169-rasm. Meshkopchilar: 1 - binafsha saqoqush, 2 - jingalak saqoqush.
Laylaklar oilasiga 17 ta tur kiradi. MDHda, shu jumladan, O`zbekistonda 2 ta turi, ya`ni oq laylak (Siconia ciconia) va qora laylak (Ciconia nigra) uya quradi. Ikkala tur ham O`zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan. Laylaklarning og’irligi 4-6 kg keladi, ularda tovush bog’lamlari rivojlanmagan, shuning uchun ham tovush chiqarmaydi. Quruq joylarda, cho`llarda, dashtlarda, tog’li hududlarda va botqoqliklarda yashaydi. Asosan daraxtlarda uya quradi. Monogam qushlardan hisoblanadi. Uyasida tuxumlari soni 3-5 ta bo`ladi. Tuxumdan bir oyda jo`jasi chiqadi. Oq laylaklar xonadonlarga yaqin joylarda uya quradi. Qora laylaklar esa inson bilan qo`shni bo`lishdan qochadi. Laylaklarning vakillari Arktika va Antarktidadan tashqari hamma joyda uchraydi. Ular baqalar, kaltakesaklar, ilonlar, baliqlar, mayda kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Laylaklar foydali. Mahalliy aholi uni muqaddas qush sifatida qo`riqlaydi. Balandlikka parvoz qiladi, masjidlarning gumbazlariga ham uya quradi. Qishlash uchun janubga uchib ketadi.
Qarqaralar oilasiga 60 ga yaqin tur kiradi. Ularning tumshug’i konussimon, qirralari o`tkir, uzun, bo`yni ham ancha uzun va harakatchan. Keyingi barmog’i oldingi barmoqlari bilan deyarli bir xil uzunlikda. O`zbekistonning daryo va ko`llari qirg’oqlaridagi qamishzorlarda, asosan oqqo`ton, ko`k qo`ton, ko`l buqa uchraydi (170-rasm).
170-rasm. Qarqaralar: 1 - sariq qo`ton, 2 - katta oq qo`ton, 3 - kichik oq qo`ton,
4 - ko`k qo`ton, 5 - kulrang qo`ton.
Ko`k qo`ton (Ardea cinerea) terisining ustki qismi ko`k, qorin tomoni oq patlar bilan qoplangan, kokil patlari qora bo`ladi. Bu qushni ko`rmasdan turib, qar-qarlab ovoz chiqarib sayrashidan bilish mumkin. Ko`k qo`tonlar Sirdaryo, Zarafshon, Amudaryo va Surxandaryo vodiylarida uya quradi. Ko`k qo`tonlarning tumshug’i yon tomonidan siqilgan va chekkalarida mayda tishchalari bor. Uyasining diametri 50-110 sm gacha, balandligi esa 60 sm gacha yetadi. Ko`k qo`tonlar har gal 3-7 tagacha tuxum qo`yadi. Tuxumlari och yashil, ko`kimtir, ko`pincha ohakli oq po`choq bilan qoplangan bo`ladi. Ko`k qo`ton suvdagi va quruqlikdagi hasharotlar, ularning lichinkalari, baliq, baqa, itbaliq, kaltakesak, ilon va kemiruvchilar bilan oziqlanadi.
Katta oq qo`ton (Egretta alba)ning rangi oq. Kavkaz, G’arbiy Sibir, O`rta Osiyo va Uzoq Sharqda uya qurib yashaydi. Bir necha o`n yillar oldin oq qo`tonlar MDH mamlakatlarining Yevropa qismida, shu jumladan, O`rta Osiyoda ham kamayib ketgan edi, oxirgi yillarda esa zahiralari kengaymoqda. Umuman olganda qarqaralar oilasining tipik vakillariga ko`k qo`ton (Ardea cinerea), oq qo`ton (Egretta alba) va katta ko`lbuqa (Botaurus stelleris) kiradi.
Ibislar oilasi vakillariga o`rtacha kattalikdagi qushlar kirib, tashqi ko`rinishidan laylaklar va balchiqchilarga o`xshaydi. Ibislar oilasiga 30 dan ortiq tur kiradi. MDHning janubida 4 ta turi uchraydi. Ularning tumshug’i uzun, ingichka va o`roqsimon egilgan (ibis) yoki yassi, yalpoq tumshug’ining uchi qoshiqqa o`xshab kengaygan (qoshiqburun) bo`ladi. Ibislarning oyoqlari uzun bo`lib, sayoz suvlardan ozig’ini terib yeyishga moslashgan. Tipik vakillaridan karavayka (Plegadis falcinellus) va qoshiqburun (Platalea leucorodia) MDHning Janubiy mintaqalarida tarqalgan. Qoshiqburunning tumshug’i yassilanib uchi kurakka o`xshaydi.
Laylaksimonlar turkumi vakillarining ahamiyati unchalik katta emas. Lekin ular qishloq xo`jaligi uchun foydali. Chunki bu qushlarning ko`pchiligi zararkunanda kemiruvchilar va hasharotlarni yo`qotib foyda keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |