166-rasm. Gagarasimonlar: 1- qiziltomoq gagara,
2- oqburunli gagara, 3- qoratomoq gagara.
Ularning ozig’i baliqlar va suvdagi umurtqasiz hayvonlar hisoblanadi. Ozig’ini 25 m chuqurlikka suvga sho’ng’ib, tutib yeydi. Gagaralar o’simlik ko’p bo’lgan ko’llarda yashaydi. O’rta Osiyoga oktyabr oyida uchib keladi. Jinsiy dimorfizm sezilmaydi. May oyida ularning tuxumini Balxash va Issiqko’l atroflarida uchratish mumkin. In qurishda ikki jins ham qatnashadi. 2-3 ta tuxum qo’yadi. Inkubatsiya davri 28 kunga to’g’ri keladi, jo’ja bolali. Tuxumlarini erkagi va urg’ochisi navbatlashib bosadi. Jo’jalari qalin par bilan qoplangan bo’ladi. Ular tuxumdan chiqishi bilan suvda suzib keta oladi. Gagaralarning sanoatda ahamiyati yo’q. Lekin bu qushlar ko’llarni bezab turadi. Patli terisidan bezak tayyorlanadi. Tipik vakili qoratomoq gagara (Gavia arctica) hisoblanadi. Hajmi birmuncha kichik.
Qo`ng’irsimonlar (Podicipediformes) turkumi. Bu turkum vakillarining har qaysi barmog’i alohida teri suzgich pardaga o`ralganligi bilan gagaralardan farq qiladi. Hajmi ham kichikroq. Gavdasidagi patlari zich joylashgan. Patli terisidan bezak uchun foydalaniladi, ya`ni bosh kiyimlarga, yoqaga bezak sifatida tikiladi (167-rasm).
167-rasm. Qo`ng’irsimonlar: 1- qoratumshuqli qo`ng’ir, 2- qiziltumshuqli qo`ng’ir,
3- kulrangtumshuqli qo`ng’ir, 4- katta qo`ng’ir (chomga).
Bu turkumning 20 ta turi bo`lib, MDHda 5 ta turi, O`zbekistonda esa 2 ta turi, ya`ni katta qo`ng’ir va qanjir uchraydi. Chuchuk suv qushlari. Hamdo`stlik davlatlardagi ko`l va daryolarda eng ko`p tarqalgan vakili – katta qo`ng’ir, ya`ni chomga (Podiceps cristatus) hisoblanadi.
Bahorda urchish davrida katta erkak qo`ng’irning boshidan gajak pat o`sib chiqadi. Ularning urg’ochisi erkaklari bilan suvda oqib yuradigan qayiqchaga o`xshash qamishlardan uya yasaydi. Shu uyaga urg’ochisi 2-7 ta tuxum qo`yadi. Jo`ja bolali qush. Tuxumni bosib yotishni galma-gal erkagi va urg’ochisi bajaradi. Xavf sezgudek bo`lsa, ular jo`jalarini yelkasigi chiqarib yashiradi, suvga sho`ng’iganda esa qanoti ostiga yashiradi. Tuxumdan chiqqan jo`jalari yo`lli par bilan qoplangan bo`ladi va o`z ota-onasi bilan birga suzadi. Ular bir umr suvda yashaydi. Qo`ng’irlar suvdagi hasharotlar, ularning lichinkalari, mollyuskalar va mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Ozuqa izlab ular 7 m chuqurlikkacha suvga sho`ng’iy oladi. Uchish oldidan tez yuguradi, yaxshi ucholmaydi. Ularning go`shti qattiq va bemaza.
Do'stlaringiz bilan baham: |