www.ziyouz.com
кутубхонаси
32
bir yerda aylanib to‘xtab qoldi...
Shunaqa oshiqib haydashning nima keragi bor edi? Bu bilan biron narsaga erishishdimi? Nima
foyda ko‘rishdi? Mabodo bir joyda turishganida nima bo‘lardi? Albatta, hech narsa bo‘lmasdi.
Qayiqdagi har bitta odam chamasi shular haqida o‘ylar edi. Shu payt O‘rxon oqsoqol tilga kirdi:
— Endi quloq solinglar, — dedi u vazminlik bilan, chamasi o‘zini koyitmaslikka harakat kilib,
chunki u ikki kundan beri hech nima yemadi ham, ichmadi ham. — Ehtimol, bu tuman hali-beri
tarqamas. Odatda shunday yillar, shunday voqealar bo‘lib turadi. Buni o‘zlaringiz ham bilasiz, dengiz
ustida tuman sakkiz kunlab, ba’zida o‘n kunlab turib qoladi. Muddati kelmaguncha kasal tuzalmas,
deganlariday tuman dengiz ustidan jilmay qoladi. Bu muddat qachon keladi, buni hech kim bilolmaydi.
Agar bu tuman ham shuning singari tez orada tarqamaydiganlaridan bo‘lsa, unda holimiz ne kechadi?
Qoq baliq ham juda oz qoldi, suv bo‘lmagandan keyin, uning kimga ham hojati bor. Suvimiz bo‘lsa,
mana! — chol shunday deb, bochkachani chayqatdi. Chamasi, bochkacha tagida bir, bir yarim hovuch
suv qolgan edi, xolos.
Hech kimdan sado chiqmadi. Chol ham jimib qoldi. Uning nima demoqchi ekanligini hamma
tushunib turardi: bundan buyog‘iga kuniga faqat bir marta, o‘shandayam cho‘michning yuqini ichish
kerak. Shunday qilganda iloji boricha uzoq chidash, tuman balosini yengish, unga bardosh berish
mumkin, deb o‘ylashardi. Havo ochilib, yulduzlar chiqib yo quyosh charaqlab ketsa marra bizniki, deb
o‘ylashardi. Zora, baxtlari chopib, xavo ochilib ketsa, zora yergacha yetib olishsa!
Aslida ham shunday qilmasa bo‘lmasdi. Boshqa ilojlari yo‘q edi ham! Lekin aytishga oson —
odam qachongacha chidashi mumkin? Goho uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi, xayol boshqa,
hayot boshqa deganday. Azobda qolgan barcha odamlar hoziroq suv ichishni, cho‘mich yuqidamas,
to‘yib, qonib ichishni xohlar edilar.
Bu mudhish ahvoldan qutulish mushkulligini O‘rxon bobo tushunardi va shuning uchun ham u
boshqalardan ko‘ra ko‘proq iztirob chekardi. Chol hammaning ko‘zi oldida qurib, so‘lib borardi. Ichki
bir dardning zo‘rligidan qat-qat ajin bosgan yuzi qorayib, battar burishib borardi. Yoshlanib turgan
ko‘zlarida zo‘riqish va sarosimalik alomatlari aks etardi — bunday iztiroblarga bardosh berish chol
uchun juda og‘ir edi. Lekin qurib qolgan daraxtni faqat tomiri zo‘rg‘a tutib turganday chol o‘zini
oxirigacha mardona tutardi. Ammo bu hol uzoq davom etishi mumkin emasdi. Odamlarning falokatdan
qutulib qolishi uchun zarracha ahamiyatli bo‘lgan gapni ham aytib qolish kerak edi.
— O‘ylashimcha, — so‘zida davom etdi O‘rxon oqsoqol. — Har lahza diqqat bilan atrofga nazar
tashlab, havodan ko‘z uzmay turish kerak — to‘satdan agukuk
9
o‘tib qolishi mumkin. Bunday tuman
paytida dengiz ustidan faqat agukuk uchib o‘ta oladi. Mabodo, biz biror orol bilan yerning oralig‘ida
kolgan bo‘lsak, qushning uchishidan yo‘lni bilib olishimiz mumkin. Qanday qush bo‘lsa ham dengiz
ustidan faqat to‘g‘riga qarab uchadi. Agukuk ham xuddi shunday.
— Mabodo biz orol bilan yerning oralig‘ida bo‘lmasak-chi? — g‘amgin so‘radi Milxun, hamon
boshini quyi solganicha.
— Unda yerni ko‘rolmaymiz, — dedi bosiqlik bilan O‘rxon bobo. Kirisk aniqlashga intildi. Nega
endi agukuk dengiz tepasidan uchadi?
Bunaqa olis joydan uchish qushga zarur keptimi? Ammo undan avval xuddi shu fikrni Milxun
aytib qoldi.
— Mabodo agukuk bizning tepamizdan uchib o‘tishni unutib, boshqa tomondan uchib o‘tishni
xohlab kolgan bo‘lsa-chi, atkichx? Unda nima qilamiz? — dedi u ma’yuslanib, istehzo bilan.
— Unda yerni ko‘rolmaymiz, — dedi yana bamaylixotir O‘rxon bobo.
— Demak, ko‘rolmaymiz! — hayron bo‘lib g‘azablandi Milxun. — Unaqasigayam,
bunaqasigayam ko‘rolmas ekanmiz-da! Unday bo‘lsa biz bu yerda nega o‘tiribmiz? — g‘azabi toshib
jo‘ldiradi u va birdan qah-kah urib kulib yubordi, so‘ng yana dami ichiga tushib ketdi. Hammaning
9
Agukuk — qutb boyqushi.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |