-sa: Ko‘z qayerda bo‘lsa, mehr ham o‘sha yerda bo‘ladi. (Maqol.)
-masin: Qayoqqa bosh urmasin, u yerda nohaqlik mavjud edi. (So‘zl.)
-mang: Qayerga bormang, bir zumda o‘sha yerda paydo bo‘laman. («Yoshlik».)
О‘rin ergash gapli qo‘shma gaplarda o‘zaro qarshilantirilgan olmosh va o‘rin ravishlaridan tashkil topgan qayerda -shu yerda //o‘sha yerda //shunda, qayerga -shu yerga // shu yoqqa, qayga- o‘sha yerga //o‘sha yoqqa havola bo‘laklari qo‘llanadi. О‘zaro nisbatlanuvchi bu havola bo‘laklardan qayerda, qayerga, qayga, qayerdan kabilar o‘rin ergash gap tarkibida, shu yerda, o‘sha yerda , shunda, shu yerga, shu yoqqa, o‘sha yerga, o‘sha yoqqa havola bo‘laklari esa bosh gap tarkibida qo‘llanadi.Mazkur havola bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra o‘rin ergash gapli qo‘shma gaplar, asosan, ikki havola bo‘lakli bo‘ladi. Ya’ni, bosh gap tarkibida ham, ergash gapda ham olmoshlar, o‘rin ravishlari bilan ifodalangan havola bo‘laklar ishtirok etadi. Masalan: Oqsoqol qayerda bo‘lsa, o‘sha joyda ish bir tartibda borardi. (О‘.H.)
Bu gapda qayerda -o‘sha joyda havola bo‘laklari o‘zaro nisbatlangan. Bu havola bo‘laklar gapda aks etgan denotativ voqeaning yuzaga kelish o‘rnini alohida ta’kidlash uchun qo‘llanadi. Agar bunday ta’kidga zarurat bo‘lmasa, havola bo‘laklar gapdan tushirib qoldiriladi va qo‘shma gap sodda gapga aylantiriladi. Qiyoslang: Oqsoqol bo‘lgan joyda ish bir tartibda borardi.
Bunday tuzilishdagi gaplarda bosh gapdagi havola bo‘lak tushirib qoldirilganda ham gap bir havola bo‘lakli gapga aylanmaydi. Chunki bunday holatda moddiy jihatdan shakllanmagan havola bo‘lak ma’nosi mantiqan anglashilib turadi. Qiyoslang: Qayerdaki bu mutanosiblik buzilsa, (u yerda ) fojia kelib chiqadi. (S.S.)
О‘rin ergash gapli qo‘shma gaplarda shakliy-mazmuniy nomuvofiqlik deyarli yuzaga kelmaydi. Shu sababli gapning semantik va sintaktik tuzilishida ziddiyat ko‘zga tashlanmaydi.Shart ergash gapli qo‘shma gaplar. Bunday tuzilishdagi qo‘shma gaplarda shart mazmun munosabati shakllanadi. Mana shu xususiyati asosida N.Mahmudov bu turdagi gaplarni «Shartlanganlik munosabatini ifodalovchi ergash gapli qo‘shma gaplar» tarkibiga kiritadi. Shart ergash gapli qo‘shma gaplarda ergash gap bosh gapda aks etgan voqelikning yuzaga kelish shartini ko‘rsatadi. Masalan: Agar mamlakatda jabr-zulm benihoyat avj olmasa edi, ishqingiz qora kiymas edi. (O.)
Ushbu gapning tarkibiy qismlari «Agar mamlakatda jabr-zulm benihoyat avj olmasa edi» ergash gapi va «Ishqingiz qor kiymas edi» bosh gapi o‘rtasida shart munosabati shakllangan bo‘lib, ergash gapdagi shart voqea muayyan uzv sifatida bosh gapdagi voqea ichiga kiradi.
Shart ergash gaplar real ravishda yuzaga keladigan yoki taxmin qilingan voqelikni aks ettiradi. Shunga ko‘ra tilshunoslikda shart ergash gaplarning quyidagi 2 turi farqlanadi:
1. Real voqelikni aks ettiruvchi shart ergash gaplar.
2. Mo‘ljallangan, taxmin qilingan (irreal) voqelikni aks ettiruvchi shart ergash gaplar.
Real voqelikni aks ettiruvchi ergash gaplardagi shart bosh gapdagi natijani yuzaga keltiradi. Masalan: Kim bizga to‘sqinlik qilsa, o‘ziga jabr qiladi. («Yoshlik».)
Shart ergash gap mo‘ljallangan, taxmin qilingan voqelikni aks ettirishi ham mumkin. Masalan: Agar komandirlarning hammasi shunday bo‘lsa edi, ish boshqacha tus olardi. (O.)
Shart ergash gap bosh gapga quyidagi bog‘lovchi vositalar yordamida birikadi:
-sa: To‘kilsa manglay tering, unumli bo‘lar ering. (Maqol.)
-sa + edi // ekan: Agar dunyoning narigi burchiga sizni opichlab borishga to‘g‘ri kelsaydi, men sevina-sevina bajarardim. (O.)
-gan + -da // -ganda + edi: Agar o‘gay ona o‘lgandan keyin tinchlanganimizda, men o‘zimni baxtli sanardim. (S.A.)
-r(-ar) + ekan / /-mas + ekan // -gan + ekan: Men ishlamas ekanman, bolalarim qanday kun kechiradi. (So‘zl.)
-moqchi + ekan: Nazokat ishingizga ko‘maklashmoqchi ekan, xursand bo‘lishingiz kerak. (S.Ahm.)
Do'stlaringiz bilan baham: |