Sabab – narsa-hodisaning omili, oqibat – sababning natijasi. Hamma narsa, hodisaning sababiyligini e’tirof etish determinizm (lotin. «belgilamoq») tamoyili deyiladi. Sababni bilish voqea, hodisalarni oldindan ko‘ra bilish va bashorat qilish imkonini beradi, negaki sabab qanday bo‘lsa, oqibat aynan shundaydir. Sabab va oqibat o‘rtasida o‘tib bo‘lmas «xitoy devori» yo‘q: ular o‘zaro o‘rin almashtirib turadi – bir tizimda sabab bo‘lgan narsa ikkinchisida oqibatga, oqibat esa vaqti kelib navbatdagi narsa-hodisa uchun sababga aydanadi. Sababiyat zanjiri yuzaga kelishi uchun, sabab kutilgan natijani berishi uchun qulay shart-sharoit kerak. Masalan, urug’ unib chiqishi uchun tuproqda namlik, harorat, o’g’it bo’lishi, yangi jamiyat qurish uchun moddiy va mehnat resurslari, milliy g’oya va dono rahnamo kerak.
Shunday qilib, dialektika qonun va kategoriyalari borliq va uning rivojlanishi, fikr ziddiyatli ekanini, mutloqlik va nisbiylik, barqarorlik va o’zgaruvchanlik, ichki va tashqi, botiniy va zoxiriy narsa-hodisa hamda jarayonlar o’zaro aloqadorlikda, o’zaro ta’sirda ekanini ko’rsatib, tafakkurimiz ham shunga monand xarakatchan, har tomonni hisobga oladigan va teran bo’lishini taqozo etadi.
IV. Sinergetika, germenevtika va strukturaviy-funktsional taxlil metodlari. XX asr oxiri – XXI asr boshida falsafa va fan, dialektikani rad etmagan xolda, tafakkurning yangi umumiy metodlarini ilgari surmoqda. Shulardan biri 70-yillarda belgiyalik fizik, Nobel mukofoti laureati Ilya Prigojin «Beqarorlik falsafasi» asarida bayon etgan sinergetikadir. Uning asosi sakrashsiz – eskini buzmasdan, uzluksiz amalga oshadigan tadrijiy o’zgarish qonuni – evolyutsiya g’oyasidir.
Sinergetikaga ko’ra, borliq – beqaror, shu bois o’zgarishlar muqarrar quyidan – yuqoriga, oddiydan – murakkabga va hamisha muayyan umumiy qonunlar bo’yicha bir chiziq bo’ylab amalga oshavermaydi, balki har safar yangicha va betakror, chiziqsiz yuz beradi. Beqarorlik, barqarorlik bilan bir qatorda, borliqning muhim jixatidir. «Barqarorlik va beqarorlik, - deb yozadi I.Prigojin, -ayni bir vaqtda paydo bo’ladi va yashaydi». Dialektika asosan barqaror bog’lanishlar, qonun tusini olgan takrorlanib turuvchi hodisa, jarayonlarni tadqiq etar ekan, demak, u borliq mohiyatini faqat bir yo’nalishda, ma’lum nuqtai nazardangina ochib beradi, vaxolanki, borliq haqida to’liq tasavvur xosil qilmoq uchun beqarorlik qonunlarini ham o’rganish zarur.
Qanday qilib beqarorlikdan barqarorlikka o’tiladi – bu nihoyatda katta nazariy va amaliy-siyosiy ahamiyatga molik masala. Sinergetika bu masala taxlilini «bifurkatsiya» - barqarorsizlik tushunchasidan boshlaydi. Bifurkatsiya xaos(tartibsizlik), bo’linish, ajralib chiqish, sekin-asta me’yordan chiqish jarayonlaridan bosqichma-bosqich o’sish, yangi xolatga o’tish, ichki tuzilishning o’zaro birgalikdagi shakllanishi jarayonlarigacha tadrijiy o’zgarishlarni aks ettiradi. Beqarorlikdan o’zini-o’zi qayta tashkil etish, uyushtirish, boshqarish orqali barqarorlikka o’tiladi. Modomiki, bu o’zgarishlar qat’iy bir chiziqqa bo’ysunmas ekan, demak, jamiyat va g’oyalar rivojlanishining modellari, variantlari ko’pdan-ko’p va xilma-xil bo’lishi tabiiydir. Sinergetika tabiat bilan jamiyatning birgalikdagi rivojlanishini «koevolyutsiya» deb ataydi. Nafaqat jamiyat bilan tabiat o’rtasidagi, balki davlat bilan fuqarolar, insonlararo munosabatlardagi beqarorlik, tartibsizliklar uyushtirish, qayta tashkil etish, boshqarish yo’li bilan barqarorlashtirilishi mumkin degan o’ta muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik xulosalar chiqaradi. Ayniqsa, turli siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, etnik, ekologik tangliklar, inqirozlar, mojaro va ixtiloflarning oldini olish va xaosdan – tartibga, xalokatdan–evolyutsiyaga, buxronlardan– taraqqiyotga o‘tishning, barqarorlashtirishning umumiy tamoyillari va qonuniyatlarini kashf etishga urinishi bilan qimmatlidir. Sinergetika borliqning dialektika idrok eta olmagan bu qirra va jixatlarini ochib berishi bilan uni inkor etmaydi, balki olamning yaxlit falsafiy manzarasini yaratish metodlaridan biri tarzida uni to’ldiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |