Ko’llarning suv sathi rejimi. Ko’llarda suv sathi suv balansi elementlarining miqdoriy tebranishlariga bog’liq holda hamda ko’ldagi suv massalarining harakati (ko’tarilish, pasayish, seysh) natijasida o’zgaradi.
Ko’llar suv sathi rejimining o’zgarishi, ularga ta’sir etadigan tabiiy va antropogen omillarga bog’liq holda, davriy yoki nodavriy ko’rinishlarda bo’lishi mumkin.
Ko’llar suv sathining davriy o’zgarishi suv balansi elementlarining miqdoriy o’zgarishlariga bog’liq holda yil davomida yoki uzoq yillar davomida bo’lishi mumkin. Bunday o’zgarishlarning birinchisi yilning ob-havo sharoiti bilan bog’liq bo’lsa, keyingisi iqlimiy o’zgarishlarga bog’liqdir.
Suv sathining nodavriy o’zgarishi esa suv balansi elementlarining favqulodda o’zgarishi tufayli bo’ladi. Bu holat antropogen omil ta’sirida yuzaga keladi. Orol dengizi sathining pasayishi nodavriy o’zgarishning yorqin misolidir.
O’rta Osiyo ko’llarining suv sathi rejimi. O’rta Osiyo ko’llarining suv sathi rejimiga ta’sir etuvchi omillar quyidagilardan iborat:
- suv balansining kirim va chiqim qismi elementlarining miqdoriy jihatdan farq qilishi;
- talofatli tabiat hodisalari (surilish, ko’chki, to’g’on buzilishi va boshqalar).
O’rta Osiyo ko’llarida suv sathining tebranish fazalari o’ziga xos bo’lib, ular quyidagi davrlarga bo’linadi:
- to’lib borish davri;
- suv sathining eng katta ko’tarilishi;
- suv sathining turg’un holati;
- suv sathining pasaya borishi;
- eng kichik suv sathi.
Qayd etilgan tebranish fazalarining boshlanishi, tugashi, davom etishini ko’llar suv sathining yil davomida o’zgarishi chizmalaridan aniqlash mumkin (12.3-rasm).
Yuqoridagi omillarni e’tiborga olish nafaqat O’rta Osiyo, balki Yer yuzidagi barcha ko’llar suv sathi rejimini har tomonlama o’rganish va yoritib berishda juda muhimdir.
Ko’llarning harorat rejimi quyidagi omillarga bog’liq:
- ko’llarning geografik o’rniga;
- ko’l joylashgan hududning gidrometeorologik sharoitiga;
- ko’ldagi suv massalari dinamikasiga;
- ko’lni to’yintiruvchi va undan sarflanuvchi elementlarning miqdoriy qiymatlariga;
- ko’l kosasining shakli, o’lchami va boshqalarga.
Ko’llar oladigan issiqlikning asosiy manbai quyosh radiatsiyasi hisoblanadi. Shu tufayli quyosh radiatsiyasining ko’l yuzasiga tushgan va undan qaytgan qismlarini o’rganish muhimdir.
Tushayotgan radiatsiyaning bir qismi suv massalari tomonidan yutilsa, bir qismi qaytadi. Qaytgan radiatsiyaning tushayotgan radiatsiyaga nisbati albedo yoki qaytish koeffitsienti deyiladi. Albedo quyosh balandligiga, suv yuzasining holatiga bog’liq. Masalan, V.V.Shuleykin ma’lumotlariga ko’ra h0 = 900 bo’lganda 2 % quyosh nurlari qaytsa, h0 = 20 bo’lganda 78 % qaytadi. Quyosh balandligi geografik kenglikka bog’liq bo’lgani uchun albedo ham geografik kenglikka va shu bilan birga yil fasllariga ham bog’liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |