Shahar xо‘jaligi. Ma’lumki, poytaxt shaharlar odatda, о‘ziga xos (“poytaxtga xos”) vazifalarni bajaradi. Ularni poytaxt sifatida tanlashda shaharning mumkin qadar mamlakat (о‘rtasida) hamda asosiy tub millatlarning tarixiy shakllangan hududida joylashganligi katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga bunday shaharlar, ayniqsa hozirgi vaqtda, mamlakatning aholi soni bо‘yicha eng yirik shahri bо‘lishi aslo shart emas; ularda sanoat ishlab chiqarishining yuqori darajada hududiy mujassamlashuvi ham zarur hisoblanmaydi. Shu sababdan ham ba’zi davlatlarda maxsus poytaxt shahari maqomida uncha katta bо‘lmagan, deyarli “sanoatsiz” markazlar tanlanmoqda (AQSH, Pokiston, Myanma, Avstraliya, Qozog‘iston va b).
3-rasm
Toshkent shahri poytaxtlik funksiyasini 1930 yildan boshlab bajarib kelmoqda. Unga qadar bu maqomda Samarqand shahri bо‘lgan. Toshkentning hozirgi holati - sanoati, transport va boshqa infratuzilma shaxobchalari, ijtimoiy sohalar, diplomatik funksiyasi, boshqaruv organlarining kо‘pligi borgan sari uning zamonaviy poytaxtlik xususiyatidan dalolat bermoqda. Toshkent katta shahar – megapolis, u respublikaning asosiy iqtisodiy, madaniy, siyosiy markazi, shahar, eng avvalo, kо‘p sonli aholining yashash, ya’ni sotsial muhiti, shu bilan birga u yagona iqtisodiy makon, investitsiya, innovatsiya, о‘ziga xos geoekologik (urboekologik), nozogeografik muhit hamdir. Bunday katta salohiyat va ayni vaqtda mas’uliyat Toshkent shahri ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishining ustuvor yо‘nalishlarini belgilab beradi. Xalqaro miqyosda, jahon hamjamiyati va geosiyosiy tizimida mustaqil О‘zbekiston Respublikasi kо‘pincha “Toshkent” nomi bilan taniladi va e’tirof etiladi.
Toshkent shahri mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida kо‘zga kо‘rinarli mavqega ega. Jumladan, u respublikaning 17,7 foiz yalpi hududiy mahsuloti, 15,8 foizi sanoat ishlab chiqarishini ta’minlagan. Chakana savdoda uning ulushi 27,0 %, pullik xizmatlarda 30,0% eksportda 29,1 % va importda 57,8 %. Mamlakat bо‘yicha jami investitsiya hajmining 16,0 foizi, qurilish ishlarining 16,4 foizi aynan Toshkent shahriga tо‘g‘ri keladi.
Tabiiyki, Toshkentning katta rayon hosil qiluvchi va rayonga xizmat qiluvchi funksiyasi unda xalq iste’mol mollarini kо‘proq ishlab chiqarish hamda barcha ijtimoiy sohalarning yuqoriroq darajada va kengroq miqyosda rivojlanishni taqozo etadi. Mamlakatimizda u, shubhasiz, barcha yangiliklar, innovatsiya markazi, shahar katta infratuzilma va intellektual salohiyatiga ham ega. Shu bois respublikamizda barcha yangiliklar aynan Toshkentdan diffuzion ravishda boshqa hududlarga tarqaladi.
Toshkent shahri iqtisodiyotining ichki tarkibi ham uning poytaxtlik xususiyatini ifodalab beradi. 2017 -yil yakunlari bо‘yicha sanoat shahar yalpi hududiy mahsulotining 14,7 foizini ta’minlagan, qurilishning ulushi 7,7 %, transport va aloqaniki - 15,9 %, savdo va umumiy ovqatlanish YAHMning 11,6, soliqlar uning 10,6 foizini beradi.
Ma’lumki, iqtisodiyot tizimida bozor munosabatlarini shakllantirishda kichik biznesning о‘rni va ahamiyati juda katta. Toshkent shahrida jami 33298 ta faoliyat kо‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rо‘yxatga olingan. KB va XT subyektlarining turli sohalardagi ulushi quyidagicha: YAHM da 49,9 %, sanoat ishlab chiqarishida 39,0 %, qurilishda 45,8 %, chakana savdoda 49,3 %, xizmat kо‘rsatishda 30,2 %. Ushbu sektorga iqtisodiyotda band bо‘lganlarning 55,2 foizi, mamlakat eksportining 13,7 va importining 47,1 foizi tо‘g‘ri kelgan. 2009 yilda eksport 19,6, import 50,8 foizni tashkil etgan.
Albatta, har qanday kengaytirilgan ishlab chiqarishning moddiy negizini kapital qо‘yilmalar – investitsiya tashkil qiladi. 2010-yilda shahar bо‘yicha investitsiyalarning jami hajmi 3560 mlrd. sо‘mga teng bо‘lgan. Tumanlar miqyosida Mirobod (21,1 %) va Olmazor (20,6 %) yetakchilik qilishgan. Investitsiyaning nisbatan kam ulushi esa Bektemir va Uchtepa tumanlariga tegishli bо‘lgan.
Kapital qо‘yilmalarga mos holda qurilish ishlari ham tumanlar doirasida birmuncha farq qiladi. Masalan, amalga oshirilgan qurilish ishlarining 31,7 foizi Chilonzorga, 14,1 foizi Mirobod tumaniga tо‘g‘ri kelgan. Demak, faqat shu 2 tuman poytaxtda bajarilgan qurilishlarning 45,8 foizini ta’minlagan. Binobarin, ushbu hududlarda yaqin yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori kо‘rsatkichlarini kutish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |