www.ziyouz.com
кутубхонаси
34
Qariyaning noxush o‘ylarini Kirisk bo‘lib yubordi.
— Atkichx, atkichx, agukuklar nega orollarga qarab uchishadi? — ohista so‘radi u.
— Darvoqe, shuni aytish esimdan chiqibdi. Bunday qalin tuman tushgan vaqtlarda dengiz ustida
faqat agukuklar ucha olishadi. U orollarga o‘lja axtarib boradi, goho tyulenning jajji bolasini olib
qochadi. Agukuklarning ko‘zi shunaqangi o‘tkirki, u tundayam, yarim kechadayam xuddi kunduzgiday
ko‘raveradi. Shuning uchun ham uni boyo‘g‘li deyishadi-da. Agukuk boykushlarning eng kuchlisi va
eng kattasi bo‘ladi.
— Qaniydi meniyam ko‘zim o‘shanaqa bo‘lsa, — lablari quruqshab shivirladi Kirisk. — Hozir,
shu topda qaysi tarafga suzish kerakligini bilib olardim, keyin yerga tezda yetib olardik-da, rosa suv
ichardik, ichaverardik... Meniyam shunaqangi ko‘zim bo‘lganidaydi...
— Eh, — xo‘rsindi bobo, — har kimsaning faqat o‘z ko‘zi bor.
Yana oraga jimlik cho‘kdi. Ancha vaqtdan keyin O‘rxon oqsoqol haligi suhbatni davom
ettirganday, bolaning yuziga qarab gapirdi:
— Hammadan ham senga qiyin bo‘ldi, to‘g‘rimi? Lekin sen sabr qil. Shu qiyinchilikka bardosh
bersang, ulug‘ ovchi bo‘lasan. Sabr qil, qarog‘im, suvni o‘ylama, boshqa narsalarni o‘ylagin. Suvni
o‘ylama.
Kirisk bu gapga ko‘nib, suvni o‘ylamaslikka tirishdi. Biroq foydasi bo‘lmadi. U harchand suvni
o‘ylamaslikka urinsayam, battar tashnaligi kuchayib borardi. Ochlik ham qiynardi. Ochlikdan ko‘ngli
ozib, ko‘zi tina boshladi. Ko‘ngli ozganidan, u ham Milxunga o‘xshab, dunyoni boshiga ko‘tarib
baqirgisi kelardi.
Bu kun shu tariqa o‘tdi. Har lahza havo ochilishini kutishdi, olisdan to‘lqinlar shovqini eshitilib,
shabada qo‘zg‘alib, tumanni olamning narigi chekkasiga haydab ketarmikin, yo‘limiz ochilarmikin,
deb har doim umidvor bo‘lishdi. Ammo dengiz uzra odamni yutib yuborgudek jimjitlik, balo-qazoday
sukunat hukmron edi. Har zamon, har lahza cheksiz tashnalik kuchayganidan odamlarning ko‘zlari
tinib, boshlari aylana boshladi. Bu juda dahshatli edi: cheksiz okean o‘rtasida turib, bir tomchi suvga
zor edilar.
Kech kirganda Milxunning ahvoli yana og‘irlashdi. U butunlay gapirmas, ko‘zlarida hech qanday
ma’no yo‘q edi. Tomog‘ini ho‘llab olsin deb unga jindakkina suv quyib berishdi. Kiriskning
cho‘michga karab mo‘ltirab turganini ko‘rib, O‘rxon bobo ungayam ozgina suv quyib berishdan o‘zini
tiyolmadi. Keyin Emrayingayam. quyishga to‘g‘ri keldi. O‘zi esa biror tomchi ichmadi. O‘rxon bobo
ozgina suvi qolgan bochkachani o‘rindiq ostiga qo‘ygach, uzoq vaqtgacha qimir etmay o‘tirib qoldi.
Bu safar uning boqishlari o‘tkir va tiniq, endi bu dunyoning ikir-chikirlariga aloqasi bo‘lmagan yuksak
o‘ylarga sho‘ng‘iganicha o‘tirardi; hech qanaqa tashnalikni, hech qanaqa boshqa biror narsani sezmas,
o‘ylamas edi. Go‘yo yolg‘iz lochin qoyada qo‘nib turganday, u qayiq oldida jim, vikor bilan o‘tirardi.
U bundan buyon nima qilishini bilar, shuning uchun oxirgi lahzalarda, umrida qiladigan oxirgi ishi
oldidan qolgan bor kuchini, irodasini jamlab olgandi. Avji shu tobda tamaki trubkasi yetishmasdi. Chol
oxirgi marta Suv parisi to‘g‘risida o‘ylab, tamaki tutatmoqchi edi...
Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?
O‘rxon o‘zining kimligini bilar, so‘nggi bo‘sag‘a oldida o‘zining qanchalik kuch-quvvatga, qadr-
qimmatga ega ekanligini yaxshi his qilardi. Faqat birgina narsa, u ham bo‘lsa sovuqdan ko‘karib
ketgan Kiriskning keyingi kunlarda hadeb cholning pinjiga yopishib olib, uning himoyasiga,
g‘amxo‘rligiga muhtojligi O‘rxonning o‘ylagan xayollarini amalga oshirishdan tiyib turardi. U bolaga
ich-ichidan achinardi. Ammo xuddi faqat bola uchungina shunday qilishi zarur edi...
O‘rxon oqsoqol umrining juda uzoqqa cho‘zilgan, g‘am-g‘ussaga to‘lib-toshgan oxirgi ko‘ngilsiz
kuni shunday o‘tdi...
Oqshom cho‘kdi. Yana bir tun boshlandi.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |