Buyrak usti bezlari. Bu bezlarning po’stloq qismi: tashqi qavat – koptokchali soha: o’rta qavat – tutamli soha va ichki qavat – to’rli sohadan tuzilgan. Bezning po’stloq qismi uchta gormonal faollikka ega bo’lgan steroidlarni sintezlaydi: kortizol (gidrokortizon), aldosteron va kortikosteron. Kortikoidlar juda ko’p jarayonlarga tasir qilish kobiliyatiga ega. Ammo bu tasirlarning asosiysi: 1) mineralokortikoid samara – elektrolitlar almashinuviga tasir qilish va 2) glyukortikoid samara – uglevodlar almashinuviga tasir qilish. Glyukortikoidlar glyukoneogenezni tezlashtiradi. Bu jarayonda ishtirok etuvchi bazi enzimlarning faolligi oshishi tufayli, aminokislotalarning azotsiz qoldiqlaridan glyukozaning sintezlanishi tezlashadi, uning qondagi miqdori ko’payadi. Glyukoza glikogen shaklida jigar va mushaklarda zaxiraga o’tadi. Oqsillarning parchalanishi tezlashib, manfiy azot balansi kuzatilishi mumkin. Demak, glyukokortikoidlar kattabolik samaraga ega. Bu gormonlar yog’larning zaxiradan qonga o’tishini tezlashtirib, energiya manbai sifatida sarflanishini ko’paytiradi. Glyukokortikoidlar yallig’lanish va allergik reaktsiyalarni susaytiradi. Antitelolar ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Bu gormonlar etishmaganda tam va xid sezish, eshitish buziladi. Glyukortikoidlar miya markazlaridagi axborot taxliliga tasir etishi mumkin. Glyukokortikoidlarning qondagi miqdori maxsus mexanizmlar tufayli nisbatan barqaror saqlanadi: gipotalamusning gipofizotrop sohasida rilizing – gormon ajralib, qon orqali adenogipofizga etib keladi. Uning tasirida adrenokortikotrop gormon qonga o’tib, buyrak usti bezining po’stloq qismiga tasir qiladi. Natijada glyukokortikoidning qondagi miqdori oshadi.
Agar glyukokortikoidlarning miqdori sezilarli darajada ko’paysa, qaytar aloqa tamoyili bo’yicha adrenokortikotroprilizing – gormonning ajralishi, adrenokorti-kotrop gormonning qonga o’tishi kamayadi, bu o’z navbatida glyukortikoidlarning qondagi miqdorini kamaytiradi. Glyukortikoidlarning qonga o’tishi organizm xaddan tashqari kuchli tasirotlar ostida qolganda (stress xolatlarda) keskin o’zgaradi. G.Sele bo’yicha bu uch bosqichdan – xavotirlanish, chidash va madorsizlanishdan iborat. Birinchi va ikkinchi bosqichlarda buyrak usti bezlari glyukokortikoidlarni ko’p miqdorda sintezlab, extiyojni qondirib turadi. Stress tasiri davom etaversa, madorsizlanish bosqichi rivojlanishi mumkin. Bu vaqtda buyrak usti bezlarida kortikoidlar zaxirasi tugaydi, bezning po’stloq qismi emiriladi. Organizmga tashqariidan glyukortikoidlar kiritilgan taqdirdagina ahvol engillashadi. Glyukokortikoidlar sekretsiyasining kuchayishi yoki susayishi organizmda jiddiy o’zgarishlarga olib keladi. qonda kortizolning ko’payib ketishi giperglikemiyaga, semirib ketishga, qon bosimining oshishiga, shish paydo bo’lishiga va boshqa o’zgarishlarga olib keladi. Bu gormonlarning etishmovchiligi Addison kasalligiga olib keladi. Teri qorayib, jez rangini oladi, skelet va yurak mushaklari quvvatdan ketadi, odam salga charchab qoladi, yuqumli xastaliklarga chalinadigan bo’lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |