ikkinchidan, bunday analogiya tariqasida sud qarori faqat nizo uchun kuchda bo’lishini;
uchinchidan, sud qonunlarining umumiy negizlari va mazmuniga quruqdan-quruq havola qilmay, balki qarorni ifodalashda sud qaysi qonunning umumiy asoslariga tayanib, o’z qarorini chiqarganligini ko’rsatish lozim.
Fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarni o’xshashlik bo’yicha qo’llanishga yo’l qo’yilmaydi.
Fuqarolik-huquqiy normalarni tadbiq etish va sharhlash to’g’risida to’xtalib shuni aytish kerakki, huquqiy normalarni tadbiq etish deganda, konkret fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tegishli huquq normasiga muvofiq holda qilinishi va bu munosabat yuzasidan majburiy kuchga ega bo’lgan qaror qabul qilinishi tushuniladi. Huquq normalari tadbiq etishga vakolatli bo’lgan davlat organlari tomonidan, Jumladan, sud, prokuratura, xo’jalik sudi va boshqa organlar, shuningdek, ba`zi hollarda jamoat tashkilotlari tomonidan qo’llaniladi.
Huquq normalarini tadbiq etish tushunchasidan ularga rioya qilish tushunchasi farq qiladi. Huquq normasini yuqorida aytilganidek, faqat muayyan vakolatli organlargina tadbiq etishlari mumkin bo’lsa, huquqiy normalarga rioya qilishga har bir shaxs (fuqaro va tashkilot) majburdir.
Huquq normasining to’g’ri qo’llanilishi uning hozirgi vaqtda amalda bo’lish-bo’lmasligini, ya`ni, uning bekor qilingan-qilinmaganligini yoxud o’zgartirilgan-o’zgartirilmaganligini, uning qanchalik majburiy bo’lish-bo’lmasligini va haqiqiy matnini aniqlash imkoniyatini beradi. Huquq normasini tegishli fuqarolik huquqiy munosabatga tadbiq etish uchun uning aniq mazmunini, ma`nosini va ahamiyatini belgilash zarur. Huquq normasi ma`nosini belgilash va tushuntirishga qonunni sharhlash deyiladi.
Fuqarolik huquqi normalarini sharhlash sharhlovchi sub`ektlar, sharhlash usullari, shuningdek, hajmiga qarab bo’linadi.
Normani sharhlovchi sub`ektlar huquq normalariga rasmiy va norasmiy sharh beruvchilarga bo’linadi. Rasmiy sharh vakolatli bo’lgan hokimiyat organlari tomonidan berilib, ma`lum darajada majburiy kuchga ega bo’ladi. Bunday sharh Oliy Majlis tomonidan beriladi. Ular Respublika doirasida barcha fuqarolar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi. SHuningdek, mahalliy Kengashlar tomonidan beriladigan sharhlar ham rasmiy ayni paytda majburiy hisoblanadi.
Rasmiy sharhning turlaridan biri sud sharhlashidir. Ma`lum bir ishni hal qilishda sud tomonidan berilgan sharh chiqarilgan qarorning qonuniy kuchga kirganidan so’ng mazkur ish bo’yicha majburiy hisoblanadi. Ammo kelajakda shunga o’xshash boshqa ishni hal qilishda, boshqa sudlar, jumladan, shu sudning o’zi ham avvalgi ishning hal qilinishiga qarab masalani yecha olmaydi. CHunki, umumiy harakterda bo’lgan ba`zi sharhlar Oliy sud Plenumi tomonidan beriladi. “Sudlar to’g’risida”gi qonunda Oliy sud Plenumi rahbariy tushuntirishlar berishligi ko’rsatildi. SHu tartibda qabul qilinadigan qarorlar sudlarda ishlarning bir xilda ko’rilishini ta`minlashga qaratilganligi sababli sudlar uchun majburiydir.
Norasmiy sharh deb, majburiy kuchga ega bo’lmagan sharhga, masalan, ilmiy asarlarda, darsliklarda, mahruzalarda beriladigan sharhlarga aytiladi. Bunday sharhlar yuridik kuchga ega bo’lmasa ham qonunning ma`nosini aniqlashga yordam beradi. Ular imloviy, mantiqiy, tizimli va tarixiy sharhlashga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |