O‘zbek alifbosini boshqa turkiy tillar alifbolari bilan uyg‘unlashtirish masalasi, aslida, 20-yillarning o‘rtalarida sobiq SSSRdagi umumturkologik muammolardan biri sifatida yuzaga kelgan bo‘lib, u shu kungacha ham o‘zining aniq va izchil yechimini topgani yo‘q.
O‘zbek alifbosi va imlosining milliy jihatlarini, uning o‘zbek tili fonologik tizimiga moslik darajasini mustahkamlash harakati ham ancha ilgaridan bor. Buning uchun Zahiriddin Muhammad Boburning «Xatti boburiy»ini (XVI asr), «Chig‘atoy gurungi» jamiyatining 1919–1921-yillardagi faoliyatini, 1921–1923-yillar orasida til va imlo masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan qurultoy va konferensiyalarning qarorlarini, 1926–1929-yillardagi munozara-bahslarni, 1934–1938-yillarda lotin grafikasidagi o‘zbek alifbosi va imlosiga kiritilgan o‘zgarishlarni eslash kifoya. Bu jarayon 1940-yildan keyin ham davom etib kelmoqda. Bir guruh tilshunoslarning fikricha, hozirgi o‘zbek alifbosi va imlosi o‘zbek tilining milliy jihatlarini yetarli darajada ifodalay olmaydi. Ularning ta’kidlashicha, hozirgi o‘zbek adabiy tili vokalizmida eski o‘zbek adabiy tiliga va hozirgi qipchoq lahjalariga xos bo‘lgan kontrast juftliklar (i-ı, ə-a, ÿ-u, ө-o kabi zidlanishlar) mavjuddir, ammo alifbo va imloda bu xususiyat hisobga olinmagan, demak, ularni (alifbo va imloni) shu kamchilikni bartaraf qilish nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish kerak.
Ikkinchi guruh tilshunoslarning fikriga ko‘ra hozirgi o‘zbek adabiy tili unlilari 6 tadir (и, э, а, у, ў, о). Bu fikr tarafdorlari qatorida A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, A. Fulomov, Sh. Shoabdurahmonov, F.Kamolov, A. Mahmudov, S. Otamirzayeva, A. Abduazizov, A.Nurmonov, Sh. Rahmatullayev va boshqalar bor. Biroq shu 6 unlining kirill yozuvdagi ifoda vositalari bo‘lgan harflarning miqdori (и, э, а, у, ў, о, е, ё, ю, я), vazifalari masalasida bu guruh vakillari orasida ham yakdil qarash yo‘q edi: prof. V.V. Reshetov e, ё, ю, я harflarining sof o‘zbek so‘zlarida qo‘llanishiga e’tiroz bildiradi, chunki ularning ikki tovushni (е=й+э, ё=й+о, ю=й+у, я=й+а kabi) ifodalashi o‘zbekcha so‘zlarning morfologik tarkibini xiralashtirib qo‘ymoqda. Bunday qarash S.Otamirzayeva, S.Ibrohimov, Y.Abdullayevlar tomonidan ham ma’qullangan, ammo N.Mamatov, E.Fozilov, Ikrom Ulug‘boyev va boshqalar mazkur harflarining alifbodan chiqarilishi g‘oyasiga e’tiroz bildirganlar. N. Mamatovning aytishicha, я, ё, e, ю kabi grafemalarning mavjudligi o‘zbek tiliga o‘zlashgan internatsional so‘zlarning fonologik tarkibini yozuvda tog‘ri ifodalash imkonini beradi, demak, o‘zbek yozuvining baynalmilal jihatlarini mustahkamlaydi; Ikrom Ulug‘boyevning fikriga ko‘ra esa ё, ю, я harflari o‘zbek alifbosidan chiqarilsa, u holda shu kungacha yaratilgan adabiyotlarni o‘qishda, o‘zbek alifbosida chalkashliklar yuz beradi.
Yuqoridagi kabi munozaralar hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi qorishiq «j» (дж), sayoz til orqa «ng» («нг») va ruscha o‘zlashmalarda qo‘llanadigan qorishiq «ц» fonemalari, binobarin, ularning yozuvdagi ifoda vositalari bo‘lgan j, ng, ц grafemalari xususida ham mavjud. Demak, o‘zbek alifbosi va imlosining milliy jihatlarini mustahkamlash masalasidagi ayrim munozarali holatlar hanuz davom etib kelmoqda. Bunday vaziyat aslida, alifbo va imloga emas, balki ular uchun lingvistik asos bo‘lgan o‘zbek adabiy tilining fonologik tizimlari bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |