www.ziyouz.com kutubxonasi
23
— Quloq sol, Vudi, men yumor hissini qadrlayman. Bizning hayotimizda ba’zan u judayam
asqotadi, aks holda chidab bo‘lmaydi. Lekin shunday vaziyatlar bo‘ladiki, unda kulgi o‘rinsiz.
Oraga uzoq sukut cho‘kdi. Mashina Uchinchi avenyuni kesib o‘tdi va sekin yurib borib, Park-
avenyudagi svetofor oldida to‘xtadi.
Shu vaqt ichida Palmer uch marta nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, uch bor ham fikridan qaytdi. «Rolls-
Roys»ning yumshoqqina charm o‘rindig‘ida qulayroq joylashib oldi-da, butun hayoti to‘g‘riligini
isbotlagan tamoyilni shubha ostiga olish aqldan emas-ku, axir, — dedi o‘ziga-o‘zi. Bu yerda ikki xil fikr
bo‘lishi mumkin emas: albatta, jim turish o‘rniga gapirib qo‘ysang, ko‘ngilsizlik bo‘lishi turgan gap.
Mana, hozir ham, qariya nimani xohlayotganini, hatto nimani kutayotganini, gapirib yuborib,
ikkalasi o‘rtasida vujudga kelgan begonalashishga bir necha yarashtiruvchi so‘z bilan barham berishini
bilib, Palmer sukut saqlash har qanday so‘zdan ko‘ra kamroq ko‘ngilsizlik keltirishini o‘ylab, jim
turishga qaror qildi.
— Jin ursin uni, — deya to‘ng‘illadi Berkxardt mashina Park-avenyudan janub yo‘nalishiga
burilganda. — Bular asabimga qanchalar tekkanini ko‘rib turibsan-ku, Vudi. Shu telefon qo‘ng‘irog‘i
bilan u boshimga musht tushirgandek bo‘ldi...
Palmer ohista, go‘yo istamagandek unga qaradi.
— Sizni bunchalik tashvishga solayotgan nima o‘zi? — so‘radi u. — Jamg‘arma banklaridagi
ishkalmi yoxud sizga tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘lgan Jo Lumismi?
— Ikkoviyam bir go‘r. Mana, necha yildirki, ana shu chalkashliklar ichida yashayapman. Ahvol
borgan sari tanglashayapti. Menda ikki yo‘l bor. Bittasi bankimizdagi muomala jarayonini ancha
qisqartirishni taqozo etsa, ikkinchisi eski do‘stimni yo‘qotishga olib boradi. Sodda, ammo qo‘pol qilib
aytganda, shunday bo‘ladi.
Palmer Berkxardtning oldida turgan muammo mohiyatini to‘kib soladi deb kutdi. Bu o‘rinda u qabul
qilishi kerak bo‘lgan bitta qaror borligini ko‘rib turardi, shuning uchun ham so‘radi:
— Shu boisdan siz bu ishni menga topshirgan ekansiz-da, shundaymi?
— Faqat qisman, — to‘ng‘illadi qariya.
— Yana boshqa sabablari ham bormi?
Berkxardt yelka qisdi:
— Bo‘lmasam-chi. Agar, bordi-yu, Jo Lumisni bir yoqli qilishga to‘g‘ri kelsa, men buni boshqa birov
qilishini istardim. Ammo bu — muammoning bir qismi, xolos. — U chuqur nafas oldi. — Uning ikkinchi
qismi — Berns bilan sen tez orada tanishishing mumkin.
Shu asnoda ularning mashinasi yengilgina g‘arbga burildi-da, Ellik beshinchi ko‘cha bo‘ylab yurdi,
Medison-avenyuni kesib o‘tdi va Beshinchi avenyuga yetdi.
— U ancha uddaburon yigit, — dedi Palmer. — Chikagoda bir ma’ruzasini eshitganman. Yaxshi
notiq.
— Yaxshilardan biri. Ishni kino sanoati matbuot vakilidan boshlab, shu martabaga erishdi.
— Hozir u reklama va axborot bo‘yicha maslahatchi yoki shunga o‘xshash vazifada, shekilli?
Menimcha, Chikagoda mijozlari bor.
Berkxardt xo‘rsindi:
— Demak, Mak Bernsning shuhrati Chikagoga yetib boribdi-da?
— Nima, unga biror e’tirozingiz bormi?
— Aslo. Afsuski, bizga kerak bo‘lgan kimsa aynan o‘sha.
— Biroq bu ishni xuddi o‘shani deb menga yukladingiz, shundaymi?
— Xuddi shunday, — javob berdi Berkxardt.
Ularning «Rolls-Roys»i ohista to‘xtadi, shofyor mashina eshigini ochdi.
— Men greklar yoki suriyaliklarlarga yoxud o‘sha Bernslarga qarshi emasman, — dedi Berkxardt,
mashinadan chiqarkan. — Lekin men aynan o‘shalar bilan chiqisha olmayman. Shu boisdan senga
shu Mak Berns bilan hamkorlik qilish imkonini beraman...
Yo‘lakka chiqib olgan qariya Palmerning mashinadan chiqishini kutardi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |