Muskul sistemasi. Lantsetnik muskullari tasmaga o`xshab tanasining ikki yoni bo`ylab joylashgan. Muskul tasmalari biriktiruvchi to`qimadan iborat yupqa to`siqlar – mioseptalar yordamida qator bo`lib joylashgan miomerlar (segmentlar)ga ajralgan. Muskullar qorin tomonida va suzgich burmalari asosida ham bo`ladi. Lantsetnik ana shunday muskullari yordamida tanasini to`lqinsimon harakatlantirib yonboshida suzadi, tanasini egib turli harakatlar qiladi yoki qumga ko`milib oladi. Hayvon bezovta qilinganida qumdan chiqib biroz suzib yuradi va darrov qumga yana ko`milib oladi.
Skeleti. Lantsetniklarning skeleti, asosan xordadan iborat. Uning ikkala uchi ham ingichkalashgan bo`lib, lantsetnik gavdasining bosh qismidan eng oxirgi uchigacha boradi. Xorda bosh qismida nerv nayidan ham uzunroq, shuning uchun ham bu sinf xordaboshlilar (Cephalochordata) deb ataladi. Xordani qalin biriktiruvchi to`qimali qavat – miosepta o`rab olgan, uning bir qancha o`simtalari mioseptalar va teri ostidagi biriktiruvchi to`qimali qavat bilan bog’langan. Ayniqsa, jabra apparatining skeleti murakkab, u hujayrasiz tolali gorizontal va vertikal to`sinlardan iborat bo`lib, nozik panjaraga o`xshaydi. Zich, dirildoq to`qimadan tashkil topgan ustunchalar suzgich qanotlarda tayanch vazifasini bajaradi. O`simta qamragichlarni va og’iz oldi voronkasini ham shunday ustunchalar tutib turadi, ammo ular uzun va ingichkaroq bo`ladi.
N
7-rasm.Endostil (ko`ndalang kesimi):
1 - kiprikli hujayralar; 2 - bezli hujayralar; 3 - jabra apparati skeleti; 4 - selom.
erv sistemasi. Markaziy nerv sistemasi tananing orqa tomonida xorda ustida joylashgan uzun naydan iborat. Nerv nayining oldingi tomoni biroz kengaygan, uning ichki qismi bo`ylab tor tirqish o`tadi. Naydan juda ko`p nervlar chiqadi. Ulardan ikki jufti tananing oldingi qismiga ketganidan bosh nervlar deb ataladi. Sezgi organlari juda sodda tuzilgan. Haqiqiy ko`zlari bo`lmaydi. Nerv nayi bo`ylab tarqoq joylashgan juda ko`p qora pigmentlar – Gesse ko`zchalari orqali hayvon yorug’likni sezadi, lekin narsalarni farqlay olmaydi. Shaffof teri orqali yorug’lik pigment «ko`zchalar»ga oson yetib keladi. Lantsetniklar yorug’likni yoqtirmaydi. Tanasining oldingi qismida hid bilish chuqurchasi joylashgan. Og’iz atrofidagi paypaslagichlari tuyg’u funktsiyasini bajaradi. Bundan tashqari tanasining butun yuzasi bo`ylab tuyg’u funktsiyasiga ega bo`lgan hujayralar joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |