Nazorat savollari
1. Yer osti suvlarining paydo bo’lishi haqidagi qanday gipotezalarni bilasiz?
2. Yer osti suvlari paydo bo’lishining yuvenil nazariyasining mohiyatini tushuntirib bering.
3. Relikt yer osti suvlari qanday paydo bo’ladi?
4. Yer osti suvlari genezisi bo’yicha qanday guruhlarga bo’linadi?
5. Vadoz suvlar qanday hosil bo’ladi?
6. Sedimentatsion yer osti suvlarining farqi nimada?
7. Yer osti suvlari joylashish o’rniga bog’liq holda qanday turlarga bo’linadi?
8. Artezian suvlar nima?
9. Yer osti suvlari tarkibida erigan tuzlar miqdoriga qarab qanday guruhlarga ajratiladi?
10. Inflyuatsiya hodisasining mohiyatini tushuntirib bering.
Ma’ruza 7. Daryolar
Reja:
1. Daryolar haqida umumiy ma’lumotlar;
2. Daryolarni o’rganishda qo’llaniladigan asosiy atamalar va tushunchalar;
3. Daryo sistemasi va havzasining o’lcham ko’rsatkichlari;
4. Daryo vodiysi va daryo o’zani;
5. Daryolarning ko’ndalang va bo’ylama qirqimlari
Tayanch tushunchalar (kalit so’zlar): daryo tushunchasi, daryo sistemasi, daryo vodiysi, daryolarning ko’ndalang va bo’ylama qirqimlari, oqim me’yori, oqimning yil davomida taqsimlanishi,
Daryolar haqida umumiy ma’lumotlar
Ushbu mavzuda daryolar va ularga tegishli bo’lgan asosiy ta’riflar hamda tushunchalar, daryo sistemasi, suvayirg’ichlar, daryo havzasi, uning o’lcham ko’rsatgichlari, daryo vodiysi va uning elementlari, daryo o’zani, daryolarning ko’ndalang va bo’ylama qirqimlari, ularni o’rganishning amaliy ahamiyati haqidagi bilimlar bayon etiladi.
Daryolarni o’rganishda qo’llaniladigan asosiy atamalar va tushunchalar
Daryo, daryo sistemasi, gidrografik to’r. Daryolar gidrosferaning asosiy tashkil etuvchilaridan biri hisoblanadi. Daryolarni o’rganishga bag’ishlangan gidrologiyaga oid turli adabiyotlarda ularga turlicha mazmundagi ta’riflar berilgan. Ana shu fikrlarni umumlashtirgan holda daryoga quyidagicha ta’rif berish mumkin: daryo deb, havzaga yoqqan atmosfera yog’inlaridan hosil bo’lgan yer usti va yer osti suvlari hisobiga to’yinib, tabiiy o’zanda oquvchi suv massalariga aytiladi.
O’z suvini okeanlarga, dengizlarga va ko’llarga quyadigan daryolar bosh daryo deyiladi. Bosh daryolar qanday suv havzasiga quyilishiga bog’liq holda okean daryolari va kontinent daryolariga bo’linadi. Okean daryolari - bunday daryolar okean yoki okean bilan tutash bo’lgan dengizlarga quyiladi. Masalan, Amazonka, Amur, Don, Dunay, Lena, Nil va hokazo. Kontinent daryolari - berk havzalardagi dengizlar yoki ko’llarga quyiladi. Masalan, Amudaryo, Sirdaryo, Volga, Ural va boshqalar. Ayrim hollarda kontinent daryolari suv havzalarigacha, hatto, bosh daryogacha ham yetib bormasligi mumkin. Masalan, Zarafshon daryosi, Qashqadaryo va boshqalar.
Bosh daryoga quyiladigan daryolar uning irmoqlari deyiladi. Irmoqlar bosh daryoga quyilish holatiga ko’ra tartiblarga bo’linadi. Bosh daryoga bevosita quyiladigan daryolar 1 - tartibli, ularga quyiladiganlari esa 2 - tartibli irmoqlar deyiladi va hokazo (7.1-rasm). Bosh daryo va uning irmoqlari birgalikda daryo sistemasini tashkil etadi.
Daryolar ko’pchilik hollarda ko’llardan, buloqlardan, botqoqliklardan, muzliklardan, doimiy qorliklardan boshlanadi. Ma’lum bir hududdagi daryolar, ularning irmoqlari, buloqlar, ko’llar, botqoqliklar, muzliklar, doimiy qorliklar shu hududning gidrografik to’rini hosil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |