Astsidiyalar sinfi sistematikasi. Astsidiyalar sinfiga 1000 dan ortiq tur, 100 ga yaqin urug’ va 3 ta turkum: yakka astsidiyalar, murakkab astsidiyalar va olovtanli astsidiyalar kiradi.
Yakka astsidiyalar (Monascidiae) turkumining vakillari 2-3 mm dan 40-50 sm gacha uzunlikda bo`ladi. Bu turkumning orasida harakatchan turlari ham uchraydi. Masalan: sharsimon astsidiya (Waster ascidia) ana shunday harakatchan astsidiyalar turiga kiradi va ular suv tagi bo`ylab harakat qiladi.
Murakkab astsidiyalar (Synascidia) turkumi vakillarining kolonial kurtaklaridan rivojlangan astsidiyalar ona astsidiyalar bilan tutashgan bo`ladi. Bunday astsidiyalarda, bir nechtasi tashqaridan umumiy parda bilan o`rab olinadi va ularda bitta umumiy kloaka bo`ladi. Murakkab astsidiyalarda urug’lanish koloniyalar o`rtasida sodir bo`ladi. Chunki ona koloniya bilan qiz koloniya o`rtasida urug’lanish bo`lmaydi.
Olovtanli astsidiyalar (Pyrosomata) turkumining vakillarida zigotadan astsidiyasimon koloniya asoschisi rivojlanadi. Undan kurtaklanish yo`li bilan to`rtta olovtanlilardan tashkil topgan guruh hosil bo`ladi va ular umumiy qobiq-tunika bilan o`ralgan bo`ladi. Bu astsidiyalar koloniyasidagi har bir a`zosi halqumining oldingi qismida yorituvchi hujayralar guruhi bo`ladi. Bu hujayralarda yorug’lik chaqiruvchi simbiotik bakteriyalar yashaydi. Koloniyaning uzunligi, odatda 20-40 sm bo`lib, undagi har bir olovtanlining o`lchami 3-5 mm ni tashkil qiladi. Ayrim turlari koloniyasining uzunligi 3-4 m va hatto 30 m gacha boradi.
Astsidiyalar barcha dengiz va okeanlarda tarqalgan. Ayrim dengizlarda 1 m kvadratda 8-10 mingtagacha astsidiya yashaydi. 1 gektar joyda astsidiyalardan 300 kg gacha kletchatka olinadi.
Salplar (Salpae) sinfi
Salplar erkin suzib yuruvchi yakka va koloniya bo`lib pelagik hayot kechiruvchi qobiqlilardan hisoblanadi. Voyaga yetganlarida dumi va xordasi bo`lmaydi. Ularning gavdasi shaklan bodringga o`xshash cho`ziq yoki bochkaga o`xshash bo`ladi (3-rasm).
Gavdasining oldingi uchida kenggina og’iz teshigi va keyingi uchida kloaka teshigi o`rnashgan. Yakka yashaydigan turlarining uzunligi 5-15 sm gacha va koloniya bo`lib yashaydigan vakillarining uzunligi 30-40 sm gacha boradi. Salplarning gavdasi yupqa, tiniq qobiq – tunika bilan o`ralgan. Shuning uchun ham hayvonni halqa singari o`rab olgan tasmasimon muskullari tunikadan ko`rinib turadi. Salplar bu muskullarini oldindan orqaga ketma-ket qisqartirib, suvni kloaka teshigidan kuch bilan otib chiqaradi va o`zi oldingi tomonga qarab harakat qiladi.
Salplar sinfi vakillari jinsiy usulda va jinssiz usulda kurtaklanib ko`payadi. Jinssiz usulda ko`payishda yakka salp gavdasining orqa uchida maxsus o`simta-stolon hosil bo`ladi, bu stolondan jinsli qiz individlar ketma-ket kurtaklanib, zanjirsimon koloniya hosil qiladi. Ular o`z gavdasining tuzilishi jihatidan ona individga o`xshaydi, lekin maydaligi bilan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |