1940-yilning 4-iyulida yangi alifbe hukumat komissiyasi yig‘ilishida "О‘zbek adabiy tilining orfografiyasi" (loyiha) ham ba’zi o‘zgarish va tuzatishlar bilan tasdiqlandi. Shunday qilib, o‘zbek yozuvi tarixining rus grafikasiga asoslangan davri boshlanadi.
1940/1941-o‘quv yilida maktablarning quyi sinflarida, 1941/1942 -o‘quv yilida maktablarning yuqori sinflarida o‘quv jarayoni yangi (kirillcha o‘zbek) yozuvga ko‘chirildi.
1943-1946-yillarda alifbe va imlo asoslarini ommaga singdirish ishlari olib boriladi. Shu yillar ichida yozuv amaliyotida imlo qoidalaridan chetga chiqish, ularga g‘ayri qonuniy o‘zgartirishlar kiritish, adabiy tilning tayanch shevalariga yetarli amal qilmaslik kabi nuqsonlarga yo‘l qo‘yilayotganligi ham ma’lum bo‘ladi. Bunday nuqsonlarga barham berish, kamchiliklarni tuzatish maqsadida 1946-yilda orfografiya qoidalarining yangi to‘plami yaratildi, imlo lug‘atini tuzishga kirishildi.
1947-1950-yillarda A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida maxsus tuzilgan orfografiya komissiyasi ish olib boradi. Bu komissiya 1946-yilda tuzilgan va nashr etilgan qoidalar to‘plamini matbuotda va turli kengashlarda bildirilgan fikrlar asosida qayta ishlaydi, shu asosda yangi loyiha yaratadi.
1950-1952-yillarda til va imlo masalalariga bag‘ishlangan bir necha konferensiya va kengashlar bo‘lib o‘tadi. Ularda orfografiya loyihasi bo‘yicha bir qator tanqidiy fikrlar bildiriladi, alifboni takomillashtirish kerakligi aytiladi.
1953-1955-yillarda matbuotda bildirilgan tanqidiy fikrlar va takliflar asosida "О‘zbek orfografiyasi asosiy qoidalari"ning bir necha yangi loyihalari yaratiladi, ulardan so‘nggisi О‘zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumiga topshiriladi.
1956-yilning 4-aprelda "О‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari" (qayta ishlangan va takomillashtirilgan varianti) О‘zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumi tomonidan tasdiqlandi.
1956-1991-yillarni rus grafikasiga asoslangan o‘zbek yozuvi uchun jiddiy sinov yillari bo‘ldi. Bu yillar ichida alifbo va imlo qoidalarining ijobiy baholanishi mumkin bo‘lgan jihatlari bilan birga, kamchiliklari borligi ma’lum bo‘lib qoldi. О‘zbek tilining ayrim milliy tovushlari uchun maxsus harflarning yo‘qligi, grafika va orfografiyaning rus tili fonologik xususiyatlariga moslashtirilganligi bir qator mutaxassislar tomonidan salbiy hodisa sifatida baholandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |