www.ziyouz.com kutubxonasi
95
— Kerak ham, bo‘laveradi ham.
— Xuddi tipratikondek tikonlarga qoplanib olgansiz.
— Qoplanib emas, yashirinib olganman, — e’tiroz bildirdi Palmer.
— O’n birdan keyin nima bo‘ladi? — so‘radi Virjiniya.
— Sizni to‘ydirib ichirishibdi, — dedi Palmer. — Men buni darrov sezdim.
— “Ser, meni yaralamadilar, meni o‘ldirdilar!” Soqiylik vazifasini bajarganda mister Garrison
Elderning qanaqa bo‘lib ketishini siz tasavvur ham qilolmaysiz.
— Kechirib qo‘yasiz, men ham qo‘shilganman, — e’tiroz bildirdi Palmer va bo‘sh qadahini ko‘tardi.
U qadahga diqqat bilan razm soldi, keyin esa xo‘mrayib so‘radi: — Kalxeynga nutqni Berns yozib
bergan bo‘lsa kerak?
— Shak-shubha yo‘q.
— Nima uchun u har doim bunaqa tumtaroqli qilib yozadi?
— Kalxeynning nuqtai nazarida, — dedi juvon, — qancha noaniq bo‘lsa, shuncha yaxshi.
— Agar ular ikkovini bir joyga qo‘ysa, — dedi Palmer, — dunyoni zulmat bosardi. — U xo‘rsinib
qo‘ydi.
Nihoyat “Vasvasa” tovushlari ostida g‘ayrioddiy sheva bilan romans ijro etmoqchi bo‘lgan tenorga
joy bo‘shatib, qiziqchi chetlashdi. Tenor omma ham bu kuydan to‘liq zavqlanib ulgurmagan deb xayol
qilgandi, biroq qarasaki, uning o‘zi qabih niyat qurboni bo‘lib o‘tiribdi, chunki “Vasvasa”dan bir necha
maqom chalib, orkestr birdan fokstrotning quloqni qomatga keltiruvchi jo‘rligida o‘ynoqi kuyga o‘tib
ketgandi. Yakunida “Besa me mucho” yangrab, tomoshabinlar qarsak bilan qarshi oldilar. Shundan
keyin qiziqchi raqslar boshlanganini e’lon qildi.
Tanobiyda charaqlab yongan chiroqlardan ko‘zlarini qisib odamlar u yon-bu yonlariga qaragancha
stoldan turishdi. Hay’at stoli birdan qorong‘ilik ichida qoldi va fayzini yo‘qotdi. Eng avval ruhoniylar
o‘tirgan o‘rindiqlar bo‘shadi.
Garri Elder ham o‘rnidan turdi va ohista qornini silab qo‘ydi. Paytdan foydalanib bir nechta
reportyor Kalxeyn tomon otildi. Elder Virjiniya Kleriga iliq jilmayib qo‘ydi.
— Nachora, u bo‘lmasa, mana, men sizni taklif qilaman, — dedi u o‘zining baland xirildoq ovozida.
Avvaliga Palmer nima gapligini tushunmadi, so‘ngra fahmlab olgach, u o‘rnidan turdi va Virjiniya
oldida boshini xiyol egdi.
— Mister Elder bilan bu safar raqs tushishga rozilik bildirib, unga marhamat ko‘rsatmaysizmi?
— Jonim bilan.
Palmer ularni ko‘zdan qochirmagancha qayta joyiga borib o‘tirdi va Elder bilan xonim raqs
tushuvchi juftliklarga allaqachon to‘lib bo‘lgan maydoncha tomon ketdi. Palmer juvonni, uning
harakatlarini, oppoq libosdagi sarvdek qomatini kuzata boshladi. Keyin, kim bilsin, nechanchi marta
yana soatiga qaradi va Berns bilan uchrashuviga hali ancha borligidan afsuslanib qo‘ydi. Katta
to‘rtburchak shishaga qo‘l cho‘zib, u muzlari erib bo‘layozgan qadahiga viski quydi. U “ketar jafosi”ga
va o‘n birgacha qancha vaqt qolganidan qat’i nazar, bulardan juftakni rostlash uchun ichishga ahd
qildi. Juda bo‘lmaganda u mana bu tanobiyda ivirsib yurgandan ko‘ra Bernsning uyiga piyoda borsa
ham bo‘lardi-ku. Ora-chora raqs tushayotganlar orasidan lip-lip ko‘zga tashlanib turgan oq libosga
qarab-qarab, viskini shoshmay oxirigacha ichdi. Elder bilan Virjiniya kula-kula Palmer o‘tirgan stolga
qaytib kelishardi. Palmer o‘rnidan turdi va juvonga o‘rindiqni surdi.
— Keyingi navbat seniki, Vudi, — nafasini bazo‘r rostlab dedi Elder. — Bu telba kuy menga to‘g‘ri
kelmas ekan.
Bir necha soniya uchovlon nima qilishni bilmay turib qolishdi. So‘ng Virjiniya Palmerning qo‘lidan
tutdi-da, uni raqs maydonchasiga olib ketdi. Juvon maydoncha chetida to‘xtadi va unga o‘girildi.
— Buning nimasi telba kuy ekan? — dedi Virjiniya. — Eng oddiy lotin amerikasi kuyi-ku. — Palmer
uni o‘ziga qaratdi-da, garchi orkestr qandaydir boshqa kuyni chalayotgan bo‘lsa ham “pa rumba”
maqomida maydoncha chekkasi bo‘ylab asta yurib ketdi. Palmer o‘zini juvondan ancha balandman,
deb o‘ylagandi, biroq raqs tusha boshlashgani hamon Virjiniyaning birdaniga bo‘yi cho‘zilib ketganday
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |