(Hikoya)
Bir kuni Oqiljonning dadasi uch-to‘rt tup atirgul ko‘chati ko‘tarib keldi.
— Qani, o‘g‘lim, qarashib yuboring, gul ekamiz, — dedi.
— Xo‘p bo‘ladi, — suyunib ketdi Oqiljon.
Dadasi chuqurcha qazidi. Oqiljon suv quyib turdi, har bir chuqurchaga gul ko‘chati o‘tqazib, ustidan tuproq tortishdi. Yaqinda Oqiljon hovlida o‘ynab yurib gul ko‘chatlari barg ochganini, bittasi hatto kichkinagina g‘uncha tukkanini ko‘rib qoldi. Quvonib ketdi. Shundan keyin har kuni ertalib o‘rnidan
237
turdi deguncha yugurib gulning oldiga boradi, g‘uncha katta bo‘lmayaptimi, yo‘qmi deb qaraydi. Lekin g‘uncha sira ochilmas, qanday bo‘lsa shundayligicha o‘zgarmay turardi. Oqiljon dadasidan so‘radi:
Dada, g‘uncha nega katta bo‘lmayapti, qachon gul ochadi?
Parvarishga bog‘liq, o‘g‘lim, — olma pish, og‘zimga tush deb o‘tirsang o‘tiraverasan, — dedi Oqiljonning dadasi, — tagini tez-tez yumshatib, suv quyib tursang, ana o‘shanda ochiladi.
Bo‘pti, parvarish qilaman, — dedi Oqiljon.
U so‘zining ustidan chiqdi, tesha bilan gul ko‘chatining tagini yumshatib, kunora suv quyib turdi. Ko‘p o‘tmay g‘unchaning uchi yorilib qið-qizil gul ko‘rinib qoldi. Oldiniga kichkina edi, bir haftadan keyin esa piyoladek keladigan qið- qizil atirgulga aylandi. Atirgul shunday chiroyli ediki, Oqiljon qarab to‘ymasdi.
Yakshanba kuni devor-darmiyon qo‘shnilari Shohistaning tug‘ilgan kuni edi, chiqib Oqiljonni mehmonga taklif qildi. Oila a’zolari o‘tirib Oqiljonning Shohistaga qanday sovg‘a olib chiqishini maslahatlashdilar. Oqiljonning buvisi, oyisi, katta akasi har xil narsalarni aytishdi, lekin biror qarorga
kelisholmadi.
Atirgulingni olib chiqa qol, — dedi dadasi.
Ho... — dedi Oqiljon, hali men Shohista uchun shuncha ovora bo‘lib gulni ochiltirgan ekanman-da. Kerak emas!
Hamma birdan jim bo‘lib qoldi.
Men yolg‘iz o‘zing uchun gul o‘stirganingni bilmagan ekanman, — dedi xomush ovozda dadasi, — uzmasang bari- bir uch-to‘rt kundan keyin so‘lib, barglari to‘kilib ketadi. Oqiljon anchaga ikkilanib o‘tirdi, oxiri gulni shartta qaychi-
da qirqdi-da, qo‘shnisinikiga yo‘l oldi. Shohista gulni ko‘rib quvonib ketdi, idishga solib stolning o‘rtasiga qo‘ydi. Bir uy bola mehmon bo‘lib o‘tirgan ekan, hammaning gulga havasi keldi. Ayniqsa, Nodira bilan Nigora „Chiroyli gul ekan“, deb rosa bijirlashdi.
Shu payt uyga Shohistaning buvasi kirib keldi.
Bay-bay-bay, bunday ajoyib gulni kim parvarishlab o‘stirdi-yu, kim sovg‘a qildi senga? — deb so‘radi nabirasidan.
Gulni men o‘stirdim, — bu gap og‘zidan qanday chiqib ketganini Oqiljon sezmay qoldi. — Hali g‘unchasi ko‘p,
238
mana ko‘rasizlar, ochilganda Nodiraga ham, Nigoraga ham beraman!
Bobo iljayib uning yelkasiga qoqdi.
— Barakalla, bo‘talog‘im. Niyatingki birovlarning ko‘nglini olish ekan, demak, sendan haqiqiy bog‘bon chiqadi!
YAXSHILIK
Fazliddin o‘rtog‘i Nabi bilan ko‘chada o‘ynab yurardi. Shu payt uzoqdan qo‘shnilari Normamat boboning kelayotganini ko‘rib qoldi. Cholning qo‘lida tugunchasi ham bor edi. Fazliddin hovliqib o‘rtog‘iga kerildi.
— Hozir-chi, men borib, Normamat bobomlarga yordam beraman. Qo‘llaridagi tugunchani ko‘tarishib yuboraman. Bilasanmi... men qariyalarga yordam beraman. Meni Normamat bobo juda yaxshi ko‘radilar, doim odobli bola ekansan, deb maqtaydilar. Ishonmasang men bilan birga yurgin, o‘zing ko‘rasan.
Bolalarga yaqinlashib qolgan Normamat bobo Fazliddinning so‘zlarini eshitdi chog‘i, miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Fazliddin boboning oldiga yugurib bordi va uning qo‘lidan tugunchani oldi.
— Bobo, keling yordamlashib yuboray, sizga doim yordam beraman-a? — so‘radi Fazliddin, Nabi eshitsin uchun jo‘rttaga baqirib.
— Ha, har doim yordam berasan, — boshini likillatib tasdiqladi Normamat bobo.
Fazliddin oldinda, Normamat bobo orqada yo‘lga tushdilar. Uyiga yetgandan keyin Normamat bobo Fazliddinning qo‘lidan tugunchani oldi. Lekin har galgidek „Barakalla, bo‘talog‘im, odobli bola ekansan“, deb maqtamadi, faqat quruqqina qilib „Rahmat“ dedi va engashib Fazliddinning qulog‘iga allanarsalar deb pichirladi. Keyin kulimsiraganicha
uyiga kirib ketdi.
Fazliddin noqulay ahvolga tushib qoldi. Labini tishlab chap oyog‘i bilan yer chizdi. Uning yoniga yugurib o‘rtog‘i keldi.
— Ha, nega nafasing ichingga tushib ketdi? — so‘radi Nabi. — Normamat bobo nima dedilar?
Fazliddin boshini ko‘tarolmasdi.
— Nega indamaysan?
— Yaxshilik qil, lekin maqtanib, uni yuvib yuborma, dedilar Normamat bobo, — zo‘rg‘a javob berdi Fazliddin.
239
Do'stlaringiz bilan baham: |