www.ziyouz.com kutubxonasi
124
Ular ko‘rishganlaridan buyon birinchi marta Lumisning og‘zi jilmaygandan uzun cho‘zildi.
— Mana buni endi haqiqiy suhbat desa bo‘ladi, — mamnuniyat bilan dedi u. — Leyn sizni qanday
ahvolga solishini tushunasizmi, yo‘qmi, meni shu narsa qiziqtirayotgandi.
— Ammo men hozir aytmoqchi bo‘lgan gap sizga yoqmaydi, — dedi Palmer. — Ko‘rayapsizmi,
menga ajratilgan rol, nima desam ekan, birovlarning jatiga qolgan odam, menimcha, shu to‘g‘ri
keladi...
— Ishoning, xuddi shuning o‘zginasi, ha, — tasdiqladi chol.
— Lekin bu meni tashvishlantirmaydi ham...
Palmer birmuncha muddat qotib qolgandek tuyulgan Lumisni kuzatib turdi. Keyin Lumis ikki bor
boshini irg‘adi.
— Hammasi ravshan, — dedi u, — xuddi shundan cho‘chib turgan edim.
Yigirma beshinchi bob
Lumisning aybi bilan lench ham rasvo bo‘ldi, shoshayotganini yashirishga ham harakat qilmadi,
dedi o‘zicha Palmer bankka yo‘l olar ekan.
Xayrlashuv chog‘ida Lumis:
— Shaharga qirq daqiqalarda tushaman, meni kutmasangiz kerak? — deya tashlagan luqmasida va
Palmerning:
— Ha, albatta, — degan javobida bu ayniqsa yaqqol sado berdi.
Endi Ist River shohrohidagi mashinalar oqimi ichida chap berib kelayotgan taksida o‘tirarkan,
Palmer Lumis bilan suhbatidan olgan g‘arib ma’lumotlar ichidan eng muhimlarini tanlashga harakat
qilardi.
Lumis, albatta, haq edi: Palmer haddan tashqari murosasiz nuqtai nazarni band etgandi. Ammo
Palmerga boshqa narsa ham ravshan edi: boshqa har qanday yondoshuv zaiflik deb baholanishi
mumkin. Hatto agar Berkxardt biron narsani oshirib yuborgan taqdirda ham baribir Lumis uning
qarshisida o‘zini bu qadar zaif qilib ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan odam emasdi.
Garchi Lumisdek muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa-da, otasi o‘sha toifadagi odamlar sirasiga
kirardi. Xoh tennis kortida bo‘lsin, xoh biznesda, ularni birgina xohish — yengish xohishi telba qilib
qo‘ygandi, bu esa raqib uchun o‘yinni har qanday zavqdan mahrum etar edi. Ularning sharti bitta —
qanday o‘ynashmasin, yutishsa bo‘lgani. Darvoqe, ular haq bo‘lishlari ham mumkin. Palmer boshini
chayqadi.
Chap tomonda Belvyu binolari ko‘zga tashlandi — temir va shisha qutichalar bilan qurshalgan
ko‘hna, iflos gospital. Bu uchrashuv unga biron narsa berdimi?
Yo‘l-yo‘lakay Berns haqida eslash Palmerning diqqatidan qochib qutulmadi. Lumis hatto
ko‘rinishdan bu bilan maxsus axborotga ega ekanini ham bilib oldi, shuningdek, undan jiddiyroq
ma’lumotlarga ega ekanini-da tushuntirib qo‘ydi.
Palmerga qanday topshiriq berilganini aniq bilishga Lumis shama qildi. Bu sinov soqqasimi yoki
dalilni ro‘kach qilishmi — har ikkala holda ham bunga alohida ahamiyat berishga arzimasdi.
Lumisning Berkxardtga qarshi irod etgan ayblov nutqi Palmerning nazarida ikki maqsadni ko‘zda
tutardi: uning shefga bo‘lgan ishonchini darz ketkazish va ayni vaqtda tijorat banklari o‘rtasida
mavjud kelishmovchilar xavfini ko‘rsatib qo‘yish. Unisi ham, bunisi ham hozirgi pallada Palmerni
tashvishga solmasdi. Nima uchunligini uning o‘zi ham aniq chamalay olmasdi, ammo bu masalani
ham hal etishga ulguraman deb ahd qildi.
Biroq Palmer Berkxardt uni qiyin ahvolga solib qo‘yganini tan olgandan keyin ularning suhbatida
burilish ro‘y berishi g‘oyat qaltis ekanini sezgan edi va suvdan quruq chiqish uchun chol barcha
choralarni ko‘rib qo‘yganini uning o‘ziga bildirdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |