Qanotsizlar yoki kivilar (Apterygiformes) turkumi. Ko`krak tojsizlarning eng mayda vakillari bo`lmish – kivilar tuyaqushlarning o`ziga xos turkumi hisoblanadi. Kivilar faqat Yangi Zelandiya orollarida yashaydi, 3 ta turi bor. Kattaligi tovuqdek, og’irligi 2-3 kg. Sirtdan qanotlari zo`rg’a bilinadi, oyoqlari 4 barmoqli, dum patlari bo`lmaydi, chanog’i ochiq. Qanot skeleti va yelka kamari kuchli reduktsiyalangan. Tumshug’i uzun bo`lib, bir oz qayrilgan, burun teshiklari tumshug’i uchida joylashgan, oziq topishda hidlov organi muhim ahamiyatga ega. Kivi tungi qush bo`lib, qalin buta va daraxtlar bilan qoplangan tog’li hududlarda yashaydi. Ko`zlari nisbatan kichik. Hasharotlar va chuvalchanglar bilan oziqlanadi.
Urg’ochisi 1 ta yoki 2 ta tuxum qo`yadi, tuxumining og’irligi 450 g. Ular, asosan daraxt ostiga uya quradi. Tuxumini erkagi va urg’ochisi navbatlashib bosadi. Tuxumining uzunligi 12-14 sm. Inkubatsiya davri 42 kundan 70 kungacha davom etadi. Jo`jalari pat bilan qoplangan holda tuxumdan chiqadi. 3 ta turidan kichik kivi (Apteryx oweni) turi «Xalqaro Qizil kitob»ga kiritilgan. Kivi Yangi Zelandiyaning milliy emblemasi bo`lib, himoyaga olingan.
Ko`kraktojlilar (Carinatae) yoki tipik qushlar (Neognathae)
katta turkumi
Bu katta turkumga 8500 dan ortiq tur kiradi, deyarli hamma turlari uchadi, ayrim turlari ikkilamchi marta uchish qobiliyatini yo`qotgan. To`sh suyagida ko`krak toj suyagi, terisida apteriyasi, ikkinchi tartibli tolalarida ilmoqchalari va kontur patlarida yelpig’ichlari bor. Naysimon suyaklarining ichi bo`sh va havo bilan to`lgan, ya`ni suyaklari pnevmatik. Kaft suyaklari birlashib ilik suyagini hosil qilgan. Ko`kraktojlilar katta turkumining sistematik holati to`g’risida hozirgacha bir to`xtamga kelinmagan. Quyida bu katta turkumning eng muhim turkumlari to`g’risidagi ma`lumotlar keltiriladi.
Gagarasimonlar (Gaviiformes) turkumi. Bu turkumga tipik suv qushlari kiradi. Suvda yaxshi suzadi va sho`ng’iy oladi, lekin yaxshi yura olmaydi va yaxshi ucholmaydi. Gagarasimonlar oyoqlaridagi 3 ta oldingi barmog’i yaxlit suzgich parda bilan bir-biriga qo`shilgan bo`lishi, gavdasi uzunchoq – qayroqsimon bo`lishi, patlari zich joylashganligi, tumshug’i uzun va o`tkir bo`lishi bilan xarakterlanadi. Oyoqlari gavdasining keyingi tomonida joylashganligi tufayli quruqlikda gavdasi deyarli qiya holatda bo`ladi. Gagaralarning erkak va urg’ochilarini rangi bir xil. Boshi kulrang, tumshug’i va oyog’i qora rangda. Qanotlari kalta va o`tkir. Bu turkumga 5 ta tur kiradi. Ular Shimoliy yarimsharda suv havzalarida yashaydi, O`zbekistonda qoratomoq gagara uchraydi (166-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |