Ko`payish organlari. Qushlar ayrim jinsli. Erkaklarida loviyasimon bir juft urug’don va urg’ochilarining ko`pgina turlarida faqat bitta chap tuxumdon bo`ladi (162-rasm, A, B). Ikkinchi-o`ng tuxumdoni ayrim paytlarda faqat kunduzgi yirtqich qushlarda, yapaloqqushlarda, gagalarda, to`tiqushlarda va tovuqsimonlarda bo`ladi. Urug’donlardan urug’ yo`li ketib kloakaga ochiladi. Ayrim qush turlarida urug’ yo`llari kloakaga tushish oldidan kengayib, urug’ xaltasini hosil qiladi (urug’ xaltasida ortiqcha urug’lar saqlanadi). Qushlarning ayrim turlaridagina kopulyativ organi bo`ladi. Masalan: tuyaqushlarda, tinamularda va g’ozsimonlarda kloakasi devorining bir qismi bo`rtib chiqib, toq kopulyativ organini hosil qiladi. Qarqara (qo`ton), laylak, flamingo va tuvaloqlarning kopulyativ organlari rudiment holida bo`ladi. Ko`pgina qushlarda qo`shilish organlari yo`q bo`lib, bunda erkak va urg’ochi qushlar kloakalarini bir-birlariga yaqinlashtirib, erkagi kloakasi orqali urg’ochisi kloakasiga spermasini yuboradi va otalanish ichki bo`ladi.
Tuxumdon donador bo`lib, chap buyragi oldida joylashgan. Ko`payish davrida tuxumdon uzum shingilini eslatadi. Shingildagi har bir g’ujum ichida tuxum hujayrasi bo`lgan yupqa qobiqli pufakchadir. Pufakcha yetila borib, unda oziq moddalar to`planadi va bo`lajak tuxumning sariqligiga aylanadi. Tuxum hujayra tuxumdondan tuxum yo`liga tushadi. Tuxum yo`li uzun naysimon bo`lib, pastki tomoni kloakaga, yuqori tomoni esa voronka shaklida bo`lib tana bo`shlig’iga ochiladi.
Yetilgan tuxum tana bo`shlig’idan tuxum yo`li voronkasiga o`tadi va tuxum yo`li bo`ylab pastga tusha boshlaydi. Umuman, qushlarning tuxum yo`li bir necha bo`limdan iborat. Tuxum yo`lining fallopiy nayi deb ataladigan eng uzun ustki bo`limining ichki tomoni talaygina oqsil bezlar va burmalar bilan qoplangan. Uning kengroq, lekin devori bir qadar yupqaroq bo`ladigan keyingi bo`limi bachadon deyiladi. Bachadon o`z navbatida, tor qinga aylanadi, qin esa kloakaga ochiladi. Ko`pgina qushlarda o`ng tuxumdon bilan tuxum yo`li, odatda, murtak holda bo`ladi.
Urg’ochi qushlarda o`ng tuxumdon va tuxum yo`lining reduktsiyalanishiga ularning yirik tuxum qo`yishi va tuxumning tuxum yo`lida 1-2 sutkagacha turib qolishi sabab bo`lsa kerak. Umuman, tovuqlarning tuxumi tuxum yo`lidan bir sutkada kloakaga tushadi, kaptarlarda esa 41 soatgacha boradi. Tuxum tuxum yo`lida urug’lanadi. Tuxum, asosan usti yupqa parda bilan qoplangan sariqlikdir. Sariqlikning yuqoriga qaragan tomonida embrion diski joylashgan. U ochiq rangli dog’lar ko`rinishida bo`ladi. Bu dog’lar urug’langan tuxum yadrosining bo`linishi va sitoplazmaning aktiv qismidan hosil bo`lgan hujayralardan tuzilgan. Sariqlik qobig’iga quyuq oqsildan iborat ipchalar birikkan bo`ladi. Shuning uchun ham sariqlik tuxum o`rtasida ipchalarga osilib turgandek ko`rinadi. Sariqlik embrionning rivojlanishi uchun zarur bo`lgan ko`p miqdordagi oziq moddalar va suvdan tashkil topgan. Masalan: tovuq tuxumi sariqligining tarkibida 50% suv, 23% yog’, 16% proteinlar, 11% lipotsidlar bor; g’oz tuxumi sariqligida esa 44% suv, 36% yog’, 17 % proteinlar va 3% boshqa moddalar bor.
S
163-rasm. Qush tuxumining tuzilishi:
1-xalaza, 2-po`chog`i, 3-havo kamersi,
4-po`choq osti qobig`i, 5-suyuq oqsil, 6-quyuq oqsil, 7- embrion diski, 8-oq sariqlik, 9- sariq sariqlik.
ariqlik tuxum yo`lining yuqorigi qismi - fallopiy nayi bo`ylab pastga harakat qilganda oqsil bilan o`raladi, bachadondan o`tayotganda esa oqsil tashqi tomondan 2 qavat yupqa parda bilan o`raladi, tuxumning poynak tomonida 2 ta parda bir-biridan uzoqlashib orasida havo kamerasi hosil bo`ladi. Havo kamerasi harorat ta`sirida, tuxum hajmi o`zgarganda zahira havo saqlaydi. Sariqlik atrofidagi oqsil, asosan tuxumni (sariqlikni) mexanik shikastlanishlardan va keskin silkinishlardan saqlaydi hamda embrionning rivojlanishi uchun zarur bo`lgan suv manbai hisoblanadi. Tovuq tuxumi oqsili tarkibida 87% suv, 12% proteinlar va 1% boshqa moddalar bor. Shuni aytish kerakki, tuxum po`chog’i bachadon bez-laridan chiqqan paytda cho`zi-luvchan suyuq massa shaklida bo`ladi va bu massa tez qotadi. Qushlarning tuxumi (sariqlik) oqsil bilan qoplana boshlashdan oldin fallopiy nayining bosh qismida urug’lanadi. Agar tuxum urug’lanmasa u palag’da bo`ladi va bunday tuxumlar rivojlanmaydi. Sariqlikning ustidagi oqsil qatlamidan tuxumning ikkala qutbiga uzun-uzun burama oqsil iplar - xalazalar chiqadi va tuxum po`-chog’ining ichki pardasiga birikadi, natijada, sariqlik tuxumning eng markazida muallaq holda turadi. Ko`p qushlarning tuxumi tashqariga chiqish oldidan tuxum yo`lida bo`yovchi mod-dalar bilan bo`yalib qoladi. Daraxt kovaklarida yoki boshqa pana joylarda uya quradigan qushlarning tuxumi, odatda, bir xil rangda - oq yoki havo rang bo`ladi. Ochiqda uya quradigan qushlarning tuxumi himoya rangiga ega bo`lgan har xil xollar bo`ladi. Qushlar bittadan tuxum qo`yadi. Tashqi tomondan tuxum mayda teshik-chalari bo`lgan ohakli qobiq (po`choq) bilan qoplangan (163-rasm).
Tuxumning to`mtoq, ya`ni poynak tomonida ko`p miqdorda teshiklar bo`ladi. Bu teshiklar orqali rivojlanayotgan embrion bilan tashqi muhit o`rtasida gaz almashinuvi sodir bo`ladi. Tovuq tuxumi po`chog’idagi teshiklar soni 7 mingtagacha boradi. Tuxum po`chog’ining 89-97% ni ohakli modda tashkil etadi, oz miqdorda magniy karbonat va 3-5% ni organik birikmalar tashkil etadi. Tuxum po`chog’i tuxumni har xil mexanik shikastlanishlardan himoya qiladi, gaz almashinuvida muhim ahamiyatga ega, ya`ni tuxumni qurib qolishdan saqlaydi va nihoyat embrion rivojlanayotganda tuxum po`chog’i qisman skeletni hosil qilish uchun sarflanadi. Po`choq tashqi tomondan tuxumga har xil mikroblar kirmasligi uchun yupqa parda bilan o`ralgan bo`ladi. Shuning uchun jo`ja ochishga qo`yiladigan tuxumlarni yuvmaslik kerak, aks holda tuxum po`chog’i ustidagi pardasi shikastlanadi va embrion har xil mikroblar bilan kasallanishi mumkin.
Qushlar embrionining rivojlanishi tuxum yo`lida boshlanadi. Qushlar tuxum qo`yganlaridan keyin uni bosib yotadi, natijada embrion tez o`sadi va unda muhim o`zgarishlar ro`y beradi. Qush embrioni boshlang’ich rivojlanish davrida voyaga yetgan qushga mutlaqo o`xshamaydi, ya`ni embrionning boshi juda katta, tumshug’i kichik dumboqcha shaklida, og’zi boshining oldingi chekkasida ko`ndalang joylashgan bo`ladi. Bo`ynida bir necha juft jabra yoriqlari ko`rinib turadi. embrion rivojlanishining dastlabki davrida qushning dum umurtqalari uzun bo`lib, oldingi oyoqlari shakli jihatdan orqa oyoqlaridan farq qilmaydi. Bunday xususiyatlarni kaltakesaklar, timsohlar va toshbaqalarning embrionlarida ham ko`rish mumkin. Bu esa qushlar bilan sudralib yuruvchilarning bir-birlariga yaqin qarindosh ekanligidan dalolat beradi.
Embrionning keyingi rivojlanishida u borgan sari qushga o`xshay boshlaydi, ya`ni ularda par boshlang’ichlari paydo bo`ladi, keyin tumshug’i kattalashadi, dumining o`sishi sekinlashadi. Tuxumdan chiqishidan oldin qush bolasi havo kamerasining ikkinchi qobig’ini tumshug’i bilan teshib, birinchi marta o`pka bilan nafas ola boshlaydi. Bu vaqtda tuxum ichida uning chiyillashi eshitiladi. Embrionning rivojlanish davrida po`choq tarkibidagi ohak qisman skeletining qurilishiga sarf bo`ladi. Tuxumning ichida tuzlarning miqdori 4-5 marta oshadi, tuxum po`chog’i esa yupqa bo`lib qoladi va jo`jalarni po`choqni yorib chiqishi yengillashadi. Keyin tuxum ichidagi jo`jalar tumshug’ining muguzli uchi bilan tuxum po`chog’ini teshib, ma`lum vaqtdan keyin tashqariga chiqadi. Umuman, qushlarning tuxumida embrion ma`lum haroratda, ya`ni +38 +390C da va ma`lum sharoitda rivojlanadi. Bu sharoitni, albatta, qushlar tuxumni bosib yotganda muhayyo qiladi.
Qushlar tuxumni bosgandan keyin ularning embrionida qon aylanish va nerv sistemalari, ko`rish organlari, boshlang’ich ichakning bir qismi paydo bo`la boshlaydi. Masalan: chumchuqlar va boshqa mayda qushlarda tuxumdan embrionning chiqish davri 12-14 kunga, kaptarlarda 15-18 kunga, tovuqlarda 21 kunga, oqqushlarda va yirik yirtqich qushlarda 1,5 oy atrofida va tuyaqushlarda 40-70 kunga to`g’ri keladi. Kaptar, chumchuq, qorashaqshaq, yirtqich qushlar, qarg’a, qizilishton, to`tiqushlar, hamma sayroqi qushlar hamda pingvinlarning jo`jalari tuxumdan zaif, ko`zi yumuq, usti yalang’och yoki usti sal-pal momiq bilan qoplangan holda chiqadi. Bu qushlarning jo`jalari oyog’ida tura olmaydi va uzoq vaqtgacha uyasidan chiqib ketmaydi. Ota-onalari ularga har xil hasharotlarni olib kelib oziqlantiradi va dushmandan himoya qiladi. Kaptarlar o`z bolalarini dastlabki kunlari maxsus sut bilan boqadi. Ular bu sutni jig’ildondan ishlab chiqaradi. Jo`jalari uchadigan bo`lgandan keyingina bu qushlar boqishni to`xtatadi. Tuxumdan bunday zaif bola ochadigan qushlarga jish bola ochuvchi qushlar deyiladi.
Tovuq, qur, bulduruq, o`rdak, g’oz, oqqush, qirg’ovul, bedana va turnalarning tuxumlaridan ko`zi ochiq, usti par bilan qoplangan jo`jalari chiqadi. Ular bir necha soatdan keyin yoki tuxumdan chiqqandan bir kun o`tgach uyasidan tashqariga chiqishi va hatto onasi ketidan yurib mustaqil oziqlanishi mumkin. Bunday qushlarga jo`ja ochuvchi qushlar deyiladi. Bunday jo`jalar mustaqilligiga qaramay, hayotining dastlabki kunlarida baribir isinishga ehtiyoj sezadi va ko`pincha onasining qanotlari ostiga yashirinadi, chunki jo`jalarning tana harorati birdaniga doimiy bo`lib qolmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |