1.2. TABIIY SHAROITI VA RESURSLARI
Umuman olganda, iqtisodiy rayon yer usti tuzilishi shimoli-sharqdan janubi-g‘arb yо‘nalishida pasayib boradi. Toshkent atrofida gipsometrik holat 600 metrlar atrofida, janub va g‘arbiy tumanlarda esa balandligi 300 metrdan pastroq. Iqtisodiy rayonning bunday murakkab yer usti tuzilishi, orografik xususiyati, о‘z navbatida, uning mineral-xom ashyo va agroiqlimiy sharoitlarini ham belgilab beradi. Bu yerda turli xil foydali qazilma boyliklar bor. Ular jumlasiga, eng avvalo, kо‘mir, rangli va nodir metallar (oltin, mis, qо‘rg‘oshin va b.), qurilish materiallari xom ashyolari kiradi. Angren qо‘ng‘ir kо‘mir havzasi respublikamizning asosiy yoqilg‘i bazasi hisoblanadi. Shuningdek, Qalmoqqir mis koni, Kо‘chbuloq, Qouldi, Qizilolmasoy oltin konlari, Qо‘rg‘oshinkon, Ispay, Miskon polimetal konlarning sanoat ahamiyati ham katta. Mavjud mineral resurs salohiyati mintaqa iqtisodiy rivojlanishining eng muhim omillari sifatida xizmat qiladi. Bu borada Toshkent iqtisodiy rayoni Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo iqtisodiy rayonlari qatorida turadi.
Iqlimi keskin kontinental; yanvar oyining о‘rtacha harorati minus 10 - 30, iyulniki + 260, yillik yog‘in miqdori har xil: tog‘ va tog‘oldi hududlarda, xususan, Bо‘stonliq va Parkent tumanlarida u 600 mm va undan kо‘proq. Tekislikda joylashgan hududlarda esa namgarchilik 400-500 mm atrofida.
Toshkent iqtisodiy rayoni asosan Chirchiq va Ohangaron vodiylarida joylashgan. Ular Sirdaryoga borib quyiladi. Sirdaryoning о‘zi esa iqtisodiy rayonning janubi-g‘arbiy qismidan о‘tadi; u bu joylarda Toshkent va Sirdaryo iqtisodiy rayonlarining ma’muriy chegara chizig‘i bо‘lib xizmat qiladi. Chirchiq respublikada о‘zining katta gidroenergetik imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Shu bois ham unda MDH mamlakatlarida eng katta qator GESlar (kaskadi) barpo etilgan. Daryoning ayni vaqtda mintaqada sug‘orma dehqonchilikni rivojlantirish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashda, rekreatsiya, baliq ovlash va boshqa sohalarda ham ahamiyati katta. Bu yerda eng yirik Chorbog‘, shuningdek, G‘azalkent, Xо‘jakent suv omborlari barpo etilgan, Qibray, Parkent kanallari qurilgan. Toshkent shahrining asosini tashkil etuvchi Salar, Anhor, Bо‘zsuv va boshqa kanallar ham Chirchiq daryosidan suv oladi.
Ohangaron daryosi qо‘shni Qirg‘iziston hududidan boshlanib, u ham Sirdaryoga qо‘shiladi. Bu daryoda Ohangaron, Tuyabо‘g‘iz (Toshkent dengizi) suv ombori barpo etilgan. Biroq, bu daryoning gidro-energetika salohiyati ancha past, unda birorta GES qurilmagan.
Iqtisodiy rayon rekreatsiya resurslariga ham boy. Ayniqsa, Chirchiq va Ohangaron vodiylarida ushbu sohani rivojlantirish sharoitlari qulay. Mintaqada Ugom - Chotqol davlat tabiat milliy bog‘i, Chotqol davlat biosfera qо‘riqxonasi tashkil etilgan.
Shunday qilib, Toshkent iqtisodiy rayonining tabiiy sharoiti iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi. Binobarin, bu yerda hududiy mehnat taqsimoti keng miqyosda shakllangan: tog‘-kon sanoati, dehqonchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va ular bilan bog‘liq agrosanoat majmualari, shahar atrofi qishloq xо‘jaligi, rekreatsiya, sport, baliqchilik, tog‘ turizmi kabilar yaxshi rivojlangan.
Iqtisodiy rayonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga transport va umuman iqtisodiy geografik о‘rni ham ancha yaxshi sharoit yaratadi. Xususan, uning transport infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi, mintaqa hududida respublika bosh shahri – Toshkentning о‘rnashganligi katta mazmun kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |