Dialektik inkor – bu eskini tamomila yo‘q qilish, rad etish emas, balki undagi ijobiy xossa va tomonlarni saqlab qolgan holda yangi uchun asosga aylantirish demakdir. Masalan, halqimizning «yangi uy qurmay turib, eskisini buzma» degan maqolida dialektik inkorning ana shu davomiylikni ta’minlaydigan hayotiy muhim xususiyati aks etgan. Shu jixati bilan dialektik inkor rivojlanish jarayonining muhim sharti va momentiga aylanadi.
Rivojlanishning cheki yo‘q, demak, inkor jaryonlari ham cheksiz davom etishi mumkin. Masalan, urug‘ yerga tushib, qulay sharoitda o‘simlikka aylanadi, bu – inkor. Agar o‘simlik nixolga aylansa, bu – inkorning inkori. Nixol usib, daraxtga aylansa, bu ham inkor, bu daraxt meva tugsa, bu navbatdagi inkordir. Demak, «inkorni inkor» ramziy ma’noda aytilgan bo‘lib, aslida rivojlanishda inkorlar juda ko‘p uchraydi va ular taraqqiyotning uzluksizligi hamda davomiyligini anglatadi.
Inkorni inkor qonuni rivojlanishning umumiy yunalishini ham ko‘rsatib beradi. Ayrim mutafakkirlar rivojlanishni to‘gri chiziq bo‘yicha amalga oshadi deyishsa, boshqa bir faylasuflar doira ichida, yana boshqalari uchburchak ko‘rinishida deb hisoblaydilar. Dialektikaga ko‘ra murakkab rivojlanish jarayonini biror-bir shaklga majburlab kiritish aslo mumkin emas. Biroq uni shartli ravishda g‘oyatda murakkab, yuqorida sanab o‘tilgan chiziqli, doirasimon va ilgarilanma xarakatlarning mujassami sifatida spiral ko‘rinishida tasvirlash mumkin. Gap shundaki, tarixda hamma narsa takrorlanadi, ammo bu takrorlash nisbatan yuqoriroq bosqichda, yangi zamonu-makonda amalga oshadi. Spiral ana shu qonuniyatni, ya’ni inkorni inkor natijasida yuqoriroq bosqichda boshlang‘ich holatga qaytishni yorqin ifodalaydi. Shu ma’noda rivojlanish spiralsimon xarakatdir, deyish mumkin.
Yuqoridagilardan xulosa shuki, rivojlanish bir chiziqli va muqarrar jarayon emas. Ilgarilanma xarakat o‘zgarishning bir yo‘nalishi, xolos. O’zgarishning boshqa yo‘nalishlari qatoriga regress (orqaga ketish), depressiya(turg’unlik) ham kiradi, shu ma’noda, rivojlanish, yuqoridagi o‘zgarishlardan farqli o‘laroq, ilgarilab borish va cheksizlikka intilishdir. Atoqli rus mutafakkiri V.G.Belinskiy ta’biri bilan aytganda, intilishsiz o‘sish ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. «Taraqqiyot,- degan edi buyuk nemis tabiatshunosi E.Gekkel, -tabiiy qonun, u uzoq vaqt davomida inson kuchi, zolimlar quroli va ruxoniylar qarg‘ishi bilan buyuk tuyilishi mumkin emas».Darhaqiqat, rivojlanish izchil ilgarilanma xarakat tufayli mavjud.
Taraqqiyotning to‘xtab qolishi jamiyatning sekin-asta nurashi degani. Buyuk olim N.G.Chernishevskiy «taraqqiyotni rad etmoqlik, xuddi tabiat qonunlarini rad etish kabi bema’nilikdir» deganida, shubhasiz, haq. Dialektika qonunlari rivojlanishga peshvoz chiqishi, uni idrok etish va tushunishga yordam berishi bilan yanada qimmatlidir.
Borliqdagi umumiy aloqadorlik va rivojlanishni dialektika qonunlaridan tashqari uning kategoriyalari ham ifodalaydi. Kategoriya (yunon. «ko’rsatma», «guvoxlik») mantiqiy-gnoseologik va prakseologik qimmatga ega umumiy tushunchadir.Aksariyat falsafiy kategoriyalar juftlikda bo‘lib, narsa-xodisalarning ichki tabiati va mohiyatini aks ettiradi. Ana shunday umumiy tushunchalar qatoriga ayrimlik va umumiylik, mohiyat va hodisa, mazmun va shakl, sabab va oqibat, imkoniyat va voqelik, zaruriyat va tasodifiyat kabi kategoriyalarni kiritish mumkin. Endi ushbu kategoriyalar xususida qisqacha to‘htalaylik.
Do'stlaringiz bilan baham: |