Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni rivojlanishning manbai nimada ekanligini ko‘rsatib berishi bilan qimmatli. Mazkur qonunga ko‘ra, bunday manba narsa-xodisalarning o‘z ichki tabiatida, ularning qarama-qarshi tomonlari, xossalari, jixatlari o‘rtasidagi kurashdan, ya’ni ziddiyatdan kelib chiqadi. Masalan, jonli tabiatda xukmronlik qiluvchi ikki tomon – irsiyat va o‘zgaruvchanlikning o‘zaro kurashidan yangi-yangi turlar paydo bo’ladi. Shunga o‘xshash jamiyatda turli-tuman g‘oyalar, mafkuralar kurashi natijasida haqiqat ayon bo‘ladi. yangilik hamma joyda va hamma vaqtlarda ikkinchi tomon bo‘lmish eskilik bilan doimiy kurash olib borish natijasida ming mashaqqat bilan yashash xuquqini qo‘lga kiritadi. Bu esa keyingi rivojlanish uchun zamin yaratadi.
Yuqoridagi misollardan kelib chiqadigan falsafiy xulosa shundan iboratki, qarama-qarshiliklar bo‘lmasa, ular o‘rtasida kurash amalga oshmasa, xech qanday o‘sish, o‘zgarish yuz bermaydi. Demak, qarama-qarshiliklar, bir tomondan, biri - ikkinchisini inkor etadi, ikkinchi tomondan, biri - ikkinchisisiz yashay olmaydi ham, ya’ni bir-birini taqozo etadi. Ziddiyatning qarama-qarshi tomonlari o‘zaro mosligi, birligi kurash yangi bosqichda, yangi shaklda boshlangunicha vaqtinchalik, o‘tkinchi xarakterda bo‘ladi, ularning o‘zaro kurashi esa doimiydir. Shu sababli ushbu qonun «qarama-qarshiliklarning birligi va kurashi qonuni» deb yuritiladi.
Ijtimoiy xayotni oladigan bo‘lsak, kishilarning turli guruhlari, sinflari, siyosiy partiyalar o‘rtasida ixtiloflar bo‘lishi tabiiy xol, ammo bu ixtiloflar muqarrar ravishda jamiyatning xalokatli larzalarni boshdan kechirishi bilan hal etilishi shart emas. Ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf etishning madaniylashgan, oqilona siyosiy yo‘llari mavjud. Masalan, murosai-madora, kelishuv va o‘zaro yon berish.
Xo‘sh, qarama-qarshiliklar qayerdan paydo bo‘ladi? Tafovutlardan. Narsa-hodisalarning boshqa narsalar bilan taqqoslanganda ko‘zga tashlanadigan shunday tafovutlari bo‘ladiki, bu bir qarashda nomuhimdek tuyulgan tafovutlardan keyinchalik muhim xayotiy tafovutlar, ulardan esa qarama-qarshiliklar o‘sib chiqishi mumkin. Qarama-qarshiliklarning o’zaro murakkab munosabati esa ziddiyat deyiladi. Qarama-qarshiliklar ziddiyat bosqichiga o‘tib, inson va jamiyatga zarar etkazmasidan ularni payqash va hal qilish o‘ta muhim amaliy ahamiyatga molik. Bu davlat va jamiyat boshqaruvi, rahbarning donoligiga, voqealarni oldindan ko‘ra bilishiga ko‘p jixatdan bog‘liq.
Dialektikaning uchinchi qonuni – inkorni inkor qonuni rivojlanishning davomiyligini, umumiy yo’nalishini ko’rsatadi. Bu qonunga ko‘ra, dunyoda hamma narsa o‘zgarib turar ekan, bugun yangilik bo‘lgan narsa vaqti kelib o‘zining qarama-qarshisiga aylanadi, ya’ni eskiradi, o‘z-o‘ziga zid bo‘lib qoladi, yanada yangiroq biror boshqa narsa bilan ziddiyatga kirishadi. Eskining yangi tomonidan bartaraf etilishi jarayoni inkor deyiladi. Inkorning ikki turi mavjud: dialektik va metafizik inkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |