Tishli qushlar (Odontognathae) katta turkumiga bo`r davrida yashab o`tgan gesperornis (Hesperornis) va ixtiornislar (Ichthyornis) kiradi.
Gesperornis qirilib ketgan qadimgi qushlardan hisoblanadi. Bu qushning skelet qoldiqlari Bo`r davrining ustki qatlamidan topilgan. Gesperornis suvda yashashga moslashgan. Boshi kichik, jag’lari uzun va tishlari bo`lgan. Ko`krak toj suyagi bo`lmagan. Qanotlari to`liq o`sib yetishmagan, lekin orqa oyoqlari kuchli rivojlangan bo`lib, barmoqlari orasida suzgich pardalari bo`lgan. Gesperornis sudralib yuruvchilar (dinozavrlar) bilan haqiqiy qushlar o`rtasidagi oraliq tur hisoblanadi.
Ixtiornislar ham qushlarning qazilma holdagi qadimgi avlodlaridan hisoblanadi. Ixtiornisning qazilma qoldig’i birinchi marta 1872 yilda Shimoliy Amerikada dengizning ustki bo`r qatlamidan topilgan. Bu qushning kattaligi kaptarday bo`lgan. Boshqa qadimgi qushlarga o`xshash uning jag’larida ham mayda tishlari bo`lgan. Ko`krak va oldingi oyoqlari, ya`ni qanotlarining tuzilishiga qaraganda ixtiornis yaxshi uchadigan qush bo`lgan. Uning umurtqalari baliqlarnikiga o`xshash ikki tomoni ichga botib kirgan. Ixtiornis skeletining ko`p qismi haqiqiy qushlarnikiga o`xshash bo`lgan (164-rasm).
164-rasm. Ixtiornis.
Pingvinlar yoki suzuvchilar (Impennes) katta turkumi. Pingvinlar katta turkumining 1 ta pingvinsimonlar (Sphenisciformes) turkumi, 1 ta pingvinlar oilasi (Spheniscidae) va 16 ta turi bor. Pingvinlar ucholmaydigan, lekin yaxshi suza oladigan va yaxshi sho`ng’iydigan qushlardan hisoblanadi. Ularning oldingi oyoqlari shakli o`zgarib, kurakka aylangan. Suyaklari ichida havo bo`lmaydi. Patlari o`ziga xos, apteriyasi yo`q, pati butun gavdasini zich va bir tekisda qoplab turadi. Pat o`zagi keng, yelpig’ichlari esa qisqa.
Pingvinlarning kaltagina keyingi oyoqlari suzish paytida rul vazifasini bajaradi, oldinga qaragan uchta barmoqlarining orasida suzgich pardasi bor. Quruqlikda gavdasini vertikal holatda tik tutib yuradi. Qanot suyaklari yapaloqlashgan, uning bo`g’imlari esa kam harakatchan. Yelka kamari kuchli va to`sh suyagining oldingi yuzasida yaxshi rivojlangan ko`krak toj suyagi bor. Chunki oldingi oyoqlarining suvda suzish va sho`ng’ishini toj suyagiga birikkan ko`krak muskullari harakatga keltiradi. Ko`krak muskullari tana massasining ¼ qismini tashkil etadi. Kalta va serbar tsevkasi teshiklar bilan bo`lingan uchta tovon suyaklaridan tashkil topgan. Yog’li ilik bilan to`lgan nopnevmatik og’ir suyaklari va o`ziga xos patlari bilan boshqa qushlardan farq qiladi. Patlari serbar, yassi pat tanasidan tashkil topgan patchalardan iborat. Tullash davrida eski patlarining o`zi tushib ketmay, ularni to`la o`sib yetilgan yangi patlar surib tushiradi. Yiliga bir marta, asosan quruqlikda tullaydi, tullash davri juda tez (2-3 hafta) o`tadi. Bu vaqtda pingivinlar oziqlanmaydi. Pingvinlar, asosan Antarktida qirg’oqlarida, Janubiy yarimsharning qutb mintaqasida yashaydi. Shimol tomonda ular Avstraliya, Afrika va Janubiy Amerikaning janubiy qirg’oqlariga yetib boradi. Asosiy vakillariga imperator pingvini (Aptenodytes forsteri), qirol pingvini (A. patagonicus), adeli pingvini (Pygoscelis adeliae), oltin rang patli pingvin (Eudyptes chrysolophus) va boshqalar kiradi (165-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |