www.ziyouz.com
kutubxonasi
18
xizmatkorlar orasidan yurib, otasining xonasi tomon oshiqardi. Gilam yozilgan dahlizdan
o‘tib, otasi yotgan xonaning eshigiga yetdi. Tezroq uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, sog‘lig‘ini
bilib xotirjam bo‘lish uchun shoshardi qiz. Eshik oldida bichilgan mamluklardan* maxsus
bir qorovul turardi.
U Jahonni ko‘rishi bilan hokimning huzuriga yugurib kirdi-da, Jahonning kelganini xabar
qildi, so‘ng qaytib chiqib, pardani ko‘tardi va Jahonning kirishi uchun ruxsat berilganini
aytdi.
Jahon ov kiyimlarini va boshidagi ro‘molini yechmay, lov-lov yonib turgan tashvishdan
yana ham go‘zallik kasb etgan yuzi va bo‘ynini ochgan holda otasining yotog‘i yoniga
bordi. Uning ko‘zlari chaqnar edi.
Hokim tetik, hali oltmishdan oshmagan kishi ekaniga qaramay, betoblikdan ancha o‘zini
oldirib qo‘ygan, ko‘kragiga tushib turgan soqoli oppoq oqargan, ko‘zi ich-ichiga botib
ketgan, yuzida ajinlari ko‘paygan, lekin salobati sira kamaymagan edi. Intizor bo‘lib
yotgan paytida qizi yetib kelganini bilgan otaning ko‘zlari yorishib ketdi. U obnus*
yog‘ochidan yasalgan, kunguralariga fil tishi qadalgan karavot ustida chalqancha yotardi.
Boshida kichik salla, ustida zar bilan qavilgan ipak ko‘rpa, yarim belidan yuqori tomonga
qimmatbaho sammuriy* po‘stin tashlab qo‘yilgan. Yengi shimarilgan bo‘lib, ozib ketgan
ikki qo‘lini ko‘rpadan chiqarib yotardi.
Jahon eshikdan ichkari kirishi bilan to‘g‘ri otasining karavoti yonidagi tokchaga qo‘yilgan
oltin ma’buda tomon borib, otashparastlar odaticha bo‘ynini egib, unga topindi. Uyning
o‘rtasida shiftga osilgan chirog‘dan tashqari ma’buda oldiga ham sham yoqib qo‘yilgandi.
Jahon ibodatini tamom qilib bo‘lgach, karavot yoniga borib tiz cho‘kdi-da, otasining
qo‘lini o‘pib, yuz-ko‘zlariga surta boshladi.
Otasining holdan ketgani Jahonga ancha ta’sir qilgan bo‘lsa ham, unga dalda berish
uchun o‘zini mahkam ushlashga harakat qilardi. Otaga chuqur muhabbat va buyuk
ehtiromini ochiqdan-ochiq bayon qilib turgan qizning ko‘zlari kulmasa ham, labi
jilmayardi.
Otasi uni ko‘rishi bilan ko‘ziga yosh oldi-da, beriroq kel, degandek ikki qo‘lini cho‘zdi.
Jahon otasining bag‘riga o‘zini tashlashi bilan ota uni o‘pib, muattar soch va bo‘yinlarini
hidladi. Otamni tirik ko‘ramanmi-yo‘qmi, deb qattiq xavfsiragan Jahon bemorning issiq
nafasini, soch-soqollari tikandek botishini sezib, uning sog‘ayib ketishiga umid bog‘ladi.
Hokim o‘zini dadil tutdi, ikki tirsagiga tayanib o‘rnidan turdi va yostiqqa suyanib o‘tirib
oldi. U qiziga qarab: «Yonimdagi ko‘rpachaga o‘tir», degandek ishora qildi. Jahon
ko‘rpachaga o‘tirib: «Dada, qalaysiz?» — deb ahvolini so‘radi. «Yaxshilik xudosi —
mehribon Urmuzdning marhamati bilan durustman, yomonlik xudosi yaxshilik xudosidan
g‘olib chiqib, seni ko‘rolmay qolamanmi deb ko‘rqqan edim, chunki dardim zo‘rayib,
darmonim qurib, juda holsizlanib qolgan edim. Lekin saroyga qaytganingni eshitib,
ancha sog‘ayib qoldim. Qizim, bu dunyoda mening baxtim, ovunchog‘im faqat sensan.
Endi saroydan hech qaerga jilma, seni ko‘rib tursam, ko‘nglim taskin topadi», — dedi.
Bemor yotgan keksa otasining kuyib-pishib gapirganiga rahmi kelgan Jahonning ko‘zidan
ikki tomchi yosh to‘kildi. Qizning ko‘z yoshi otasiga ta’sir qilmay qolmadi. O‘limidan
keyin qizining taqdiri nima bo‘lishini ko‘z o‘ngiga keltirgan otaning mehri jo‘sh urib,
yig‘lab yubordi. O‘pkasi to‘lib turgan qizining hovurini pasaytirish uchun u o‘z hayajonini
yashirishga urinardi. Otaning ko‘nglidan o‘tayotgan xayollarni sezgan qiz o‘zini mahkam
tutib, jilmaydi va «Mehribon yaxshilik xudosiga shukur, sizning sog‘ayib ketishingizga
aminman», — dedi-da, ma’budani ko‘rsatib: «Men dardingizga shifo berib, kasalingizni
daf qilishni shu sanamdan iltijo qilaman, unga yolvoraman, u albatta murodimni beradi»,
— dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |