www.ziyouz.com kutubxonasi
112
— Menga hech narsa qilgani yo‘q, — qulog‘iga chalindi Palmerning — u yana avvalgi so‘zlarini
takrorlagandi. — O’zimni nazorat qilib turgunimga qadar hammasi joyida bo‘ladi. Tamom!
Berns boshini qattiq-qattiq chayqadi:
— Siz, bankirlar, sizlar O’rta G’arbning aholisisizlar. Sababi nimadaligini bilmadim-u, ammo
sizlarning barchangizda seks masalasi chatoq. Uni sizlar ishlashga majbur qilish o‘rniga u sizlarni
istagan maqomiga solib o‘ynatadi.
Palmer qo‘lini ko‘tarishga harakat qildi, biroq buning uddasidan chiqolmasligini sezdi. Ayni vaqtda
allaqaysi uzoq burchakdan turib o‘zini kuzatar ekan, u bu harakatning barcha nochorligini ko‘rdi va
to‘satdan o‘zi tasavvur qilganidan kuchliroq mast bo‘lib qolganini angladi.
— Nazorat, — dedi u, — hamma balo mana shunda.
— Harakatlar erkinligi, — mana hamma balo nimada, — e’tiroz bildirdi Berns. — Odamzod o‘zini
biron-bir nazorat ostida tutib turish uchun yaratilmagan, — qo‘shib qo‘ydi u va o‘rindiqda asabiy
chig‘andi. — Sening er-xotinlik hayoting — sening shaxsiy ishing, Vudi. Edis — ketvorgan ayol. Men
aytgan gaplar esa bevosita senga yoki unga daxl qilmaydi. Gap bu haqda emas. Men umumiy
mulohazalarimni bayon qilayapman, xolos.
Palmer yana qo‘lini ko‘tarishga harakat qilib ko‘rdi, bu safar u yelkasini o‘rindiq suyanchig‘idan
uzishga muvaffaq bo‘ldi.
— Yetar, — ming‘irladi u.
— Aytdim-ku senga, bu shaxsan senga daxl qilmaydi deb, — ayovsiz eslatdi unga Berns. —
Erkaklar ayollardan farq qiladi. Ayollarda bolalar bo‘ladi va ular bolalar uchun oshyon quradilar.
Ularning hammasi shunaqa. Faoliyatsizlik — mana ayollardagi alohida xususiyat nima. Men, albatta,
o‘zboshimcha xotinlar yoki fohishalarni nazarda tutmayapman. Odatdagi pokdoman ayollarni nazarda
tutayapman. Bunday ayol seks bilan faqat bir marta ro‘baro‘ bo‘ladi, o‘z uyida. Ammo erkaklar
boshqacha yaratilgan. Ular bir umr sarguzasht shaydolari. Ularning tabiati o‘zi shunaqa, Vudi. Bir
qaragin-a, erkaklar qanday tuzilganu ayollar qanday tuzilgan, shunda senga hammasi kunday
ravshan bo‘ladi: ayol faolsizligicha qolaveradi, erkakka esa lallayib turmasdan harakat qilishni
xudoning o‘zi buyurgan. Odamlar biron-bir narsani o‘zgartirishga kuchi yetmaydi. Ular shunaqa
yaratilgan — mana, gap qayoqda. Bin... bin... binobarin... — Berns qoshini chimirdi va jim bo‘lib
qoldi. — Bin... bin... — U qo‘lini qulochkashlab olib kelib, ingichka lablariga surtdi. — Binobarin, —
nihoyat gapini to‘g‘riladi u, — hech qanaqa ahamiyat kasb etmaydi: uyda hamma narsa har qancha
go‘zal bo‘lmasin, erkak doim bir nima qidiradi. Unda hammasi joyida bo‘lmasa-chi, u unda “nima
uchun?” deb so‘ramaydi. U o‘zi bu savolga javobni uydan tashqarida qidira boshlaydi. Ayrimlarda
uyda ham hammasi yaxshi va oiladan tashqarida ham. Bunday hollarda hech kim gunohkor emas —
na ular, na ularning xotinlari. Shunchaki erkaklar buni uddalay olmaydilar. Bizlarning tabiatimiz o‘zi
shunaqa. Bor gap shu.
Palmer ancha vaqtgacha qimir etmay o‘tirdi. U o‘zini erkin his etmoqda edi, Bernsning ko‘z o‘ngida
uxlab qolishi hech gap emasdi. Ammo shu bilan bir vaqtda o‘zini chetdan kuzatar ekan, vujudini
mana bunday achinarli va beo‘xshov bir qiyofada ko‘rdi. Bor kuchini to‘plab, u o‘rindiqda qaddini
rostladi-da, dedi:
— Hammasi bir chaqaga qimmat.
Berns qah-qah urib kulib yubordi.
— Men aytgan haqiqatni, azizim, qanchalik tez anglasang, yashash shunchalik sening o‘zingga
oson bo‘ladi. — Shunday deb u yana telefonga cho‘zildi. — Shaftoliga qo‘ng‘iroq qilib ko‘raylik-a?
Palmer ko‘zlarini yumdi.
— Hech qanaqa Shaftoli, hech qanaqa Bo‘g‘irsoq kerak emas. — U ko‘zlarini ochdi va asta o‘zini
o‘rindiqdan siltab chiqardi, oyoqqa turganida esa mushaklari qotib qolganini sezdi.
— Nahotki buning zarari tegsa? — qistalang qilardi Berns. — Tuppa-tuzuk xonimcha, kunduzi
aerodromda kassir bo‘lib ishlaydi. Ixtiyori o‘zida bo‘lmagan ayol tuzuk ayol bo‘ladi-da, yo gapim
noto‘g‘rimi?
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |