Kimyoviy jarayonlarni olib borish usullari
Har qanday texnologik jarayonni olib borishning eng maqbul sharoitlarini topish maksimal tezlikda
katta miqdordagi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Jarayon tezligi qancha yuqori bo׳lsa,
vaqt birligi ichida qurilmada shuncha ko׳proq xom ashyoga qayta ishlov berish mumkin. Demak,
jarayon tezligi ortishi bilan texnologik sxemaning unumdorligi oshadi.
Kimyoviy jarayonlarning kinetikasini o׳rganish kimyoviy-texnologik jarayonlarni oqilona boshqarishni
o׳rgatadi. Masalan, boshlang`ich moddalar konsentratsiyasini (gaz muhitlaridagi reaksiyalarda esa
bosimni) oshirish, reaksiya haroratini ko׳tarish, katalizatordan foydalanish, geterogen jarayonlarda
o׳zaro ta’sirlanuvchi moddalarning kontakt yuzasini oshirish zarurligi to׳g`risidagi xulosaga kelamiz.
Kimyoviy reaksiya tezligiga ta’sir etuvchi sanab o׳tilgan omillar kimyoviy-texnologik jarayonlarni
boshqarish imkoniyatini yaratadi.
Boshqaruvchi omil sifatida shunday kattalik qo׳llaniladiki, uni texnologik jarayon mobaynida boshqa
kattaliklarga bog`liq bo׳lmagan holda o׳zgartirish mumkin. Jarayonni olib borish sharoitiga ko׳ra,
boshqaruvchi kattalik sifatida o׳zaro ta’sirlanuvchi moddalarning konsentratsiyasi, jarayonning harorat
rejimi, katalizatorli reaksiyalarda katalizator faolligi qo׳llanilishi mumkin.
Ish konsentratsiyalarini boshqarish.
Kimyoviy reaksiya davomida komponent konsentratsiyalari
kamayadi va buning natijasida tezlik pasayadi. Amaliyotda o׳zaro ta’sir qiluvchi komponentlarning ish
konsentratsiyasini oshirish uchun komponentlar boshlang`ich konsentratsiyasini oshirish, reaksion
hajmdan reaksiya mahsulotlarini chiqarish, shuningdek bevosita jarayon kechish vaqtida reaktorga
qo׳shimcha reagentlar kiritish yo׳llari qo׳llaniladi. Boshlang`ich xom ashyolarda reagentlar
konsentratsiyasini oshirish usuli komponentlarning boshlang`ich konsentratsiyalarini, ya’ni reaksiyaning
boshlangich tezligini oshirish imkoniyatini beradi.
Reaksion hajmdan reaksiya mahsulotlarini chiqarish usuli reaksiyaning umumiy tezligini oshiradi. Bu
usul asosan gomogen reaksiyalarda qo׳llaniladi. Gaz aralashmalaridan tayyor mahsulot kondensatsiya,
absorbsiya yoki adsorbsiya jarayonlari yordamida chiqariladi. Buning uchun gaz aralashmasi reaksion
qurilmadan chiqariladi va tayyor mahsulot ajratib olingandan so׳ng, qo׳shimcha moddalar qurilmaga
qaytariladi.
Gomogen suyuq aralashmalardan reaksiya mahsulotlarini chiqarish uchun kristallizasiya, bug`latish
yoki ekstraksiya jarayonlari qo׳llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |