www.ziyouz.com
кутубхонаси
28
mo‘ljallab yo‘l topish mumkin edi.
Hozircha ular maqsadsiz suzishardi, qayoqqa suzishmasin, tumanga peshvoz borishardi.
Shunga qaramay, O‘rxon oqsoqol qayiqni bir oz sarishta qilib qo‘yish kerakligini aytdi. Oyoq
ostida suv shaloplamasligi uchun qayiqdagi suvni oxirgi tomchisigacha tozalashdi. Chol Kiriskni
qayiqning quyruq tomoniga, o‘zining yoniga o‘tqazdi — shunday qilsa, bola tezroq isinib, qurinib
olardi. U suvni hammaga teng taqsimladi. Birinchi gal hammaga salkam chorak cho‘michdan suv
berdi. Bo‘ronli kechadan so‘ng aqalli bir marta to‘yib suv ichib olish kerak edi. Ayni vaqtda O‘rxon
bobo ogohlantirib qo‘ydi: bundan buyon faqat u aytgan paytda va qancha quysa, shuncha suv
ichilishinigina uqtirdi. U shu so‘zlarni aytarkan, gapining isboti uchun yarmi bo‘shab qolgan
bochkachani chayqatib qo‘ydi.
Kutilmaganda bir narsa ularni juda xursand qilib yubordi. Suv ichish uchun bochkani
olishayotganida uning tagida, qayiq quyrug‘ining bir burchida qolib ketgan, qoq baliq solingan to‘rvani
ko‘rib qolishdi. Tyulen teri to‘rvani safar oldida Milxunning xotini qayiqqa solib qo‘ygan edi. Oziq-
ovqat solingan katta to‘rvani boshqa narsalar bilan dengizga uloqtirishgan, kichkina to‘rva esa Kirisk
avaylab saqlab o‘tirgan bochka tagida yashirinib qolib ketgan ekan. To‘g‘ri, kichkinagina to‘rvaga
sho‘rtang dengiz suvi to‘lib qolgan, o‘zi tuzlangan baliq yana beshbattar tuzlanib qolganidan og‘izga
olib bo‘lmasdi. Shunga qaramay, har holda bu oziq edi. Mabodo ichimlik chuchuk suv yetarli
bo‘lganida, mana shu sho‘r baliq ham asqatib qolardi.
Lekin hozircha sho‘r baliqni hech kim yemadi, tashnalikni zo‘raytiradi, deb qo‘rqishdi...
Hamma bir narsani — tuman tarqalishini kutardi...
Hayhotday sukunat va sokin tuman ichida faqat eshkaklarning tirgaklari ma’yus g‘iychillagani
eshitilardi. Buyuk tuman ichida bu g‘iychillash adashgan va horigan yo‘lovchining: «Bu yer qaer? Bu
yer qaer? Qayoqqa yuray?»— deb faryod solayotgan tovushini eslatardi.
Hamma bir narsani — tuman tarqalishini kutardi...
* * *
Ammo tuman tarqamas, tarqalishni xayoliga ham keltirmasdi. Tuman qilt etmasdi. Go‘yo
quruqlikdan tashqari, yerga aloqasi bo‘lmagan, rutubatli havodan nafas oluvchi aql bovar qilmaydigan
allaqanday maxluq bu yorug‘ dunyoni — Yerni ham, Osmonni ham, Dengizni ham yutib yuborganday
edi...
Tuman og‘ushida yana kech kirdi. Kech kirganini faqat atrofda qorong‘ilikning yanada
quyuqlashganidan sezish mumkin edi. Osmonda birorta yulduz yo‘q, osmonning o‘zi ko‘rinmasdi.
Maqsadsiz, shunchaki qayoqqadir suzish ma’nosiz edi.
Osmonda yulduz ko‘rinib qolmasmikin, deya hamma orziqib kutar va umid qilardi. Soat sayin
shuni kutishardi. Shamol turib qolishini — mana shu uch qatla la’nati tumanni biror yoqqa haydab
yubora oladigan shamol turib qolishini kutganidan mijja qoqishmasdi. Yulduzlarni to‘sib turgan
ko‘kimtir gumbazning ochilishini so‘rab osmon ruhiga iltijo kilishardi. Shamollar egasini — seryol,
hurpaygan maxluqni uyg‘ona qol, deb iltijo qilishardi.
Lekin hammasi behuda edi. Ularning iltijosiga hech kim quloq solmas, tuman ham tarqalay
demasdi.
Kirisk ham yulduzlarning chiqishini kutardi. Ilgari uning uchun osmonda o‘yinchoqday yaltirab
turadigan yulduzlar hozir hammadan ham zarur edi. O‘tgan kechasidan beri ko‘rgan kulfatlari uni
esankiratib, yuragini olib qo‘ygandi. Axir bola qalbi nozik bo‘ladi, uni bir umrga mayib va majruh
qilib qo‘yish mumkin. Ammo qayiqda birga bo‘lgan uch erkak umumiy o‘lim xavfini, safarning xatarli
oqibatini, quturgan dengiz ofatini yengishdi-ku! Shuning o‘zi bolaning dilida bu gal ham najot yo‘li
topiladi, degan umid uyg‘otardi. Osmonda yulduzlar ko‘rinsa bas, boshimizga tushgan azob-
uqubatlardan qutulamiz, deb ishonardi bola.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |