www.ziyouz.com kutubxonasi
184
Manhetten uchun bu mutlaqo odatdan tashqari hodisa edi. Palmer Park avenyu yoqalab ko‘z
yugurtirdi va yangi yil archalarini sanashga urinib ko‘rdi. Ko‘p o‘tmay ular bir-biriga qo‘shilib, yorqin
chiziqqa aylandi. U sanashni bas qildi.
Burildi-da, tezgina uyiga qarab ketdi.
Uy tarhi bo‘yicha Edisning rejalari qoyilmaqom tarzda ado etilgandi. Asr boshida qurilgan, deyarli
butunlay katta-katta, keng-keng uch-to‘rt qavatli binolardan tashkil topgan mahallada Palmerning uyi,
shubhasiz, mana men deb turardi. Mahalliy uy egalarining haddi juda deganda tosh devorni qumli
favvora bilan obdon tozalashga yoki bo‘yashga, bundan tashqari, derazalarga yaxlit oyna
qo‘ndirishgacha borib yetardi. Faqat bir yuragida o‘ti bor ixtirochi rim g‘ishtidan yangi devor tikka
qilgandi. Biroq Edis boshqa yo‘ldan bordi.
Jimjimador old devorli binolarni Palmer oldin ham ko‘rgan. Bundaylari, odatda, issiq iqlimli
mamlakatlarda quriladi. Hindistondagi Qo‘shma Shtatlar elchixonasi, esladi u, shu texnikaning
zamonaviy nusxasidan foydalangan. Manhettenda tropik iqlim sharoiti ahyon-ahyondagina aks etsa-
da, Edis shunday jimjimador devorni tanladiki, u halovatni yuzaga keltirardi. U hatto qimmatbaho
maydonning bir qismidan voz kechib, uyni ko‘cha tomon surishga jazm etdi. Shunday qilib, yo‘lkadan
qariyb 3 metrlik masofada panjaraga o‘xshash bir nima bilan birlashtirilgan egma va uchli quyma
beton devor tiklangandi.
Nur va havoni o‘tkazib turadigan, ammo ajabtovurgina soya tushiradigan bu begona kungiralar
uyni suq ko‘zlardan yashirib turishga mo‘ljallangan edi. Devorning naryog‘ida yana ikki metrcha joyda
binoning o‘zi savlat to‘kib turardi. Uning to‘rt qavatli frontoni so‘nggi modada 4 ga 6 hajmdagi,
alyuminiy jild bilan mahkamlangan yaxlit oynadan yasalgandi. Jimjimador old devorning ichki
tomonini Edis, aftidan keyinchalik chirmovuq bilan yepmoqchi bo‘lgandir.
Palmer oddiy qora tashqi eshikdan o‘tdi-da, tor tirqishdan osmonga qarab olish uchun to‘xtadi. Ha,
yulduz. Bitta.
U xuddi shunday oddiy qora ichki eshikni ochdi va o‘zining yangi uyiga kirdi. Allaqaysi qavat va
xonalardan Jerri bilan Tomning aytishayotgani qulog‘iga chalindi.
Palmer paltosini yechdi va yo‘g‘on laklangan kiyim ilg‘ichlardan biriga oldi. Shlyapasini olib,
kiyimilg‘ich ustidan tokchaga qo‘ydi. Choqqina vestibyuldan o‘tdi-da, ikki qavatni egallagan asosiy
mehmonxona bo‘lma eshigi oldida to‘xtadi.
Shubhasiz, uyga gap yo‘q, o‘zicha dedi Palmer. Garchi jimjimador old devorga o‘xshagan
narsalarga kulib qarasa-da, xotinining san’at mo‘‘jizasi yaratganiga tan berdi.
Bu iboraning endi siyqasi chiqqanini eslab, Palmer qoshini chimirdi. Ikki sergak fotograf bilan
qaysidir jurnalning muharriri, zil-zambil keksa xonim ko‘p qo‘llashardi bu iborani. Kecha kechqurun
uyga kelib Palmer ularni shu yerda ko‘rdi, ular hamma joyda hoziru nozir edilar.
— Haqiqiy san’at asari, — derdi suratkashlardan biri. — Bizning zamonda bunaqasi kam uchraydi,
ajoyib pieil oi terre1 , —suhbatga qo‘shildi narigisi.
— Bu haqiqiy shaharcha uy, — dedi horg‘in muharrir ayol reportyorlardan biriga. — Odatdagi
kamtarona inglizcha uslub.
— Ha, xonim.
Palmer kechagi oqshomni esladi. Fotosuvratlar va maqola, qiziq, qachon jurnalda paydo bo‘larkin-
a? U muharrirlik amaliyoti bilan yaxshigina tanish — jurnallarning tahririyatlari olti oy ilgarilab yuradi.
Biroq bordi-yu, ularda maqolani qonun chiqaruvchi yig‘ilish yopilishigacha chop etishga qaror
qilingudek bo‘lsa, bu butun qilingan ishlar uchun to‘siq bo‘lishi mumkin.
Senatorlar va mahalliy qonun chiqaruvchi organlar a’zolarining xotinlari maqolani o‘qishadi,
suvratlar bilan tanishishadi. Erlariga o‘z uylaridan ko‘ngillari to‘lmayotganini va shu jurnal xabar
qilgan mana bunday uyda yashovchi har qanday oilaga nisbatan oshkora shubhalarini izhor etishning
o‘nlab yoqimsiz usullarini topishadi. O’tgan oqshomda, esladi Palmer, maqolani bosishga ruxsat
bergani uchun Edisdan chaparasta jahli chiqqan edi. Jahli chiqqandi-yu, lekin ichiga yutib qo‘ya
qolgandi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |