www.ziyouz.com
kutubxonasi
19
— Men kohinni* topib kelish uchun akang Somonni yubordim. U kelsa, hammamiz
birgalikda duo qilishamiz.
Otasining duoga — ibodatga rag‘bat etganini ko‘rgan Jahonning tashvishlari bir oz
pasaydi, ko‘ngli taskin topganday bo‘lib so‘radi:
— Kohin shu oqshom keladimi? — Hokim og‘ir bir uh tortdi: «Uni topib kel, deb akangni
yubordim, lekin olib kelishiga aqlim yetmayapti. Chunki u biror ishni men buyurgandek
qilib bajarib kelgan emas». Hokim shunday ta’na gapni aytganiga pushaymon qildi
shekilli: «Mayli, bugun kelmasa, ertaga kelar», deb ilova qilib qo‘ydi.
Otasi akasidan norozi ekanini Jahon sezdi. Buni u anchadan buyon payqab yurgan bo‘lsa
ham, sababini bilolmasdi.
Jahonning ziyrak va hushyorligini bilgan otasi, «qizimning ko‘ngli buzilmasin», deb
Somondan noroziligini undan yashirdi.
Ota-bola bir oz sukut qilib turishdi. Keyin hokim o‘zini o‘nglab olib:
— Qizim, Jahon, xonangga borib kiyimlaringni kiyib, ovqatingni yegin, men ancha
durustman, uyqum ham kelib qoldi, — dedi.
Jahon o‘rnidan turdi:
— Dadajon, qiladigan yumushlar bo‘lsa aytsangiz, bajarib, undan keyin xonamga
ketardim.
— Yo‘q, qizim, hech bir yumush yo‘q, borib dam olgin, xudoning panohiga topshirdim.
Ertalab kohin kelsa, biror yangilik eshitib qolarsan, — dedi bemor.
«Otamning, ertaga bir yangilik eshitib qolarsan, degan gaplari nimasi, qanday yangilik
bo‘lishi mumkin!» degan fikr Jahonni ne-ne xayollarga olib bordi, ammo u aniq bir fikrga
kela olmadi. Har holda otasi Afshinni tilga olmagani qiz uchun shodlik edi. Jahon Zirg‘om
nomini qistirib ketadigan biror gap boshlamoqchi bo‘ldi. Otasi yigitni maqtaguday bo‘lsa,
unga ko‘ngli borligini darrov aytib qo‘ya qolishni diliga tugib qo‘ydi. Lekin bunday
gaplarni otasi oldida gapirib odatlanmagani uchun «mayli, Zirg‘omning o‘zi kelganida
gapiraman», deb avvalgi fikridan qaytdi-da, hokim oldidan chiqib ketadigan bo‘ldi.
Hali Jahon uydan chiqqanicha yo‘q edi, eshik oldidagi soqchi kirib «Somon keldi» deb
xabar berdi. Uning nomini eshitgach, hokimning tusi o‘zgarib, «mayli, kirsin», dedi.
Somon ichkari kirdi. Uni ko‘rgan kishi Jahonning akasi ekaniga sira ishonmasdi. Somon
hokimning sindlik* bir cho‘risidan tug‘ilgan bo‘lib, sakkiz yoshida onadan yetim qolgandi.
Shundan keyin otasi Kavkazga borib, u yerda bir cherkas qiz bilan uchrashib, yaxshi
ko‘rib qolgan va unga uylangan edi. Farg‘onaga qaytib kelgandan keyin hokimning
cherkas xotini egizak qiz tug‘ib beradi. O‘sha ikki qizning biri Jahon edi. Ikki qizni yosh
qoldirib ona vafot etdi, bolalarining tarbiyasini ota Hayzuronga topshirdi. Qizlar husnu
latofatda onalariga o‘xshash barkamol edi. Xotinini nihoyatda sevgan ota qizlarini ham
sevdi, boshqaga uylanishni mutlaqo istamadi. Ammo uch yoshga to‘lar-to‘lmas
qizlarning biri yo‘qolib, Jahonning tanho o‘zi qoldi. Otaning butun muhabbati Jahonga
o‘tdi.
Qizning yo‘qolishi o‘lim tufayli emas, boshqa bir vajdan yuz bergan. Allaqanday bir ot
kelib, uni olib qochib ketgandi. Turkistonda bir to‘da o‘g‘rilar bo‘lib, ular o‘z otlarini
bolalar va uy-ro‘zg‘or buyumlarini olib qochishga, olisda kutib turgan o‘g‘rilarga yetkazib
berishga o‘rgatishardi. O‘shandan beri farg‘onaliklar o‘z bolalarini shu qabilda olib
qochilishidan ehtiyot qilib yuradigan bo‘lishgan.
Hokim esa qizning yo‘qolish sababini boshqacha gumon qilgan. Lekin bu gumonini hech
kimga aytmaganu, o‘sha vaqtdan boshlab Somondan ko‘ngli qolgan.
* * *
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |