www.ziyouz.com
кутубхонаси
27
bilan birinchi marta to‘qnash kelishi edi. U hozir qaerda suzib yurishganini, bo‘ron ularni qayoqqa
surib kelganini, yerdan qancha olislab ketishganligini, haliyam dengizda yurishibdimi yoki okeandami
— sira tasavvur qilolmasdi. U hatto hozir qaysi vaqtligini ham bilolmasdi. Borliqni egallagan zim-ziyo
tumanda kunduz bilan kechani ajratib bo‘lmasdi. Lekin har holda dengiz g‘alayoni ertalabga yaqin
pasayishini hisobga olganda, hozir kunduzga o‘xshardi. Ehtimol, kun qiyomga kelgandir?
O‘rxon oqsoqol boshini quyi solishiga sabab bor edi. U, mo‘‘jiza bilan tirik qolishganiga xursand
bo‘lsa-da, bari bir ahvol chatoqligini his qilardi. Chunki qayiqda endi bir juft eshkak va ozrog‘i
ichilgan bir bochkachadagi suvdan boshqa hech vaqo qolmagandi. Qayiqdagi hamma narsani tashlab
yuborishgan. Hatto o‘tib ketayotgan savdogarlardan yuztacha mo‘ynaga ayirbosh qilib olingan
miltiqlar ham endi yo‘q edi. Ularni oldinda nima kutayotgani ham noma’lum edi.
To‘g‘ri, eshkakchilar hushiga kelishlari bilan endi nima qilish kerakligini birgalashib o‘ylab
ko‘rishadi. Lekin qay tarafga suzish kerakligini kim biladi deysiz? Bu asosiy masala. Undan keyin
tunda, agar havo ochiq bo‘lsa, yulduzlarga qarab yo‘lni aniqlashga urinib ko‘rish kerak. Lekin qancha
vaqt suzishga to‘g‘ri kelarkin? Qirg‘oqni topguncha kuchlari, vaqtlari yetarmikin? Manzilga yetguncha
bardosh berisharmikin?
Tuman-chi, bu qanaqa tuman o‘zi? Dengiz ustida shu qadar qalin, shu qadar uzoq turib qolgan bu
qanaqa tuman? Xuddi u bu yerda abadiy o‘rnashib olganga o‘xshaydi. Nahotki hammayoq shunday
bo‘lsa?.. Nahotki butun olam shunday tuman orasida qolgan bo‘lsa?
Shu mahal oqsoqolning tamaki chekkisi, suv ichgisi keldi. Tamaki topiladi-yu, mayli, ho‘l
bo‘lsayam, ammo munshtugi qayoqda qoldiykin? Suv-chi? Ovqat-chi? O‘rxon bu to‘g‘rida o‘ylashdan
ham qo‘rqardi. Hozircha chidasa bo‘ladi, hozircha hech narsani o‘ylamasa bo‘ladi...
Dengiz suvi sokin jimirlar, hammayoq tinchib, huvillab qolgandi. Qayiq turgan joyida sal-pal
chayqalib turardi. Suv uni hech qayoqqa surmas, o‘zi ham hech qayoqqa jilmasdi. Eshkaklar o‘z holiga
tashlab qo‘yilgandi. Emrayin bilan Milxunning ahvoli ma’lum — ular shunchalik qattiq charchashgan
ediki, eshkaklarni suvdan ko‘tarishgayam majollari kolmay, o‘likday dong qotishgandi.
Qilt etgan shamol yo‘q, butun borliq g‘ira-shira qorong‘ilikka cho‘mgan, harakatdan to‘xtab
qolgandi. Dengiz harakatsiz, tuman harakatsiz, qayiq harakatsiz edi... qayoqqa shoshishni ham,
qayoqqa suzishni ham bilishmasdi...
Oqsoqol g‘amga botganicha bukchayib uxlab qoldi. Uni birdan Kiriskning ovozi uyg‘otib yubordi.
— Atkichx, atkichx! — deb yulqiladi bola uni. — Suv ichgimiz kelyapti.
O‘rxon bobo seskanib ketdi, uchala qabiladoshi oqsoqoldan izn so‘rab turishganini sezdi, hozir eng
mushkul ish — suvni avaylab ulashish kerakligini angladi...
Tuman hamon qalin va harakatsiz edi. Dengiz hamon sukunat qo‘ynida edi.
* * *
Tunning qolgan yarmini tuman ichida asta-sekin suzish bilan o‘tkazishdi. Ne maqsadda va qayoqqa
suzishayotganlarini o‘zlari ham bilishmasdi.
Odamlar hushlariga kelib, qay ahvolga tushib qolganlarini anglashdi, endi bir joyda turib
bo‘lmasdi.
Shuning uchun ular suzishda davom etdilar. Ehtimol, yerga yaqinlashib, ehtimol, yerdan
uzoqlashib borishayotgandir?
Haytovur bir yerda turmay suzyapmiz, harakat qilyapmiz-ku, deb o‘ylashardi.
Butun umid havoning ochilib ketishida, tumanning tarqalishida edi. Ana shunda nima qilish
kerakligi oydinlashardi.
Har holda tuman tarqab ketsa, kechasi osmonda yulduzlar ko‘rinardi. Bor-yo‘q umid faqat
yulduzlarda bo‘lib qoldi.
Yana bir narsadan umid bor edi — biror orolga duch kelib qolishsa yaxshi bo‘lardi-ya. O‘shanda
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |