www.ziyouz.com kutubxonasi
91
eng qiyin vaziyatlarda ham ichki sezgisi va aniq hisob-kitob bilan ish tutishiga Palmer tan bermay iloji
yo‘q edi. Ravvin gapini to‘xtatgan bir vaqtda u ham Kalxeyn bilan suhbatini uzgudek bo‘lsa,
tomoshabinlar bunda qandaydir pinhoniy haqoratni anglagan va hatto Bernsni ruhoniyga nisbatan
hurmatsizlik qilishda ayblagan bo‘lar edilar. Biroq Berns Feytlbaumni ham, Grorkni ham birday yomon
ko‘rardi va shu bilan uning qilmishining shaxsiy yo‘nalishi va uni dinga nisbatan haqoratomuz xatti-
harakatlarda ayblash imkoni istisno bo‘lar edi.
Kalxeyn tashvishlangannamo ikki bor bosh irg‘ib qo‘ydi va Berns qaddini g‘oz tutib, sherigiga kuyib-
pishib gap uqtirayotgan Grorkning yonidan o‘tdi-da, endi tanobiyga yo‘l olaman deganda yo‘l-yo‘lakay
Palmerning yonida to‘xtadi va unga egildi. Palmer uning uzunchoq, torgina burun kataklari oshkora
tantana bilan titrayotganini ko‘rdi.
— Tanobiyda igna tashlasang yerga tushmaydi, Vudi, — shivirladi Berns, — yana o‘n beshtacha
stol olib kirishga to‘g‘ri keladi. Zo‘r, shunday emasmi?
Palmer uning yuzlari yal-yal yonganini his etdi. O’zining katta hayotiy tajribasiga qaramay, u
bolalikdagi unga singdirib kelingan odob yuziga oyoq bosa olmasdi. Ayni damda u o‘zini g‘oyat
noqulay his etmoqda edi. Nima uchun Berns bunday qilayotganini va unga, Palmerga ayni vaqtda
qanday xizmat ko‘rsatayotganini a’lo darajada tushunib turardi. Berns go‘yo ularni kuzatib turgan
omma o‘ngida uni Kalxeyn bilan ko‘rinmas rishta ila bog‘lab qo‘ygandi. Baribir Palmer o‘zining bema’ni
ruh va notiqlarga nisbatan hurmatsizlik namoyish etilgan tomosha ishtirokchisi ekanini his qilib,
xijolatdan chiqolmayotgandi. Buning ustiga ko‘psonli tomoshabinlarning diqqat markazida bo‘lib
qolishi unga sira yoqmayotgandi.
— Hoy birodar, endi ovqatlanib olsang ham bo‘lardi! — Berns Palmerning yelkasiga qoqib qo‘ydi va
go‘yo turishiga yordam bermoqchiday uning qo‘ltig‘idan oldi.
— Avval quloq solsangiz-chi, — so‘z boshlamoqchi bo‘ldi Palmer.
Shu lahzada go‘yo unga qandaydir g‘oyat muhim va ishonchli bir narsani shipshitib qo‘ymoqchiday
Bernsning yupqa lablari tez-tez qimtildi. Qo‘li tanobiyning to‘rdagi uzoq burchagini ko‘rsatganicha
Palmerning boshi uzra aylandi. U bir necha bor tez-tez, qariyb g‘azab bilan boshini saraklatdi va
sarg‘ish ko‘zlari chaqnadi. Bu barcha alomatlardan uni kuzatib turgan har qanday odam Palmerni
muhim ish bilan shoshilinch chaqirishayotganini anglab olishi tayin edi. Bernsning yordamida u
o‘rnidan ko‘tarildi va u bilan izma-iz hay’at supachalaridan tushib, qop-qorong‘i katta tanobiyga kirib
ketdi.
Ular qiyinchilik bilan behisob stollar oralab yon eshikkacha yetib borishdi-da, tanobiyni tark etishdi.
Bu yer salqin edi. Ortlaridan eshik yopilishi bilan Grorkning ovozi birdan tindi va quloqqa elas-elas
chalinuvchi bidirlashga aylandi.
— Ana, do‘stim, seni qutqarganim uchun menga rahmat ayt, — dedi Berns miyig‘ida kulib.
— O’zi nima gap? — so‘radi Palmer. — Bu yerda mening bo‘lishim nima uchun bu qadar
shoshilinch kerak bo‘lib qoldi?
Berns iljayib qo‘ydi:
— Grork dahanaki ichketar dardiga yo‘liqqan. Juftakni rostlab qolish uchun bu uzrli sabab bo‘lmay
nima?
Palmer kulimsiragancha boshini chayqab qo‘ydi:
— Sizning avval Kalxeyn bilan gaplashganingizni, undan keyin mening oldimga kelganingizni
odamlar ko‘rmadi deb o‘ylaysizmi?
Bernsning ko‘zlari bir lahza qisildi, biroq o‘sha zahoti katta-katta ochildi-da, qah-qah urib kulib
yubordi.
— Nima ham derdim, zehningizga qoyil qolmay iloj yo‘q, mister Palmer, — dedi u. — Hozirgina
qilgan ishimiz sharofati bilan tanobiyda o‘tirgan o‘n-o‘n besh nafar omonat banklar rahbarlari
ramaqdajon bo‘lib yotishibdi.
— Baribir ham Olbanida respublikachilar partiyasi ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishiga qaramay, —
o‘ychan holda dedi Palmer. — Kalxeyn singari shunday zalvorga ega bo‘lib turib ham demokratik
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |