgina harakat
qilayotgan bo‘ydor qizlariga oldi. Oldidan lip-lip o‘tayotgan kishilarning yuzlariga qarar, yoshlarning
silliq qo‘llarining har bir harakatiga razm solar, bitta ham ajin tushmagan nafis chehralardagi bironta
ifodani nazardan qochirmasdi. U missis Xeteueyning o‘g‘li olib kelgan stolga o‘tirdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |