www.ziyouz.com
kutubxonasi
25
32
Li oz-moz frantsuzcha bilardi. Umuman olganda, ular bir-birimiz bilan suhbatlashishga
ruxsat berishmasdi, lekin janoza va undan oldingi qonxo‘rlikdan keyin o‘zlarini bizga
yaqin olib, iliq munosabatda bo‘la boshlashdi. «Endi bizning taqdirimiz - bu sizning
taqdiringiz» dedi kunlarning birida jangarilar komandiri, Li ikkovimiz esa bu gapning
ma'nosini chaqishga urindik. Yo ularga nima bo‘lsa, bizga ham o‘sha bo‘ladi, yo ular ham
biz kabi asir bo‘ladilar. Harqalay, endi bizni ilgarigiday qattiq qo‘riqlamaydigan bo‘lishdi,
balki bizning qochishimizdan naf yo‘q, hukumat tinimsiz ravishda havo kuchlari bilan
zarba berib turgan bo‘lsa, bunday sharoitda qochish asir o‘tirishdan ham xavfli deb
o‘ylashgan. Biz birga shaxmat o‘ynashimiz, suhbat qurishimiz mumkin edi, lekin bunda
tansoqchilarimizga fikrimizni sinxronik tarjima vositasida tushuntirardik. Ikkimiz ham
sharoitdami yo komandirlar tafakkuridami, qandaydir bir noxush narsani sezganday
bo‘ldik. Umrimiz kutish bilan o‘tdi. Shukrki, vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan
bombardimonlardan boshqa narsa sodir bo‘lgani yo‘q. Faqat komandir o‘zlarining avvalgi
va hozirgi yurishlarining barcha bayonnomasini ingliz va xitoy tillariga tarjima qilishni
iltimos qilgani yomon bo‘ldi. Ular bizga qalin daftarlarni tutqazishdi, ularda meteorolog
bo‘lgan salaflarimizning havoning darajasi va muzliklar holati bo‘yicha kuzatuvlari aks
etgan. Men bu yozuvlarni tarjima qilarkanman, ular avvalgi yozuvlar kabi qisqartirilgan
holda bo‘lishi kerak edi, shu bois nomlar ham bosh harf bilan yozilmagan. Li
frantsuzchada ancha muvaffaqiyatga erishib, ba'zi so‘zlarnnig ma'nosini mendan
so‘rardi. O'zimni ikki karra asirday his qila boshladim: birinchisi - jangarilar asiri,
ikkinchisi - Lining yaxshi niyatlari asiri.
33
Rostini aytsam, Fiona hayotimni ostin-ustun qilib tashladi. Uni deb tashlab ketgan
to‘garaklarimga ham borolmay qoldim. Bu dunyoda nima ham qilardim? Hatto eslashga
ham madorim yo‘q. O'limga mahkum qilinganligim to‘g‘risidagi faktning ham ahamiyati
qolmadi. Kim? Nima? Qachon? Qaerda? Nega? Bema'ni savollar. Quduqqa zinama-zina
tushib borayotgan kishini xayolingizga keltiring, u yo hayot manbaiga duch keladi, yo
o‘zining qora aksiga. Bir qalqisa, bu chuqur va qorong‘u suvga yumalab tushadi. Men
ham shunday bo‘lib qoldim. Har qadamimni esga olishga urindim: Luk-darvish-Zev-
Valaamov-At-Tohariy-noaniqlik...va Fiona. Hofiz yozganidek: «Ki ishq oson namud avval
vale aftod mushkilho...» Hayotimning oxiri va yangi muqaddimasi. Boshimga
avvalgidan-da battar noxushliklar yog‘dirayotgandayman, balki o‘limga mahkumlik
degani shudir va u allaqachon amalga oshirib bo‘lingan balki?!
34
Quduq ichidagi Yusuf haqidagi hikoyani, hoynahoy, eshitgansiz. O'tkinchi yo‘lovchilar uni
Misrda qul qilib sotish uchun suvidish bilan birga quduqdan tortib olishadi. Quduqdagi
kishandan qullikdagi kishanga. Shunga o‘xshab, «AMIP Olimpia» degan bir frantsuz
Ko‘k Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz
Do'stlaringiz bilan baham: |