www.ziyouz.com
кутубхонаси
37
sultonga yozgan maktubi g’oyasiga hamohang bo’lib, farq esa Alisher Navoiy uni badiiy tasvir
vositasida amalga oshirishidagina ko’rinadi.
Shuni ham eslatish lozimki, Xoja Ubaydulloh o’zining adolat va adolatsizlik, zulm va karamning
xususiyatlari haqidagi mulohazalarini hikoya Keltirish bilan ifoda qilgan va bu fikrni bayon etishning
o’ziga xos shakli bo’lgan. Jumladan, Muhammad Qozi shunday hikoya qiladi:
Bir kun amirlar yig’ilishida Xoja Ubaydulloh g’allaning hosili oldingi yillardagiday emasligini aytib,
g’allaning ko’rinishi yaxshi-yu, ammo tosh bosmaydi, hech narsada baraka qolmabdi. Buning sababi
esa, xuddi Anushervon haqidagi hikoyada bo’lganiday, podshohning xotiriga, raiyatiga nisbatan zulm
va adolatsizlik qilish fikri kelishi bilan bog’liqdir, deb aytibdurlar va Anushervon haqidagi qissani
keltiribdilar: Bir kun kelib Anushervon ov qilish niyatida otlanibdi. Yo’lda chanqab qolibdi. Bir
qishloqqa kelib, u yerdagi uy egasidan suv so’rabdi. Qizgina bir qadahda ustiga nayshakar bargi
qo’yilgan sharbat Keltiribdi. Anushervon sharbat ichib bo’lgach, qizginadan so’rabdi: sharbat ustiga
nima uchun nayshakar bargini qo’ydingiz? Qizgina shunday javob beribdi: Chanqab kelgandingiz,
muzday sharbatni sipqorib ichib qo’ysangiz, kasal bo’lib qolishingiz mumkin edi. Sekinlik bilan shimirib
ichishingiz mumkin bo’lsin deb, sharbat ustiga nayshakar bargini qo’ygan edim. Shundan so’ng
Anushervon, soliqlar qanday, deb so’rabdi. Qizgina javob beribdi. Anushervon uni eshitib, soliq
miqdori kam ekan, uni ko’paytirish zarur deb, ko’nglidan o’tkazibdi. Bir necha vaqt o’tgach, yana shu
qishloqqa kelibdi va o’sha uy bekasidan suv so’rabdi. O’sha qizgina ichkariga kirib, ancha hayallabdi,
so’ng bir qadah sharbat chiqaribdi. Anushervon aytibdi: Bu safar Nega hayallading? Avvalgi safar, –
deb javob beribdi qizgina, – bitta nayshakar poyasini siqib, bir qadah sharbat olgan edim. Bu gal esa,
uch-to’rt poyadan zo’rg’a bir qadah sharbat chiqdi. Buning sababi nimada? – deb so’rabdi
Anushervon. Qizgina javob beribdi: Ehtimolki, shohning ko’nglida raiyatga zulm va adolatsizlik qilish
niyati kelgan bo’lsa kerakki, bu shum niyat tufayli Olloh taolo odamlar orasidan barakani ko’targan
ko’rinadi.
Bu o’rinda yana Alisher Navoiyga murojaat qilib, uning «Hayrat ul-abror» dostonidagi shoh Bahrom
uning ov vaqtida bir xaroba qishloqqa borib qolgani hamda boshqa voqealar tasviriga bag’ishlangan
mo’jaz hikoyasini eslash mumkinki, Xoja hazratlari Alisher Navoiy hikoyalaridagi g’oyaviy va badiiy
tasvir o’xshashligi diqqatga sazovordir.
Xoja Ahrorning ijtimoiy faoliyati kuzatilganda shu narsa oydinlashadiki, u fuqaro osoyishtaligi,
hunar va tijorat ahli ishining ravnaqi uchun har qanday bahsli muammolarni urush va qon to’kish yo’li
bilan emas, balki imkoni boricha kelishuv, qurol-yarog’ ishlamatgan holda hal qilishga intilar ekan.
Buning uchun esa o’z obro’sidan foydalanib, sultonu mirzolarga xatlar yozar yoki o’zi bunday
masalalarda shaxsan qatnashar ekan. Ana shunday voqealardan biri mirzo Umar shayx Sulton
Mahmudxon va Sulton Ahmad mirzo orasida bo’lishi mumkin bo’lgan urushning oldini olish voqeasidir.
Bu voqea ko’pgina tarixiy va esdalik xarakterdagi asarlarda – Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin»,
Ali Safiyning «Rashahot», Hofiz Tanishning «Sharafnomai shohiy»larida eslatilgan. Bu voqeaning
sodir bo’lgan yili ayrim manbalarda 1463 yil deb ko’rsatilgani holda Hofiz Tanish o’zining
«Sharafnomai shohiy» asarida bu tarixni 890 h. – 1485 m. yil deb qayd qilgan.
Shu voqeaning bevosita qatnashchisi bo’lgan va sulh shartnomasini o’z qo’li bilan yozgan
Muhammad Qozi «Silsilat ul-orifin»da shunday hikoya qiladi:
Sulton Ahmad mirzo, Umar shayx mirzo Sulton Mahmudxonlarning muloqoti qissasi.
Qissa shundan iboratki, Umar shayx mirzo Sulton Mahmudxon bilan kelishib, Shohruxiyaga kelgani
haqida xabar keldi. Mirzo Sulton Ahmad ham ko’pgina lashkar to’plab, hazrat Xoja Ahrorni ham o’zi
bilan olib har tomon yo’l oldi. Hazrat Xoja Ahrorni o’zi bilan birga olib borishdan maqsad ular bilan
sulh tuzish ekanini izhor qilgandi. Xoja Ahror qirq kun Sulton Ahmad mirzo lashkari bilan birga edilar.
Qirq kundan so’ng Sulton Ahmad mirzoniig lashkari Shohruxiya muzofotlaridan biri bo’lmish
Oqqo’rg’onga kelib qo’ndi. Sulton Ahmad mirzoning odati shu ediki, lashkardagi ayrimlar Hazratga
nisbatan odobsizlik qilib qo’ymasin deb, Xoja Ahrorni o’z qarorgohida joylashtirardi. Bir kun Xoja
Ahrorning jahli chiqib, Sulton Ahmad mirzoga qarab, bizni nima uchun olib keldingiz? Men harbiy
Buyuk ma’naviy murshid
Do'stlaringiz bilan baham: |