So‘z va termin (atama) o‘rtasidagi munosabat haqida. Har bir termin odatda ma’lum bir sohaniki bo‘ladi. Ammo shunday hollar ham uchraydiki, bir leksema ayni bir vaqtda bir necha sohaning termini bo‘lib ham xizmat qiladi. Masalan, tekislik- leksemasi geografiyada ham (“ravnina” ma’nosida), matema-tikada ham (“ploskost” ma’nosida) termin sifatida ishlatiladi. Asli bunday holatga yo‘l qo‘ymagan ma’qul.
Ba’zan bir sohaning o‘zi doirasida ikki har xil tushuncha ayni bir leksema bilan anglatiladi. Bunday salbiy holatga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Masalan, o‘zbek tilshunosligida daraja- leksemasi uzoq vaqt ikki har xil hodisaning nomi sifatida ishlatildi: sifat darajalari-, fe’l darajalari-; keyinchalik ikkinchi hodisa nisbat- termini bilan nomladi; qaratqich – leksemasi ham uzoq vaqt kelishikning va bo‘lakning nomi sifatida ishlatidi, hozir bo‘lakning nomi sifatida qaratuvchi- termini qabul qilindi.
Ko‘p ma’nolilik notermin leksemada tabiiy, hatto zaruriy holat deb qaralsa, terminda g‘ayriqonuniy, chalkashlikka olib keladigan, qiyinchilikni yuzaga keltiradigan holat deyiladi. Chunki notermin leksema nutqda har gal bir leksik ma’nosi bilan ishlatiladi. Ko`p ma’noli (aniqrog‘i har xil ma’noli) terminda esa uning bir ma’nosi boshqa ma’nosini istisno qilib turavermaydi. Shunga ko‘ra ayni bir matnda har xil mazmun duch kelib qoladi. Bunday salbiy holat asosan termin bir sohaning o‘zida ko`p ma’noli (har xil ma’noli) bo‘lganida yuz beri.
Biror kasb yoki sohaga doir tushunchani anglatadigan, leksik ma’nosi aniq ta’riflangan, ishlatilishi ma’lum doira bilan cheklangan leksemaga termin deyiladi. Biror kasb yoki soha terminlarining jami shu kasb yoki sohaning terminologiyasi deyiladi12.
Barcha terminlar mohiyat jihatidan bir xil emas. Fan-texnika sohalarida ishlatiladigan terminlardagina ular anglatadigan tushuncha aniq ta’riflanadi, shunga ko‘ra ularning ishlatilish doirasi ham aniq chegaralangan bo‘ladi, bunday terminlarga leksik ma’no taraqqiyoti uchun ham imkoniyat bo‘lmaydi. Masalan, fonema-, morfema- (tilshunoslik), chekanka-(chilpish), kultivatsiya- (qishloq xo‘jaligi) terminlarida shunday (ilm-fanning taraqqiyotig, muallifga bog‘liq holda voqe bo‘ladigan ayrimlikar tushunchaning aniq ta’riflanishiga halal yetkazmaydi).
Ba’zan leksema ma’lum bir kasb-hunarga, sohaga xos bo‘ladi-yu, lekin u anglatadigan tushuncha aniq ta’riflanmagan bo‘ladi. Shu sababli bunday leksemalar leksik ma’no taraqqiyotiga uchrashi mumkin. Masalan, kitob-, daftar-, qalam-, qog`oz- kabi leksemalar asli ma’lum bir sohaniki. Shunga qaramay bu leksemalar bir qancha ma’noda ishlatiladi. Jumlada, qalam- “leksemasi ingichka grafitning ustini yupqa yog‘och bilan tayyorlangan yozuv quroli” ma’nosini anglatadi; bu leksema ayni vaqtda “yozuvchi”, “qalamkash” (qalam ahli) ma’nolarini ham anglatadi.
Ikki hodisani farqlash kerak: termin yaratish bor va termin o‘zlashtirish bor. Bu ikki hodisa alohida-alohida baholanishi lozim. Termin asosan ikki yo‘l bilan yaratiladi:
1.Tilda mavjud leksema yangi ma’noda – terminologik ma’noda ishlatiladi. Buni terminologik ma’noli lesema deb atash mumkin. Masalan, qo‘shimcha- leksemasi asli ’dopolneniye’ ma’nosini anglatadi. Takliflar bo‘yicha qo‘shimcha va tuzatishlar bormi? Bundan tashqari, qo‘shimcha- leksemasi terminologik ma’noga ham ega: ko‘plik qo‘shimchasi-, kelishik qo‘shimchasi- kabi.
Terminologik ma’no bilan unga asos bo`lgan leksik ma’no orasidagi bog‘lanish ozmi-ko‘pmi sezilib turadi, shu sababli bunday ma’nolar bir leksemaning ma’nolari sifatida birlashadi. Masalan, gap- leksemasi o‘zbek tilida, avvalo, ’razgovor’ ma’nosini anglatadi; Gapni Tavhidiy boshladi (Abdulla Qahhor). Bu leksemaning yana bir leksik ma’nosi – ’ziyofat’: Chol o‘ldi, o‘g‘il yeb yotibdi: gap-gashtak, bazm, uloq, mehmon-izlom inchunun (Oybek). Bulardan tashqari, gap- leksemasi grammatik termin bo‘lib ham xizmat qiladi.
2. termin maxsus yasaladi. Buni yuqoridagi hodisadan farqlab termin leksema deb atash mumkin. Masalan, bosim-, ko‘rsatkich-, kelishik- kabilar – o‘zbek tilida yasalgan termin leksemalar. Bunday leksema, odatda, faqat termin sifatida xizmat qiladi.
Termin leksema yasashda ikki holat bor:
O‘zgacha parallel yasalish yo‘q bo‘ladi, yangidan yasaladi: urg‘u- – ’udareniye’, yuklama- – ’chastitsa’, sifatdosh- – ’pricheniye’, ravishdosh- – ’deyeprichastiya’ kabi:
O‘zigacha parallel yasalish bor bo‘ladi: birlik- – ’yedinstvo’ va birlik- – ’yedinstvennoye chislo’, kesim- – ’lomot’, ’kusok’ va kesim- – ’skazuyemoye’ kabi. Bunda bir yasama leksemaga parallel ravishda qayta yasash voqe bo‘ladi, yasalma har gal yangi leksik ma’noni anglatishga xizmat qiladi. Bunday yasalish oz uchraydi.
Terminologik ma’no o‘zi uchun asos bo‘lgan leksik ma’noga nisbatan ikkilamchi, hosila ma’no bo‘ladi. Temin leksemada (agar u ko‘p ma’noli bo‘lsa) taraqqiyot aksincha yuz beradi: terminologik ma’no birlamchi, boshqa leksik ma’no terminologik ma’noga nisbatan ikkilamchi, hosila ma’no bo‘ladi: urg‘u- – tilshunoslik termini, urg‘u- – ’alohida e’tibor’ kabi.
Ilm-fan, texnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid tushunchalarning aniq atamasi bo‘lgan so‘z yoki so‘z brikmasi temin deyiladi13. Har bir fan, kasb-hunar o‘z terminlariga, shu terminlar jamidan iborat leksikasiga ega. Bunday maxsus leksika terminologiya deb ham yuritiladi: fizika terminologiyasi, lingvistik terminologiya kabi.
Terminlar muayyan bir sohaga oid tushunchalarni aniq ifoda etuvchi so‘zlar bo‘lsa-da, lekin bu so‘zlarning qo‘llanishi shu soha kishilari doirasi bilan chegaralangan bo‘lishi shart emas. Bunda ikki holatni ko‘rish mumkin:
Terminlarning ma’nosi sohaga aloqasi bo‘lmagan kishilar uchun ham tushunarli bo‘ladi va ular tomonidan ham qo‘llanaveradi. Masalan: botanikaga oid bug‘doy, paxta, o‘rik, g‘o‘za, uzum, nok; san’atshunoslikka oid sahna, afisha, aktyor; meditsinaga oid ukol, narkoz, gripp kabi.
Terminlarning ma’lum qismi shu termin oid bo‘lgan soha kishilari uchun tushunarli bo‘ladi va shular nutqida qo‘llanadi: tilshunoslikka oid morfema, fonema, urg‘u, o‘ zak; ximiyaga oid oksidlar, indikator kabi.
Shuni aytish kerakki, umumiste’moldagi so‘zlar ma’lum bir sohaga oid tushunchani ifodalovchi so‘z sifatida qo‘llanishi, terming aylanishi mumkin. Bunday hollarda u so‘z dastlabki ma’nosi (yoki ma’nolari) bilan umumiste’moldagi leksikaga, maxsus (terminologik) ma’nosi bilan esa terminologik (chegaralangan) leksikaga oid bo‘ladi: Navoiy binolar uchun lozim bo‘lgan marmar va ranglrning miqdori va sifati, eshiklarning shakli, peshtoqlarga yozilgusi bitiklar haqida qunt bilan uzoq suhbatlashdi (Oybek “Navoiy”). Sifat so‘z turkumining gapdagi asosiy vazifasi gapda sifatlovchi-aniqlovchi bo‘lib kelishidir.
Birinchi gapdagi sifat so‘zi o‘zining dastlabki ma’nosida qo‘llangan. Bu ma’nosi bilan u keng iste’moldagi so‘zlar jumlasiga kiradi. Ikkinchi gapdagi sifat so‘zi esa tilshunoslikka oid termin hisoblanadi. Tovush, ot, sifat, son, fe’l, ravish, hol, so‘z, gap kabi so‘zlar ham asosiy (dastlabki) ma’nolari bilan umumiste’moldagi leksikaga, ikkinchi, maxsus (lingvistik) ma’nolari bilan terminologik (chegaralangan) leksikaga kiradi. Demak, lug‘at sostavidagi ma’lum bir so‘z umumiste’moldagi so‘z ham, termin ham bo‘lishi mumkin.
Predmet yoki hodisa sezgi a’zolari yordami bilan kishi miyasida aks etadi va tilda ma’lum nutq tovushlari orqali ifodalanadi. Kishi miyasida aks etgan moddiy borliq, predmet yoki uning xossasi, hodisa yoki voqea tushuncha deb ataladi. Tushunchaning tildagi ifodasi so‘zdir.
So‘z bilan tushuncha o‘rtasida ma’lum munosabat bor bu munosabat kishilarning birgalashib mehnat qilishlari, birlikda hayot kechirishlari, ijtimoiy turmush jarayonida yuzaga keladi. Shuning uchun so‘z jamiyat a’zolari o‘rtasida bir xilda tushuniladi
Predmetlarning umumiy belgilari shu xil predmet haqida tasavvur hosil qilish uchun asos bo‘ladi. Shuning uchun ham muayyan tushunchani ifodalovchi so‘z ma’lum predmet haqidagi umumiy tasavvurni bildiradi va ayrim predmetlarda bo‘lgan umumiy holatni o‘z ichiga oladi. So‘z muayyan predmet to‘g‘risida jamiat a’zolariga bo‘lgan abstakt va konkret tushunchani ifodalaydi. Masalan, hozirgi zamon o‘zbek tilida daraxt so‘zi umuman daraxt haqidagi tushunchani bildiradi. Shu bilan birga, ayni zamonda bu so‘z mevali va mevasiz daraxtni, mevali daraxtlardan: o‘rik, olma, nok, behi, shaftoli va boshqalarni; mevasiz daraxtlardan: tol, terak, qayrag‘och, chinor va boshqalarni anglatadi. Konkret shaftoli haqida gapirilar ekan, shaftoli shaftoli so‘zi umumlashgan tushuncha bilan birga, chillaki shaftoli, tukli shaftoli kabi, shaftolining boshqa navlari to‘g‘risidagi tushunchalarni ham ifodalaydi. Shuningdek, uzum so‘zi tok yoki uning mevasi haqidagi umumiy tushunchani anglatish bilan bir qatorda, uzumning: shivirg‘oni, kattaqo‘g‘on, doroyi, shakarangur, hasayni, husayni, kishmish, charos, sohibi, buvaki kabi konkret navlarni ham bildiradi. Tilda bunday mevali daraxtlargagina emas, balki boshqa xil o‘simliklar, hayvonlar, parrandalar, kishi va boshqa har qanday predmetlar to‘g‘risidagi umumiy va konkret tushunchalar ham umumiy va aniq ma’noli so‘zlar bilan ifodalanishi mumkin. O‘simliklar yovvoyi va madaniy o‘simlik kabi turlaridan tashqari, don ekinlari, yem-xashak o‘simliklari va boshqa navlarga ham ajraladi. Don ekinlari: bug‘doy va uning qizilmag‘iz, qorategin, muzrang, qayroqi, tuyatish, chorqirra, muslimka va boshqa turlari; sholi va uning bug‘doy sholi, devzira, qozonbuzar, qoraqiltiriq, arpa sholi kabi navlari bunga misol bo‘la oladi.
Tushuncha doirasining kengayishi, predmet va uning xossasi haqidagi tasavvurning konkretlashuvi orqasidagi so‘z ma’nolari orasida differensiatsiya vujudga keladi. Masalan: sinov (zachet), imtihon (ekzamen); maktab, texnikum ,bilim yurti, institut, universitet; mudir, deriktor,rektor, prorektor kabi.
Xulosa
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, leksikologiyaning o‘rganilish obyekti hisoblangan so‘zni atroflicha o‘rganishda so‘zlarning tashqi tuzilishi, ya’ni fonetik strukturasi, lug‘aviy ma’no anglatishi, bosh va ko‘chma ma’nolarini tahlil qilish, shakliy va ma’noviy jihatdan bir-biriga o‘xshash jihatlarini diqqat bilan kuzatish zarur. So‘zlarning lug‘aviy birlik sifatidagi mohiyatidan kelib chiqqan holda so‘zlarni obyektiv borliqdagi narsa-predmet, voqea- hodisa va jarayonlarga bo‘lgan munosabatiga aniq va atroflicha xulosa chiqarishni talab qiladi. Obyektiv borliqdan tashqari, so‘zlarning ijtimoiy hayot bilan ham uzviy bog‘liqligini nazardan chetda qoldirmaslik lozim. Tilning rivojlanib, takomil topib borishi ham aynan ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘liq. Jamiyatdagi barcha sohalarning rivojlanib borishi bilan tilning lug‘at tarkibi ham boyib boraveradi. Ilm-fan, texnika- texnologiya, siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi yangiliklar va yutuqlar tilning lug‘at tarkibi boyishiga xizmat qiladi.
Tilning lug‘aviy birligi sanalgan so‘zlarni tadqiq qilishda:
So‘zlarning tashqi tuzilishi (fonetik strukturasi);
So‘zlarning lug‘aviy va grammatik ma’nolari;
So‘zlarning o‘z va ko‘chma ma’nolari;
So‘zlarning shakliga va ma’nosiga;
So‘zlarning ilm-fanning yangiliklaridan kelib chiqqan holda tushunchalarga bo‘lgan munosabatlari kabi guruhlarga bo‘lish lug‘aviy birliklar, jumladan, so‘zlarni kengroq tavsiflashga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Do'stlaringiz bilan baham: |