Ko’llar haqida umumiy ma’lumotlar
Ko’llar bir-biridan paydo bo’lishi, yer sirtida joylashish o’rni, shakli, o’lchamlari, gidrologik rejimi va boshqa bir qancha xususiyatlari bilan farqlanadi. Yer yuzida aynan o’xshash bo’lgan ko’llar uchramaydi.
Ko’l sifatida qabul qilinadigan suv havzasi quyidagi shartlarga javob berishi kerak:
1) yagona yoki o’zaro tutashib ketgan bir nechta botiqlar suv bilan to’la yoki ba’zan qisman to’la bo’lishi;
2) suv havzasi okean va dengizlardan ma’lum uzoqlikda joylashishi;
3) suv havzasi va uni tashkil etgan barcha qismlari deyarli bir xil suv sathiga ega bo’lishi;
4) suv havzasiga qo’shiladigan suv miqdori undagi suv hajmiga nisbatan kichik, ya’ni suv almashinishi sekin borishi;
5) suv havzasidagi oqim tezligi daryolarning muallaq oqiziqlari cho’kadigan darajada kichik bo’lishi;
6) o’rtacha ko’p yillik suv sathida havza suv yuzasining maydoni 0,01 km2 dan va uzunligi esa 200 m dan katta bo’lishi;
7) suv havzasining chuqurligi to’lqin hosil qila olish darajasidagi qiymatda va to’lqinlar qirg’oqlarni yuva oladigan kuchga ega bo’lishi lozim.
Ko’l botig’i va uning qismlari. Ko’l botig’i yerning ichki (endogen) yoki tashqi (ekzogen) kuchlari ta’sirida paydo bo’ladi. Ko’l botig’ining suvga to’lish jarayoni esa tabiiygeografik sharoitga bog’liq bo’lib, yog’inlar, daryolar va yer osti suvlari to’planishi hisobiga kechadi. Demak, yer sirtida turli jarayonlar natijasida hosil bo’lgan va suv to’planadigan chuqurlikni ko’l botig’i deb ataymiz (12.1-rasm).
Ko’l botig’ida ko’lning qirg’oq yonbag’ri, ko’l kosasi qismlari farqlanadi. Ko’lning qirg’oq yonbag’ri yuqoridan ko’l botig’i qoshi bilan, quyidan esa ko’l kosasining sohil chizig’i bilan chegaralanadi.
12.1-rasm. Ko’l botig’i va uning qismlari.
Ko’l botig’ining eng katta suv sathi ko’tariladigan va to’lqinlar ta’sirida bo’ladigan chegaradan quyida joylashgan qismi ko’l kosasi bo’ladi. Ko’l kosasida qirg’oq oldi va chuqur (ko’l tubi) oblastlari farqlanadi.
Ko’l kosasining qirg’oqoldi oblasti ko’l tubiga to’lqinlar ta’siri sezilib turadigan chuqurliklargacha tarqaladi va o’z navbatida qirg’oq bo’yi-litoral va qirg’oqqa yaqin sayozlik-sublitoral lardan iborat bo’ladi.
Ko’l kosasining qirg’oqoldi oblastidan quyida joylashgan qismi ko’l tubi-profundal deyiladi.
Ko’l tubida yuza to’lqinlar ta’siri sezilmaydi, yorug’lik ungacha yetib kelmaydi.
Ko’l paydo bo’lgan paytdan boshlab undagi suv massalari bilan ko’l kosasi va ko’lni o’rab turgan muhit o’rtasida o’zaro bog’liqlik vujudga keladi. Shu bog’liqlik tufayli ko’l o’ziga xos bo’lgan rivojlanish sharoitiga ega bo’ladi. Bu rivojlanishning ayrim qirralari to’lqinlar ta’sirida qirg’oqlarning yemirilishida- abraziyada, yemirilish mahsulotlarining ko’lning qirg’oqqa yaqin qismida yotqiziqlar sifatida to’planib, suv osti qirg’oq terrasasini hosil qilishida, ko’lga kelib quyiladigan daryolarning loyqa oqiziqlarni olib kelishi va ularning cho’kishida hamda boshqa jarayonlarda o’z aksini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |