www.ziyouz.com kutubxonasi
192
Berns xo‘rsindi va chuqur o‘rindiqqa cho‘kdi.
Ko‘ylagini kiya turib Bernsga nazar solar ekan, Palmer uning qattiq toliqqanini angladi.
— Ko‘rinishim yoqmadi, a, topdimmi? — so‘radi Berns tomoshabin ko‘nglini darhol payqagan
aktyorlarga xos ziyraklik bilan. — Seni deb men bu yerda o‘zimni o‘tga ham, cho‘qqa ham urdim,
azizim Vudi. YuBTK uchun jonimni ayamadim, o‘lguday tarmashdim. So‘nggi sakkiz kunda o‘rtacha
uch-to‘rt soatdan uxladim-ov. Mijja qoqmadim desam ham bo‘ladi.
— Chakki bo‘libdi, — dedi Palmer, ko‘ylagini shimi ichiga solarkan. — Ammo takror aytaman,
mening zudlik bilan bu yerga kelishim shartmidi?
Berns unga qoshini chimirib tikildi:
— Nimadandir xafamisan, jo‘rajonginam.
— Yo‘q, shunchaki, qiziqyapman.
— Gap ohangingga qaraganda menga achchiq qilayotganga o‘xshaysan.
— Yo‘q, — aldadi Palmer. — Poezddan keyin bo‘larim bo‘ldi. Ayniqsa, nima uchun borib kelganimni
tushunmaganimdan keyin.
— Ko‘pgina sabablarga ko‘ra, — javob berdi Berns. — Sen bu yerda shaxsan ishtirok etishing
zarur.
— Foydali odamlar jamoasiga o‘zimni ko‘rsatamanmi? Shuyam bahona bo‘ldi-yu.
— Qisman haqsan, Vudi. Dam olish xonasiga tushib, bir nechta demokratik partiyalar rahbarlari
bilan valaqlashamiz. Bu yaxshi taassurot qoldiradi. Keyin respublika partiyasi barzangilaridan biri
tashkil qilgan “Ten Eyk” yig‘ilishiga boramiz. Biroq, bu ishning bir qismi xolos. Sen menga shu yerda,
hafta davomida bu arboblarga sotgan narsalarimni mustahkamlash uchun keraksan.
— Hayit arafasida bu yerda arboblar ko‘p bo‘lmasa kerak.
— Ular ertaga tarqalishadi. Shuning uchun seni zudlik bilan kelishga majburladim. Bugun
oqshomda shunday tadbirlarning oxirgisi bo‘ladi. Ta’til tugagandan keyin esa, hatto o‘ylasang ko‘ngil
ayniydi — sessiyalar boshlanadi. Shunday qilib, yo bugun, yo hech qachon.
Palmer jamadonidan yangi bo‘yinbog‘ olib, javondagi uzun, tussiz oynaga o‘zini soldi.
— Bu yerda nimalar bilan ko‘ngil ochding?
— Orzular bilan. Yana nima bilan shug‘ullanishim mumkin?
— Qanaqa orzular?
— Berns yelkasini qisdi. Palmer oynada uning bu qilig‘ini ko‘rib, bir lahza o‘z aksiga emas, unga
qaradi.
— Aniqrog‘i?
— Bir nechta shu yerlik yigitlar, asosan, huquqshunoslar bizga foydali bo‘lishi mumkin. Ularga qarz
so‘ragan mijozlar uchun omonat banklari hech vaqo bermasligini, faqat tijorat banklarigina yordam
ko‘rsatishi mumkinligini aytdim.
— Bironta kafolat berdingmi?
— Ovoz berish masalasidami? Hali juda erta.
— Qarz berish masalasini aytyapman.
— Qarz berish? Men? — Palmer qo‘llarini ko‘tardi, birlashtirib, ko‘ksiga bosdi. — Meni kim deb
o‘ylayapsan? Birorta ahmoq debmi?
— Shunchaki so‘radim.
— Vudi! — Yana so‘zlari go‘yo boshlari ustida muallaq qolgandek bo‘ldi. — Vudi, bolakay, — davom
etdi Berns. — Mendan jahling chiqayapti, tan ol.
Palmer o‘zini tutolmagani uchun oynaga qarab, aftini bujmaytirdi va Berns ishonmasligini o‘ylab,
javob berishdan oldin bo‘yinbog‘ini hafsala bilan bog‘ladi.
— Mak, — gap boshladi u. — Aqling rasoligiga shubha qilmayman. Mulohazakorligingga, siyosiy
sezgirligingga, sadoqatingga, kuch-quvvatingga tan beraman. Faqat bankirlik qobiliyating borligiga
ishonmayman. Bankir sifatida hech narsaga arzimaydigan odam bo‘lishing mumkin. Shu bois, qarz
masalasida tezkor muzokara olib borayapman deganingda, ajablandim.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |