www.ziyouz.com kutubxonasi
99
— O’n yoshda-ya? — qayta so‘radi u bu safar xotirjam ohangda.
Juvonning lablari g‘amgin tabassumdan egildi.
— Oxiri lol qoldirdimmi sizni?
— Lol qolganim yo‘q, — e’tiroz bildirdi Palmer. — Hafsalam pir bo‘lib ketdi.
— Bo‘lmasam-chi, ayniqsa bular hammasini sizning bolalik yillaringiz bilan taqqoslaganda, — dedi
juvon va yana ilgarilab ketdi. — Bo‘pti, taqqoslamaganingiz yaxshi. Nazarimda, hayotning jinsiy
jihatlari bilan biz ikkovimiz ancha kech tanishganga o‘xshaymiz.
— Menda bu narsa o‘n sakkiz yoshimda sodir bo‘lgandi, undan erta emas.
— Menda esa o‘n sakkiz ancha erta hisoblangan, — dedi Virjiniya.
— Demak men rosa sakkiz yilni boy beribman-da? — miyig‘ida kuldi Palmer. — Garchi bu narsa
nima ekanini bilmasam-da, ayni kuch-quvvatga to‘lgan sakkiz yil-a?
Ular o‘ngga burilishdi va Ist-River tomon yo‘l olishdi, Leksington avenyuni kesib o‘tishdi va Uchinchi
avenyu muyulishida to‘xtashdi.
— Shu yerda ajrashamiz, — dedi juvon. — To‘g‘ri boraverasiz va oxiri o‘ng tomonda yangigina
baland oq binoga duch kelasiz. — Palmer undan Berns uyi joylashgan joyni bu qadar nechuk aniq
bilasiz deb so‘rashdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. Politsiya sirenasining tobora kuchayib borayotgan
ovozi quloqqa chalindi. Yonlaridan politsiya avtomashinasi va ortidan politsiya departamentiga
qarashli kattakon “tez yordam” yashil avtomashinasi o‘tib ketganini bazo‘r ilg‘adi.
— Kimnidir qaerdadir, — asta dedi Virjiniya, — “flitvid” g‘ildiraklari ostidan vaqtida tortib
chiqarishga ulgurmaganlar.
Ular tik turgancha “tez yordam” avtomashinasi tomidagi lip-lip qilayotgan chiroqni indamay kuzatib
qolishdi. Uchinchi avenyuning oxiri ko‘rinmas bir puchmog‘iga kirib, ko‘p o‘tmay “tez yordam” ko‘zdan
g‘oyib bo‘ldi. Shu asnoda o‘ylashga ham ulgurmay Palmer o‘z ovozini eshitdi:
— Sizni kuzatib qo‘ysam maylimi?
Juvon asta boshini chayqadi:
— Minnatdorman, bugungiday havo yaxshi kunlari oyimning kechqurunlari oynadan boshini
chiqarib toza havodan nafas oladigan odati bor. Keyin unga rosa tushuntirishimga to‘g‘ri keladi.
Kechqurun qizimni kuzatib qo‘yar ekanmi, bu odamga ishonib bo‘lmaydi, odatlari yomon ekan deb
o‘ylay boshlaydi. Ana undan keyin qutulib bo‘psiz oyimdan.
— Qanaqa yomon odatlarni nazarda tutayapsiz?
— Eh, qaysi birini aytay? Siz — mening boshlig‘imsiz, uylangansiz. Oxiri borib-borib sizning hatto
katolik ekaningizni tan olishimga majbur qiladi.
— Agar bunaqa ziyofatlarga tez-tez kelib turadigan bo‘lsam, kim bilsin, oxiri katolik cherkovining
ashaddiy kurashchisiga aylanib qolarman? Ungacha siz biron narsa o‘ylab toparsiz?
— Bir gal shunday qilishga ham urinib ko‘rdim, ammo chiqmadi. Oyim meni darhol fosh qilib
tashladi.
— Yigit katolik emasmidi? — so‘radi Palmer.
— U bo‘ydoq emasdi. Xayrli tun.
Oraga noqulay sukunat cho‘kdi.
— Buni qarang-a, — dedi birozdan so‘ng Palmer. — Oyingiz sizdagi bu e’tirofni qanday qilib ilg‘ab
oldiykin?
— Bu hech narsa emas, — dedi juvon, — xotini o‘sha yigitdagi e’tirofni ilg‘ab olgani oldida bu
holva-ku. Yo‘q, yaxshisi, xayrli tun, yaxshi boring.
U juvonga tikilgancha joyida turaverdi va ayol ham joyidan qimir etmayotgandi.
— Menda shunday tasavvur paydo bo‘ldiki, siz har qanday sirni saqlay olasiz, — dedi Palmer.
— Oyim esa sizda har qanday sirning tagiga yeta oladigan odamdek taassurot qoldirishi mumkin.
Palmer yana o‘ylab olishga ulgurmay shartta dilidagini aytdi-qo‘ydi:
— Men bilan birga borsangiz qalay bo‘larkin?
— Bugun Bernsnikida mehmon bo‘lishdan ko‘ra noqulayroq joyni topish ancha qiyin bo‘lsa kerak.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |