Hukumatlararo tashkilotlar hech bo‘lmaganda quyidagi belgilarga ega bo‘lishlari lozim:
xalqaro huquqqa muvofiq tuzilishi. Har qanday hukumatlararo tashkilot huquqiy asosda tashkil topmog‘i lozim, xususan, tashkilot alohida bir davlatning va umuman, xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga zarar etkazmasligi zarur;
xalqaro shartnoma (konvensiya, bitim, trakt, protokol va sh.k.) asosida tashkil topishi. Bunday shartnoma tarafdorlari suveren davlatlar hisoblanadi, keyingi paytlarda esa hukumatlararo tashkilotlar ham shular qatoriga kirmoqda (Masalan, EI ko‘pchilik baliq ovlovchi tashkilotlarning a’zosi sanaladi).
xalqaro tashkilotlarni tuzishdan maqsad u yoki bu sohada davlatlarning kuchini birlashtirishdan iborat: siyosiy (OBSE), harbiy (NATO), iqtisodiy (ES), valyuta-moliyaviy (XVF) va boshqalar. Ammo BMT kabi tashkilot qariyb barcha sohada davlatlarning faoliyatini muvofiqlashtirishi lozim. Bunday vaziyatda xalqaro tashkilot a’zo-davlatlar o‘rtasida vositachi bo‘lib o‘rtaga chiqadi. Ba’zan davlatlar xalqaro munosabatlarning eng qiyin masalalarini muhokama va hal qilish uchun xalqaro tashkilotga topshiradilar;
har bir hukumatlararo tashkilot tegishli tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lmog‘i lozim. Ushbu alomat guyoki tashkilotning doimiy xarakterini tasdiqlaydi va shu tariqa uni ko‘psonli boshqa xalqaro hamkorlik forumlaridan farqlaydi;
hukumatlararo tashkilotlar shtab-kvartiraga, mustaqil davlatlar va yordamchi organlar siymosida a’zolarga ega bo‘ladilar;
hukumatlararo tashkilotning ta’sis hujjatlarida umumiy shaklda mustahkamlangan huquq va majburiyatlarining mavjud bo‘lishi. Xalqaro tashkilot o‘z vakolatini amalga oshira olmaydi, lekin mustaqil xalqaro huquq va majburiyatlarga ega, ya’ni a’zo-davlatlar ixtiyoridan farqli ravishda muxtor xohish-irodaga ega bo‘ladi. Bu belgi har qanday tashkilot o‘z faoliyati sohasida a’zo-davlatlar tomonidan unga yuklangan huquq va mavjburiyatlarni bajarish vositasini mustaqil tanlashi mumkinligini bildiradi.
Shunday qilib, yuqorida bayon qilingan belgilarga ega bo‘lgan xalqaro tashkilot xalqaro hukumatlararo tashkilot sanaladi.
Hukumatlararo bitim (kelishuv)lar asosida tasdiqlanmagan har qanday xalqaro tashkilot xalqaro nohukumat tashkilot hisoblanadi. Bunday tashkilotlar eng kamida bitta davlat tomonidan e’tirof qilingan bo‘lishi, ammo kamida ikki davlatda o‘z faoliyatini amalga oshirishi lozim. Bu kabi tashkilotlar ta’sis hujjatlari asosida tashkil qilinmoqda va hozirgi paytda dunyoda ularning soni 8000 ming atrofidadir. Xalqaro nohukumat tashkilotlar hozirgi xalqaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlarida faol ishtirok etmoqda, bir qator sohalarda esa ular hatto yetakchi hisoblanadi (masalan: insonparvarlik, beg‘arazlik, mustaqillik va ko‘ngillilik Qizil xoch qo‘mitasi faoliyatining tamoyillari sanaladi va u davlatlarning turli sohalardagi hamkorligiga katta hissa qo‘shdi).
Xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari o‘rtasidagi farqlarga qaramasdan ular faol hamkorlik qilishmoqda. Maslahatlashuv maqomi bunday hamkorlikning asosiy shakli hisoblanadi.
Xalqaro tashkilotlar xalqaro tizimni boshqarishning alohida shaklini yaratmoqdaki, bu shakl davlatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi manfaatlarining o‘zaro bog‘liqliqligi va qo‘shilib ketishi kuchayib borayotgani tufayli zarurdir. Xalqaro tashkilotlar transchegaraviy siyosiy jarayonning institutsional doiralarini shakllantiradi, unda ko‘psonli davlat va hamjamiyatlarning davlat yoki nodavlat aktyorlari ishtirok etishadi. Xalqaro hukumatlararo tashkilotlar ikkilamchi va yasama bo‘ladi, chunki ular xalqaro huquqning birlamchi (boshlang‘ich) sub’ektlari — davlatlar tomonidan tuzilgan, xalqaro huquqning sub’ektlari hisoblanadi. Umuman, Xalqaro hukumatlararo tashkilotlar siyosiy sohada davlat butkul va to‘lig‘icha o‘ziga ololmaydigan boshqaruvning ma’lum funksiyasini o‘z zimmasiga oladi. Xalqaro nohukumat tashkilotlar xalqaro xususiy huquqning sub’ektlari hisoblanadi.
Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar bir qator muhim vazifalarni bajarmoqda. Masalan, xalqaro tashkilot katta bo‘lmagan davlatlarning kollektiv tashkiloti uchun qulay joyni o‘zida ifoda etadi. Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarning yarmidan ko‘pi — kichik va kuchsiz davlatlar bo‘lib, ular xalqaro huquqning suveren va teng huquqli sub’ektlar hisoblanadi. Biroq amalda ular xalqaro maydonda kuchlarini birlashtirishlari tufayli o‘z manfaatlarini ta’minlashlari mumkin. Xalqaro tashkilotlar kichik davlatlar uchun instutsional shakllar yaratmoqdalar. Kichik davlatlar kelgusida ushbu shakllar orqali o‘z manfaatlarini himoya qilishlari uchun ular yordamida dastlab maxsus birlashmalar tuzishlari mumkin. Ko‘pchilik xalqaro tashkilotlar «bitta mamlakat — bitta ovoz» tamoyiliga ko‘ra ish tutishlari sababli bu hol qaror qabul qilishda ancha ko‘pchilik ovoz olish zaruratini yuzaga keltiradi. Natijada kichik davlatlar ovoz berish natijalari va muayyan rezolyusiyalarning mazmun-mundarijasiga nisbatan kattagina ta’sir kuchiga ega bo‘lishlari mumkin, bu, tabiiyki, diplomatik munosabatlar va o‘zaro hamjihatlikning rivojlanishida ijobiy omil hisoblanadi.
Shu sababdan xalqaro tizimda BMTning hozirgi roli haqida turli fikrlar mavjudligini qayd etish lozim:
BMT qurolli mojarolarni bartaraf etish va xalqaro kelishmovchilik hamda janjallarni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi o‘z vazifalarini allaqachon bajarolmay qoldi;
BMTning hozircha hech qanday muqobili mavjud emas, boshqacha aytganda, mintaqaviy tashkilotlar alohida mintaqalar manfaatlarini ifoda qiladi, ular ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-biriga zid bo‘ladi, shu sababli butunjahon tashkilotisiz mojarolarni hal qilishning umumiy me’yor va yo‘llarini ishlab chiqishning imkoni yo‘q.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda «insonparvar bosqinchilik» muammosi tez-tez ko‘tarilmoqda, bu inson huquqlariga xavf (genotsid va qatag‘on) tug‘ilgan taqdirda, BMT a’zolarining ichki mojarolarga aralashish huquqini bildiradi. Shunday qilib, BMTning faoliyat ko‘rsatishi zarurati, uning maqsad va vazifalari muvofiqligi muammosi paydo bo‘lmoqda.
Tashkilotning barcha a’zolari tengligi, janjalli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish, har qanday davlatga qarshi tahdid qilish va kuch ishlatishdan tiyilish BMTning muhim tamoyillari hisoblanadi. BMT Nizomida tinchlikka tahdidni bartaraf qilish va oldini olish hamda tajovuzkor harakatlarini yo‘qotish uchun «samarali kollektiv choralar ko‘rish», shuningdek, xalqaro janjallarni «odillik va xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq tinch vositalar bilan» hal qilish tashkilot a’zolari uchun ko‘rsatma qilib yozib qo‘yilgan. Xalqaro munosabatlarning asosiy boshlanmasi sifatida ilk bor xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi tamoyili Nizomda mustahkamlab qo‘yilgan edi. Shuningdek, Nizomda tinchlik va xavfsizlikka tahdid mavjud bo‘lganda va uni bartaraf etishda boshqa barcha vositalar samarasiz bo‘lgan taqdirda BMT kuchlari tomonidan majburlovchi harbiy aralashuv zaruriyati ham belgilab qo‘yildi. Ammo bu harakatlar davlatning butkul ichki ishlariga tegishli bo‘lgan va xalqaro xavfsizlik ham, mazkur davlatning tinch aholisi hayoti va huquqlariga xavf solmaydigan vaziyatlarga daxldor emas.
Nizomda belgilangan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladigan va Tashkilot fikriga ko‘ra, ularni bajarishi mumkin bo‘lgan barcha tinchliksevar davlatlar BMTning a’zosi bo‘lishi mumkin. Ushbu majburiyatlar, tinchlik paytida bo‘lgani kabi mojaro sharoitida ham, xalqaro maydonda davlatlar hamkorligining har qanday ko‘rinishiga aloqador bo‘lgan muayyan vaziyatlarda davlatning atvori (o‘zini tutishi) qoidalariga daxldordir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti oltita asosiy organ: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy kengash, Vasiylik kengashi, Xalqaro sud va kotibiyatga ega. Ularning vakolati, vazifa va faoliyati xalqaro tashkilot vakolatiga kiruvchi barcha masalalarni qamrab olishga imkon beradi. BMTning kelajagi ushbu tashkilot tizimining yanada samarali ishlashini ta’minlash, yangi xalqaro siyosiy madaniyatni belgilash uchun qanday choralar ko‘rilishiga bog‘liq.
Shunday qilib, xalqaro tashkilotlar rolining oshishi turli bahs-munozaralarni hal qilishda ham, harbiy mojarolarni bartaraf etishda ham davlatlar uchun muayyan kafolatlarni yaratadi. Xalqaro tashkilotlarning tuzilishi va mavjud bo‘lishi butun insoniyatni yaqinlashtirishga keng imkoniyatlar ochadi va sivilizatsiyaning yanada tez taraqqiy etishiga yordam beradi.
Davlatlarning hukumatlararo tashkilotlar doirasidagi hamkorligi tegishli vazifalarni kun tartibiga qo‘yish va hal qilishning milliy mexanizmlari davomi sifatida yanada kengaymoqda. Bu esa davlatlarning ichki va tashqi siyosatini yaqinlashtirishga olib keladi. Davlatlar o‘z mustaqilliklarini xalqaro tashkilotlar bilan bo‘lishish borasida katta tayyorgarlik namoyon etadilar, bu hol xalqaro munosabatlarda xalqaro tashkilotlarning roli va ahamiyati oshishiga yordam beradi. Boshqacha aytganda, xalqaro tashkilotlar soni kabi ularning ahamiyati ham ancha ortishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda, xalqaro munosabatlarning nodavlat ishtirokchilari to‘g‘risida alohida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Xalqaro munosabatlarning nodavlat ishtirokchilari qatoriga jahon maydonida faoliyat yuritayotgan hukumatlararo tashkilotlar (HT), nohukumat tashkilotlar (XNT), transmilliy korporatsiyalar (TMK) hamda bir qancha jamoat tashkilotlari va harakatlari kiritilgan. Ular mavqeining oshib borishi xalqaro munosabatlarning Ikkinchi jahon urushidan keyingi davriga xos bo‘lgan nisbatan yangi hodisadir. Bu jarayon sovuq urush nihoyasiga qadar jahon siyosatida muhim ahamiyat kasb etmagani tufayli nodavlat ishtirokchilar siyosiy fanlar doirasida etarlicha o‘rganilganini ta’kidlash joiz. Ularga nisbatan "ko‘rinmas kontinent" yoki "ikkinchi dunyo" kabi atamalarning qo‘llangani ham bejiz emas.
“Xalqaro tashkilotlar” atamasi odatda davlatlararo (hukumatlararo) va nohukumat tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi. Bunday tashkilotlar quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:
1. Davlatlarning a’zoligi;
2. Xalqaro ta’sis shartnomasining mavjudligi;
3. Doimiy organlarning mavjud bo‘lishi;
4. Davlatlar suverenitetining hurmat qilinishi.
Xalqaro tashkilotlar xalqaro huquqning sub’ektlari xisoblanadi.
Nohukumat xalqaro tashkilotlarning asosiy farqli belgilari ularning davlatlararo shartnoma asosida tashkil etilmagani, jismoniy va yuridik shaxslarni birlashtirishi (masalan, Xalqaro huquq assotsiatsiyasi) iborat.
A’zolarining tarkibiga ko‘ra xalqaro hukumatlararo tashkilotlar:
Birinchidan, universal, barcha davlatlarning ishtirok etishi uchun ochiq tashkilotlar (BMT va uning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari);
Ikkinchidan, mintaqaviy, ma’lum mintaqada joylashgan davlatlargina a’zo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashkilotlarga (Evropa kengashi, Afrika birligi tashkiloti) bo‘linadi.
Bundan tashqari davlatlararo tashkilotlar umumiy va maxsus vakolatlarga ega tashkilotlarga bo‘linadi.
Umumiy vakolatlarga ega tashkilotlar faoliyati a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning barcha (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa) sohalariga tegishli bo‘ladi. Maxsus vakolatlarga ega tashkilotlarning faoliyat yo‘nalishi muayyan (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy) soha doirasi bilan cheklangan bo‘ladi.
Xalqaro tashkilotlar organlariga uning tarkibiy tuzilma va bo‘linmalari kiradi. Xalqaro tashkilot organlarining xususiyatlari quyidagilar:
1. Xalqaro tashkilot organi ta’sis etuvchi tomonidan yoki boshqa hujjat asosida tashkil etiladi;
2. Unga muayyan huquq va vakolatlar beriladi;
3. U o‘ziga xos ichki tuzilish va tarkibga ega;
4. Qarorlar chiqarish huquqiga ham ega;
5. Ta’sis etuvchi yoki boshqa hujjatda uning huquqiy maqomi belgilangan bo‘ladi.
Xalqaro tashkilotlar organlarini turli belgilarga ko‘ra tasnif etish mumkin. A’zolik belgisiga ko‘ra, tashkilotlar va hukumatlararo, parlamentlararo, ma’muriy, jismoniy shaxs sifatida qabul qilingan, turli ijtimoiy guruh vakillaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Siyosiy fan sohasida xalqaro tashkilotlarni belgilovchi uch asosiy mezon ajratib ko‘rsatiladi: birinchidan, hamkorlikka qaratilgan xohish-irodaning tashkilot ta’sis hujjatlarida aks etishi; ikkinchidan, tashkilot taraqqiyotida vorislikni ta’minlovchi doimiy ishchi organning mavjudligi; uchinchidan, layoqatlilik va qaror qabul qilishdagi mustaqillik. Ushbu qoidalarga xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish jarayonida asos solingan bo‘lib, ular doimiy organlarga ega davlatlarning barqaror birlashmalari bo‘lgan xalqaro hukumatlararo tashkilotlar faoliyatining mohiyatini aks ettiradi. Quyida ularning asosiy belgilari va tipologiyasi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Napoleon urushining nihoyasiga etgani va xalqaro munosabatlarda yangi bosqich boshlangani haqida darak bergan 1815 yilgi Vena Kongressi Evropa sahnasida yangi ishtirokchi paydo bo‘lganini ham bildirdi: Kongressning yakunlovchi akti ilk BMT — Reyn bo‘ylab kema qatnovi bo‘yicha doimiy komissiya tuzilganini e’lon qildi. XIX asrning oxiriga kelib davlatlarning sanoat, texnika, kommunikatsiya sohalarida hamkorlik zaruratini keltirib chiqargan sanoat inqilobi ta’sirida dunyoda o‘nlab shunday tashkilotlar yuzaga keldi. Xalqaro sanitar konvensiya (1853), Xalqaro telegraf ittifoqi (1865), O‘lchov va tarozilarning xalqaro byurosi (1875), Xalqaro pochta ittifoqi (1878), Sanoat mulkini himoya qilish ittifoqi (1883), Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol, 1923), Xalqaro qishloq xo‘jaligi instituti kabi tashkilotlar shular jumlasidandir.
Birinchi jahon urushidan keyin siyosiy tusdagi Millatlar ligasi, Xalqaro mehnat tashkiloti singari tuzilmalar tashkil etila boshlagan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalardagi hamkorligi va yalpi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ta’sis etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi siyosiy tashkilot paydo bo‘ldi. Ushbu tashkilot tarkibiga kiruvchi ixtisoslashtirilgan organ va institutlar rivojlanishi barobarida turli sohalarda davlatlararo hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan mintaqalararo va mintaqaviy hukumatlararo tashkilotlar tuzila boshladi. Dunyoning 24 ta rivojlangan mamlakatini birlashtirgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (1960), Evropa Kengashi (1949), Evropa ko‘mir va po‘lat birlashmasi (1951), Evropa iqtisodiy hamjamiyati (Umumiy bozor, 1957), atom energiyasi bo‘yicha Evropa hamjamiyati (Evratom, 1957), Evropa erkin savdo assotsiatsiyasi (EAST, 1960), Arab davlatlari ligasi (1945), Amerika davlatlari tashkiloti (1948), Afrika birligi tashkiloti (1963) va boshqalar shular jumlasidandir. 1945 yildan e’tiboran bunday tashkilotlar soni ikki baravarga oshdi. Masalan, 1970 yillar boshiga kelib ularning soni 220 ta bo‘lsa 1970 yillar o‘rtalarida 260 taga etdi, hozirgi vaqtda esa ular 400 dan ortiqdir.
Bu tashkilotlar faoliyatini tashkil etuvchi ehtiyojlar a’zo mamlakat vakillari ishtirokida muntazam konferensiyalar o‘tkazib turishni taqozo qiladi. Bunday konferensiyalarni tayyorlash va ularda qabul qilingan qarorlarning bajarilishini ta’minlash uchun doimiy tarzda faoliyat yurituvchi ma’muriy boshqaruv organlari tuziladi. Ta’kidlash joizki, xalqaro tashkilotlar apparati xodimlari soni jihatidan hamisha bir xil bo‘lmagan. Masalan, BMT faoliyatining ilk davrida uning ma’muriyati va boshqaruv apparati nisbatan kamtarona bo‘lgan (masalan, Butunjahon pochta ittifoqi uning rahbari va olti doimiy xizmatchisidan iborat bo‘lgan) bo‘lsa, hozirgi vaqtda, bu tashkilotda 50 mingdan ziyod xodim xizmat qiladi.
BMT doirasidagi tashkilotlar va ularda xizmat qiluvchi xodimlar sonining ortib borishi davlatlar o‘rtasidagi aloqalar va ko‘p tomonlama hamkorlikning uzluksiz ravishda kengayib borayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, ushbu tashkilotlar muassis davlatlarga nisbatan muayyan muxtoriyatni qo‘lga kiritgani sababli ularni nazorat etish qiyinlashadi. Bu ularning davlatlararo munosabatlarning turli sohalariga muntazam ta’sir o‘tkazish imkonini beradi. Shu ma’noda bu tashkilotlar xalqaro institut vazifasini o‘taydi.
Tom ma’noda, bunday xalqaro institutlar qarorlari barcha, hatto ulardan norozi bo‘lgan a’zo davlatlar uchun ham majburiy ekani xalqaro munosabatlarda kam uchraydigan hodisadir. Bu kabi maqomga ega institutlar hozirgi vaqtda faqat Evropa hamjamiyati doirasida mavjud, xolos. Bu tashkilot Komissiyasi, Vazirlar kengashi va Sudi ko‘pchilik ovoz olish tamoyili asosida iqtisodiy, ijtimoiy va hatto siyosiy sohalarda barcha a’zo davlatlar uchun majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Xalqaro tashkilotlar bir qancha turlarga bo‘linadi. Ulardan birortasi ham mukammal emasligi olimlar tomonidan tan olingan bo‘lsa-da, ana shu bo‘linish nisbatan yangi bo‘lmish ushbu xalqaro aktor haqidagi bilimlarni bir tizimga solishga yordam beradi. Bular, asosan, "geosiyosiy" mezon, faoliyat yo‘nalishi va sohalariga ko‘ra tasnif etiladi. Birinchi holatda ular universal (masalan, BMT yoki Millatlar ligasi); mintaqalararo (masalan, Islom konferensiyasi tashkiloti); mintaqaviy (masalan, Lotin Amerikasi iqtisodiy tizimi); submintaqaviy (masalan, Benilyuks) kabi turlarga ajratib ko‘rsatiladi. Ikkinchi mezonga ko‘ra, umum sayyoraviy (BMT); iqtisodiy (EAST); harbiy-siyosiy (NATO); moliyaviy (XVJ, Jahon banki); ilmiy ("Evrika"), texnikaviy (Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqi) yoki yanada tor doirada ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlar farqlanadi.
Ayni vaqtda, yuqorida keltirilgan mezonlar shartliligi bilan ajralib turadi. Birinchidan, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi, chunki ko‘pchilik tashkilotlar har ikkala mezonga tayanib faoliyat yuritishi mumkin. Misol tariqasida tor sohada ixtisoslashgan hamda submintaqaviy xarakterdagi sahro (sarancha) chigirtkasini nazorat qilish bo‘yicha Sharqiy Afrika mamlakatlari tashkilotini tilga olish mumkin. Ikkinchidan, ta’kidlangan mezonlar asosida tasniflash ancha nisbiydir. CHunki, deylik, texnika sohasiga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar iqtisodiy va hatto siyosiy vazifalarni amalga oshirishi mumkin. Bu, masalan, a’zo davlatlarda erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish uchun sharoit yaratish maqsadi bo‘lgan Jahon banki singari tashkilotlarga xosdir. Mazkur bank faoliyat yo‘nalishi va maqsadlarining ko‘pincha siyosiy tusga ega ekani namoyon bo‘lmoqda.
Uchinchidan, XTning nafaqat amaliy, balki siyosiy mustaqilligini bo‘rttirishga zarurat yo‘q. Zero, tashkilot va uning mansabdor shaxslarining maqomi, faoliyat doirasi tegishli me’yoriy hujjatlarda aniq belgilab qo‘yilgan. Masalan, BMT Nizomining 100-moddasida shunday deyiladi:
Bosh Kotib va kotibiyat xodimlari o‘z majburiyatlarini ijro etishda tashkilotga begona bo‘lgan hech qanday hukumat yoki hokimiyatdan ko‘rsatma so‘rashi yoki olishi shart emas. Ular o‘zlarining faqat tashkilot oldida javobgar bo‘lgan xalqaro mansabdor sifatidagi obro‘yiga putur etkazadigan har qanday xatti-harakatlardan saqlanishi lozim.
Tashkilotning har bir a’zosi o‘z zimmasiga Bosh Kotib va Kotibiyat xodimlari vazifalarining xalqaro ahamiyatga ega ekanini qat’iy hurmat qilish va ularga o‘z vazifasini ijro etishda ta’sir o‘tkazishga harakat qilmaslik majburiyatini oladi. "(BMT Nizomi. XV bob, 100-modda).
Biroq, amalda BMT va uning institutlari faoliyatiga AQSH hamda uning ittifoqchilari turli darajada ta’sir o‘tkazadi. Bunga ko‘rsatib o‘tilgan institutlarda u yoki bu masala yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish tamoyili yordam beradi. Boshqacha aytganda qudratli davlatlar ushbu institutlar orqali turli mamlakatlarga moliyaviy yordam berishda ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi. AQSH Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF) va Jahon bankida (WB) 20 foizga yaqin ovozga ega. Bu hol xalqaro tashkilotlar va ayniqsa, eng yirik tashkilot BMTning samarali faoliyat yuritishi masalasini ko‘ndalang qilib qo‘yadi.
Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, davlatlararo do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish, ularning fikr almashishida o‘zaro foydali aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tuzilgan BMT sovuq urush sharoitida keskin targ‘ibot olishuvi maydoniga aylandi. U o‘ta siyosiylashtirilgani sababli ko‘pgina hollarda qabul qilgan qarorlari zamon talablariga mos kelmasligi, unga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga qodir emasligini namoyon etdi. Bunday holat BMTning tubdan isloh qilinishi zaruratini taqozo etmoqda. Biroq, tarkibiy tuzilishi, uzoq yillar mobaynida to‘plagan tajribasi va faoliyat qamrovi nuqtai nazaridan BMT eng murakkab tuzilma, serqirra faoliyatga ega bo‘lgan ulkan xalqaro tashkilot bo‘lib qolayotgani bois uni isloh etish uchun barcha a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish, bahamjihat harakat qilishini ta’minlash zarur.
Asrlar mobaynida siyosiy konfliktlar, ularni oldini olish yoki ularning echimini topish muammolari doimiy ravishda insoniyat oldida turgan eng muhim masalalardan biri bo‘lib kelmoqda. Darhaqiqat, tarix sahifasining 1989 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan qisqa davri davomida 74 ta hududda 111 qurolli konfliktlar ro‘y berdi60. Mazkur bo‘lib o‘tgan konfliktlar sababli ayni vaqtda dunyoda 18 million kishi qochoqlar sifatida, 24 million kishi esa majburiy ravishda ko‘chib yuruvchi shaxslar sifatida hayot kechirmoqdalar61. Eng asosiysi, qanchadan-qancha begunoh insonlarning qoni to‘qilmoqda. Bularning barchasini zamirida o‘z vaqtida e’tirof etilmagan yoki vaqtida o‘z intihosini topmagan siyosiy konfliktlar yotganligi sir emas.
Agar yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ma’lumotlarni e’tiborga olsak, siyosiy konfliktlarni o‘rganish bugungi kunga kelib beshta sabablarga ko‘ra muhim hisoblanadi: 1) konfliktlar keng qamrovli, ya’ni birgina kichik siyosiy konflikt tufayli mazkur konflikt ro‘y berayotgan mamlakatda siyosiy tartibsizliklar, ekologiyaning yomonlashuvi, iqtisodning izdan chiqishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin; 2) ular katta miqyosda jabrlanishlarga sabab bo‘ladi; 3) ular juda ko‘p hollarda bir mamlakat doirasidan chiqib, qo‘shni davlatlarni ham o‘z domiga tortadi; 4) turli kuchlar hamda xalqaro tashkilotlarning manfaatlarini to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin; 5) xalqaro hamjamiyat konfliktlar bilan ishlash borasida o‘z imkoniyatlarini qayta baholab chiqmoqda.
Shunday ekan, “siyosiy konfliktlar nima?”, “ularning boshqa turdagi konfliktlardan farqi nimada?” degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Qanchalar achinarli bo‘lmasin, ayni vaqtga qadar konfliktlarning kelib chiqish sabablari va oqibatlari haqidagi fikrlar turlicha. Ko‘pchilik siyosatdonlar va jurnalistlar fikrlariga ko‘ra, konfliktlarning sabablari juda oddiy va barcha konfliktlar zamirida ko‘pchilik etnik va yoki diniy guruhlarning bir-biriga nisbatan «tarixiy nafrati» yotadi degan fikr mavjud. Bunga ancha-muncha misollar ham keltiriladi. Xususan, Sharqiy Evropa va sobiq Ittifoq kabi qator mintaqalarda avtoritar rejim hukm so‘rgan. Bora-bora mazkur rejimlarning to‘ntarilishi yoki almashinishi o‘sha mavjud bo‘lgan «tarixiy nafratni» aniq tarzda ochib yubordi va buning natijasida ayni rejim ostida yashab kelgan qator mamlakatlarda qurolli konfliktlar vujudga keldi.
Biroq qator olimlar bu kabi tushuntirishlarni qabul qila olmaydilar. Sababi, bu kabi oddiy tushuntirish “nima uchun konfliktlar ma’lum bir davlatlarda ro‘y berdi-yu, boshqalarida yo‘q?”, yoki “nima uchun ba’zi konfliktlarni hal etish oson kechmoqda-yu, ba’zilarini esa yo‘q?” rusumidagi savollarga javob bera olmaydi.62 Darhaqiqat, nima uchun XX asrning 90 yillarini boshida CHexlar va Slovaklar o‘rtasida konflikt vujudga kelmadi? YOki nima uchun fransuz tilida va ingliz tilida so‘zlashuvchi kanadaliklar o‘rtasida konfliktlar vujudga kelmadi? Bunga o‘xshash misollarni ham ko‘plab keltirish mumkin. Bu savollarga javobni qidirar ekan, Garvard universiteti qoshidagi Jon Kennedi nomidagi hukumat maktabi «Fan va xalqaro munosabatlar» markazi xodimi, Maykl Broun to‘rtta asosiy omillar majmuasini ajratib ko‘rsatadi. Uning fikriga ko‘ra bu omillar nima uchun ba’zi joylar-davlatlar boshqa joylarga qaraganda konfliktlarga ko‘proq moyildir degan savolga javob bera oladi. Bular : a) strukturaviy omillar; b) siyosiy omillar; g) iqtisodiy-ijtimoiy omillar; d) madaniy-idrok etish bilan bog‘liq bo‘lgan omillardir.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan omillarning ba’zilariga, xususan, strukturaviy omillarga to‘xtab o‘tamiz. Uilyam Zartman kuchsiz davlatlarda konfliktlarni yuzaga kelishi bilan bog‘liq tadqiqotlarni ko‘plab amalga oshirgan olimlardan biri hisoblanadi. U va unga o‘xshash ko‘plab olimlar kuchsiz davlatlarni barcha izlanishlarining asosiy tayanch nuqtasi sifatida qarab kelishgan. Ko‘pgina davlatlar boshdan kuchsiz davlatlar sifatida paydo bo‘lishgan. Ularning katta qismi Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan sobiq kolonial davlatlardan iboratdir. Mazkur davlatlarda hukumat yoki boshqarish tizimi kuchli bo‘lmagan. Sababi ular ayni davrgacha o‘zlarini-o‘zlari boshqarish imkoniyatidan maxrum bo‘lganlar. Ba’zi hollarda kuchli davlatlar yoki xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida tashqi itisodiy ko‘mak etib kelmasligi bu davlatlarning qulashiga sabab bo‘ladi. Bu kabi boshqa bir davlatlarda esa korrupsiyaning kuchayishi, davlatni boshqarishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi va iqtisodiy taraqqiyotni amalga oshira olmasligi sababli ichki vaziyat buziladi.
Davlatlar kuchsizlana borgani sari konfliktlarning yuzaga kelishi uchun imkoniyat shu qadar ko‘paya boradi.
Ikkinchidan, u yoki bu davlat kuchsiz ekan, u holda mazkur davlatda yashovchi idividual guruhlar o‘z xavfsizliklari haqida o‘zlari qayg‘ura boshlaydilar. Agar vaqt o‘tishi bilan bu davlat kuchsizlanib boraversa, u holda yuqorida tilga olingan guruhlarning mustaqil ravishda harbiy tayyorgarlik ko‘rish hollarini yanada kuchaya borishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bu guruhlarning o‘z xavfsizligini himoya etish maqsadida amalga oshirayotgan tadbirlari qo‘shni davlatlarning ham xavfsizligiga ta’sir etishi natijasida muammo paydo bo‘ladi. Shu sababli qo‘shni davlat ham qurollana boshlaydi. Oxir oqibatda siyosatshunoslikda «xavfsizlik dilemmasi» deb atalmish vaziyat yuzaga keladi. Ayni vaziyat esa tarixdan ma’lumki ko‘plab qonli konfliktlar uchun sharoit tug‘dirib bergan.
Uchinchidan, fikrlar strukturaviy omillar ustida qurilar ekan, «etnik jug‘rofiya» jumlasi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bugungi kunga kelib Er sharida 200 dan ortiq davlat mavjud bo‘lsa, shulardan 20tadan qamrog‘i etnik tuzilishi nuqtai-nazaridan monoetnik davlat hisoblanadi. Ma’lumki, ko‘pgina olimlar monoetnik davlat deganda, turli millatlarga tegishli bo‘lgan aholining soni tub erli aholi sonining 5 foizidan qamrog‘ini tashkil etgan davlatni tushunadilar. Biz ham shu yondashuvga tayanib ish ko‘ramiz. Yaponiya va SHvetsiya kabi davlatlarda ba’zi davr mobaynida faqatgina tub aholi istiqomat qilgan vaqtlar ham bo‘lgan. «Nima uchun bu haqda gap ketmoqda?» degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Sababi, ko‘pgina ilmiy maktablar va olimlar monoetnik xalq yashovchi davlatlar ichki siyosatida tinchlik bo‘ladi degan gipotezalarni ham ilgari suradilar.
Biroq, Maykl Broun bu fikr doimiy ravishda haqiqatga to‘g‘ri kelmasligiga aniq bir misol bilan javob beradi. Masalan Sahara sub kontinentida Somali etnik tuzilishi jihatidan eng monoetnik xarakterga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Biroq bu mamlakatda turli mahalliy guruhlar-klanlar o‘rtasida qonli konfliktlar bo‘lib o‘tganligi hammaga ma’lum. Mazkur konfliktlar hanuzgacha butunlayin o‘z echimini topgani yo‘q.
Xususan, siyosiy konfliktlar haqida fikr yuritilar ekan, ayni vaqtda umumiy tarzda umuman konfliktlarni vujudga kelishiga turtki bo‘ladigan omillarni ham aniqlab olish muhim.
Xususan bu omillar quyidagilardan iboratdir:
Do'stlaringiz bilan baham: |