www.ziyouz.com kutubxonasi
116
olinmagan ma’no yashiringan bo‘lardi. Xonasida o‘tirib, “kelib tushgan hujjatlar”dagi bir chaqaga
qimmat qog‘ozlarni asabiy o‘chirar ekan, Palmer shu mulohazalardan birvarakay qutulishga harakat
qildi. Bu uning boshini ikki baravar og‘ritishdan boshqa hech narsaga olib kelmadi. Soat 10 da
Virjiniya Kleri kelganida u avvaliga juvonning kelganidan xursand bo‘ldi, biroq ko‘p o‘tmay u ham
jahlini chiqara boshladi.
— ... mehribon Berns bilan oqshomlaring behuda o‘tmagandir, — dedi juvon dabdurustdan
— Zerikarli, fayzsiz va hech qanday hudasiz, — bidirlab javob qaytardi Palmer. — Bu oqshomga
borishdan bosh tortib, aqlli ish qilgan ekansiz.
— Ayollarga har doim Berns bilan yaxshi munosabatda bo‘lish tavsiya etiladi.
Qovog‘ini uyib, Palmer juvon keltirgan qog‘ozlardan ko‘zini oldi.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — keskin ohangda so‘radi yigit.
— Hech nima.
Qovog‘i uyilgan holda Palmer juvonga, uning silliq yonog‘iga va xotirjam katta-katta ko‘zlariga
diqqat bilan razm soldi. Juvonning a’lo kayfiyatiyu gul-gul yashnab turishi nima uchun uning g‘ashini
keltirayotganini o‘zi ham tushunmayotgandi.
— Balki uning mavqei haqida siz baribir aniqroq bir gap aytarsiz? — qaysarlik bilan so‘radi Palmer.
— Ayollarga aloqadorligi haqidami? — javob berdi savolga savol bilan Virjiniya.
— Ha, — horg‘in dedi Palmer, — hech bo‘lmaganda ayollarga aloqadorligi haqida.
— Boxabar odamlarning aytishicha, u o‘n-o‘n besh nafar kino qahramonlari bilan dovlasha olar
ekan.
— Jin ursin! — toqati toq bo‘ldi Palmerning. — Endi bu bilan qatiq yalashmagan bir Berkxardt
qoluvdi... — Cholni uning xizmatkori borligida yomonlashi yaxshi emasligini juda kech anglab, u
to‘xtadi. — Bo‘pti, hechqisi yo‘q, — so‘zini tugatdi u horg‘in. — Bu gaplarni qo‘yaylik.
Birmuncha muddat juvon unga jim qarab qoldi, so‘ng boshini quyi soldi. Chidab bo‘lmas bosh
og‘rig‘iga qaramay Palmer juvon endi uning qarshisida tik qotib ilgarigidek hurkib turmaganini
payqadi. Virjiniya o‘zini erkin his etardi, bu esa yaxshi edi. Kim bilsin, balki yaxshi emasdir ham?
Bunday erkin qo‘yib qo‘yishi durustmikan? Palmer miyasidagi fikrlardan xalos bo‘lishga harakat
qilganday boshini aylantirib qo‘ydi, biroq qaytanga boshi yana ham qattiqroq og‘ridi.
— Men juda achinaman, — qulog‘iga chalindi uning.
— Nimaga achinasiz? — O’zining ovozi bamisoli uning qulog‘ini teshgudek keskin eshitildi.
— O’zingizni shunday yomon his qilayotganingizga achinayapman.
— E-ha... — Shundan so‘ng u yana nigohini haligi qog‘ozlarga qadadi. U suhbatni davom
ettiradigan ahvolda emas edi. Virjiniyaning turganini ko‘rishdan ko‘ra ko‘proq eshitdi.
— Sizga bir iltimosim bor edi, — dedi juvon. — Kecha men sizga meni o‘zingizga do‘st deb biling
degan edim. Agar siz buni xohlamayotgan bo‘lsangiz, iltimos, to‘g‘risini aytib qo‘ya qoling.
Palmer unga qaradi.
— Yo‘q, men do‘stlar bo‘lib qolishimizni xohlagan bo‘lar edim, — javob berdi u ovozini boshqa
keskin yoki asabiy chiqarmaslikka harakat qilib. — Men, aftidan, kecha bu haqida aytuvdim, shekilli?
Juvon bosh irg‘adi:
— Lekin odamlar goho fikrlarini o‘zgartiradilar.
— Odamlar, — takrorladi yigit, jilmayishga behuda urinib. Yonoqlari qaqshayotganini his qilib u
ertalabdan beri birinchi marta jag‘larini bemalol qimirlatayotganini angladi. — Odamlar, ammo men
emas, — qo‘shib qo‘ydi u oxiri jilmayishga muvaffaq bo‘lganidan keyin.
— Nahotki umringizda bir marta ham shunday bo‘lmagan bo‘lsa?
— Yo‘q, hech qachon.
Juvon yana o‘tirdi va Palmerga diqqat bilan qaradi. Keyin jilmaydi.
— “Pinafor” kapitani shubhalaridan bexabar odam sharafiga uch karra ura! — tabassum bilan
iqtibos qildi Virjiniya.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |