85-rasm. Pa1eoniscus. Perm qatlamlaridan topilgan (uzunligi 25 sm).
Paleonistsidlardan trias davrida yashagan suyakli ganoidlar kelib chiqqan bo`lib, ular paleonistsidlar bilan suyakli baliqlar o`rtasidagi oraliq forma hisoblangan. Suyakli ganoidlar trias davrida paydo bo`lib, o`rta mezozoyda hukmron bo`lgan, lekin bo`r davrining o`rtalaridan keskin kamaygan. Hozirgi vaqtda suyakli ganoidlarning 2 ta guruhi, ya`ni amiyalar va kayman baliqlari yashab kelmoqda.
Haqiqiy suyakdor baliqlar mezozoy erasining trias davrida paydo bo`lgan. Ularning evolyutsiyasi tez va turli xil yo`llar bilan o`tgan. Hozirgi davrda suyakdor baliqlar eng ko`p tarqalgan va ko`p turlarga ega bo`lgan hukmron guruh hisoblanadi. Ular Kaynozoy erasida yer sharining barcha dengiz va chuchuk suv havzalarida ko`plab uchragan. Qadimgi panjaqanotlilar va ikki xil nafas oluvchilar bir-birlariga yaqin turgan. Bularning ikkalasi ham devon davrida paydo bo`lib, eng ko`p tarqalgan va gullagan davri yuqori devon, toshko`mir davrlariga to`g’ri keladi (86-rasm).
86-rasm. Panjaqanotli baliq (Undina pencillata) yuqori yura davri.
Qadimgi panjaqanotlilarning gavdasi duksimon, uzunligi 1 m, chaqqon suzadigan va chuchuk suvda yashaydigan yirtqich baliqlar bo`lgan. Juft suzgich qanotlari yaxshi taraqqiy etgan. Dum suzgichlari geterotserkal tipda bo`lib, gavdasi kosmoid tangachalar bilan qoplangan. Orqa tomonida ikkita orqa suzgich qanoti, ichki burun teshiklari (xoana) yaxshi rivojlanganligi ularni o`pka bilan nafas olganligini bildiradi. Bu baliqlarning boshida sachratqich teshiklari bo`lgan, tishlari o`ziga xos burmali bo`lib, dentin moddadan tuzilgan (labirentodontlarga o`xshash bo`lgan).
Qadimgi ikki xil nafas oluvchilar panjaqanotlilarga yaqin turgan. Evolyutsiya taraqqiyoti davomida ularning bir-birlaridan uzoqlashishi, ya`ni ajralib ketishiga oziqlanishi sababchi bo`lsa kerak.
Panjaqanotlilar yirtqichligicha qolgan, tez suzish va chaqqon o`ljasini ushlab olish xususiyatini ham saqlagan.
Ikki xil nafas oluvchilar esa suvdagi umurtqasiz hayvonlar - qisqichbaqasimonlar va mollyuskalar bilan oziqlanishga moslashgan. Ular yaxshi taraqqiy etgan suzgichlarini yo`qotib, kam harakatlanadigan hozirgi yashab turgan ikki xil nafas oluvchi baliqlarning suzgich qanotlariga aylangan.
Panjaqanotlilar ko`p belgilari bilan quruqliqda yashovchi umurtqalilardan - qalqonli amfibiyalarga yaqin turgan. Bu guruhga kiruvchi baliqlar devon davrida keng tarqalgan va gullagan davri bo`lgan, toshko`mir davriga kelib ularning turlari yanada ko`paygan. Kaynozoy erasiga kelganda panjaqanotlilar butunlay yo`q bo`lib ketgan. 1938 yilda panjaqanotlilar vakili latimeriyaning prof. Smit tomonidan topilishi katta yangilik bo`ldi. Bu baliqlar dengizning juda chuqur joylarida yashaydi. Kapitan Xantning ma`lumotlariga ko`ra, Komor orollarida baliqchilar bunday baliqlarni ko`p ko`rganlar va boshqa baliqlar bilan birga tutganlar.
1960 yilgacha 18 ta Latimeriya - selokant tutilgan bo`lib, ularning uzunligi 109 sm gacha, og’irligi esa 19,5 kg dan 35 kg gacha borgan. Bu baliqlarning juft suzgichlari bo`lgan va ular go`shtdor pallali bo`lib, oyoq pajalariga o`xshashligi bilan xarakterlangan. Bu baliqlarning hozirgi zamongacha yashab kelishiga, ularning okean biotsenozida yashab, boshqa suv hayvonlariga konkurent bo`lmaganligi va suvning chuqur joylarida yashaganligi sabab bo`lsa kerak.
Ko`pqanotlilarning esa qazilma qoldiqlari topilmagan, shuning uchun ham bu baliqlar to`g’risida taxminiy fikrlar bor, xolos. Ularning o`pkasini bo`lishi panjaqanotlilarning qadimgi ajdodlaridan kelib chiqqanligi, xoana, ya`ni ichki burun teshiklarini yo`qligi, tangachalari gonoid bo`lganligi ularni paleonistsidlarga yaqinlashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |